
"Murabbiylar faqat gol urishing qoldi deyishardi" - Yo‘ldoshev "Spartak"ka qarshi o‘yin, klubidagi holat va nega milliy emas, balki U-23 termasiga jalb qilingani to‘g‘risida
Rossiya premer-ligasining navbatdagi turida hamyurtimiz to‘p surayotgan “Nijniy Novgorod” klubi o‘z mayida “Spartak”ni qabul qildi. Bu uchrashuv legionerimiz – Ibrohimxalil Yo‘ldoshev uchun unutilmas bo‘lib qoldi.
Boisi, jamoasi mag‘lubiyatga uchrayotgan mahalda Yo‘ldoshev “Spartak” darvozasiga gol urdi va “Nijniy Novgorod”ni mag‘lubiyatdan saqlab qolishida hissa qo‘shdi.
Shuningdek, Ibrohimxalil Rossiya chempionatidagi ilk golini ham kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu o‘yindan keyin hamyurtimiz maqtovlarga sazovor bo‘ldi. Sports.uz muxbiri esa Yo‘ldoshev bilan aloqaga chiqdi.
“Spartak”ka qarshi bellashuv to‘g‘risida
- “Spartak”ka qarshi o‘yinimiz juda yaxshi o‘tdi. Ushbu davradan boshlab ajoyib o‘yin ko‘rsatyapmiz. Mashg‘ulotlarda ham astoydil tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Murabbiyimiz ham bizni harakatlarimiz, ishga bo‘lgan munosabatimizdan qoniqish hosil qilmoqda. Albatta, gol urganimdan juda xursand bo‘ldim. Oxirgi uchrashuvlarda gol urishimni sezib turgandim va juda xohlayotgandim. Bunda birgina mening emas, butun jamoamizning hissasi bor. Jamoamga biroz bo‘lsa ham foydam tekkanidan mamnunman.
Kerjakov nima dedi?
- Har safar murabbiyimiz g‘alaba uchun o‘ynashimiz kerakligini ta’kidlab keladi. Kerjakov har uchrashuvdan avval menga gol ur, deb aytardi. Ya’ni, menga bitta gol urishing qoldi, deb ta’kidlardi. Murabbiylar shtabi har uchrashuvdan so‘ng, yaxshi o‘ynading, faqat birgina gol urishing qoldi deyishardi. “Spartak” bilan o‘tgan uchrashuvdan keyin menga nihoyat uddalading dedi.
Yo‘ldoshev o‘yindan to‘liq qoniqdimi?
- Albatta, qoniqish hosil qildim. Chunki jamoamiz yutqazayotgan paytda gol urib ketdim. To‘g‘ri, bu bilan biz yutolmadik. Ammo, baribir qoniqish hosil qildim. Nimadandir qoniqmagan narsam bo‘lmadi. Masalan, “Spartak” penaltidan gol urib ketishi ham mumkin edi. Nima bo‘lganda ham jamoamga foydam tegdi, deb o‘ylayman.
Nega milliy terma safidan joy olmagani to‘g‘risida
- Meni dastlab milliy terma jamoaga chaqirishgandi. Srechko Katanetsning tarkibida bor edim. 3-4 kun oldin Timur Kapadze bilan telefonda gaplashgandim. Katanetsdan meni, Norchaev va Erkinov uchalamizni so‘ragan ekan, faqat men bilan Norchaevga ruxsat beribdi. Xojimatni pozitsiyasida raqobatchilar kamroq bo‘lgani uchun uni tarkibda olib qolgan. Shunday qilib, biz U-23 terma jamoasi yig‘iniga boradigan bo‘ldik.
Legionerimizga qaysi jamoada to‘p surish qulay?
- Ikkala terma jamoada to‘p surish ham menga qulay deb hisoblayman. Masalan, yoshlar termasidagi barcha o‘yinchilar tanishim. Akademiyada birga to‘p surganmiz. Milliy termada esako‘proq o‘ynadim. Shu bois bosh jamoamizda o‘ynash bo‘yicha biroz bo‘lsa ham tajriba bor. Bu safar Kapadze jamoasiga kerak bo‘lganim uchun o‘sha jamoaga chaqirishdi.
Klubida o‘zini qanday his qilyapti?
- “Nijniy Novgorod” klubiga to‘liq moslashib ketdim. Boshida kelganimda ko‘nikish jarayonini o‘tkazgandim. U paytda jamoadoshlarim va murabbiy bilan aloqam hozirgidek bo‘lmagan. Endi bo‘lsa, butun jamoa bilan munosabatim juda zo‘r.
“Nijniy Novgorod”dagi do‘sti
- Klubimda meni barcha ibra deb ataydi. Ba’zida murabbiylar Yo‘ldoshev deyishadi. Jamoadoshim Albert Sharipov bilan qo‘shnimiz. U bilan doim mashinasida mashg‘ulotga birga ketamiz. Timur Sulaymoov bilan ham aloqam yaxshi. Bo‘sh vaqtlarimizda jamoadoshlarim bilan kechki ovqatga borib turamiz.
To‘g‘ri, ayrim jamoalardan qiziqishlar bildirilishi mumkin. Lekin agentlarim bilan hali bu masalada gaplashmadim va boshqa klublar haqida o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar