
Murodjon Ahmadaliev, Shahram G‘iyosov, Isroil Madrimov va yana 5 nafar bokschilarimiz jangi oldidan... (prevyu)
Hozirgi kunda professional boksda ham bir qancha hamyurtlarimiz ulkan muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Ushbu yo‘nalishda birinchi yarim engil vazn toifasida (-55,2 kg) WBA va IBF chempioni Murodjon Ahmadaliev o‘z chempionlik kamarlarini 3 aprel kuni poytaxtimizdagi muhtasham "Humo Arena"da yaponiyalik da’vogar Ryosuke Ivasadan himoya qiladi. Jang kechasi "Matchroom" va "World of Boxing" promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda. Shu bilan birgalikda, ushbu oqshomda Sanjar Tursunov, Iqboljon Xoldorov va Mirazizbek Mirzaxalilov ham ringga ko‘tariladi.
Shubhasiz, bu haqida eshitganingiz bor. Biz mazkur jang avvalida ba’zi bir ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashish niyatidamiz.
Jang tashkil qilinuvchi arena
Musobaqani qabul qiluvchi "Humo Arena" muz saroyi 2019 yil 15 mart kuni foydalanishga topshirildi. Ushbu arena nafaqat muz ustidagi sport turlari, balki boshqa shoular, musobaqalarni qabul qiluvchi universal joy desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Arena 12,500 ming muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. 3 aprel kungi shouga pandemiya sabab 6 ming muxlis uchun joy ajratilgan.
Asosiy tashkilotchi
Jangni tashkil qilayotgan "Matchroom" promouterlik kompaniyasi 1987 yilda britaniyalik Barri Xirn tomonidan asos solingan bo‘lib, hozirda uning o‘g‘li Eddi Xirn tomonidan boshqarib kelinmoqda. Ushbu kompaniya hozirda dunyodagi eng etakchi promoushen deya e’tirof etiladi. Entoni Joshua, Saul "Kanelo" Alvares, Oleksandr Usik, Gennadiy Golovkin kabi yulduz darajasidagi bokschilar "Matchroom" bilan hamkorlik qilib kelishmoqda.
Markaziy jang ishtirokchilari
Murodjon Ahmadaliev (8-0, 6 KO) 2020 yil yanvar oyida Daniel Roman ustidan 12 raundlik jangda ochkolar hisobida g‘alaba qozongan va Leon Spinksdan (1978 yil 15 fevral kuni Spinks o‘zining 8-jangida boks afsonasi Muhammad Alini mag‘lub etib, WBC va WBA jahon chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan) keyin 8 jang bilan ikki yo‘nalish chempioliginini qo‘lgan kiritgan ikkinchi bokschiga aylangan edi.
Ahmadaliev havaskor boksda ham ko‘plab yutuqlarga erishgan. U 2015 yil jahon chempionati va 2016 yilgi Rio Olimpiadasida bronza medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 2017 yil poytaxtimizda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalga ega chiqqan.
Ryosuke Ivasa (27-3, 17KO) sobiq jahon chempioni hisoblanadi. U 2017 yil o‘z hamyurti Yukinori Ogunini muddatidan oldin mag‘lub etib IBF chempioni bo‘lgan. Keyinchalik esa o‘zining himoya jangida Ti Je Doxeniga imkoniyatni boy bergan. Oxirgi jangini 2019 yil dekabrda o‘tkazgan Ivasa, Marlon Tapalesni 11-raundda nokautga uchratib, vaqtinchalik IBF chempioni va majburiy da’vogar nomiga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekistonlik "g‘aroyib bola" va ...
Kechaning asosiy bahslaridan birida super engil vazn toifasida (-63,5 kg) WBA International kamari sohibi Shahram G‘iyosov meksikalik Patrisio Lopes Morenoga qarshi ringga ko‘tariladi. Ushbu jang 10 raundlik qilib belgilangan.
Professional boksda "Wonderboy" (g‘aroyib bola) tahallusi bilan tanilayotgan G‘iyosov, instagram sahifasida 1 milliondan ortiq kuzatuvchilarga ega va O‘zbekistonda mashhurlik darajasi yuqori bo‘lgan bokschilaridan biri hisoblanadi. Havaskor boksda 2016 yil Rio Olimpiadasi kumush medaliga ega chiqqan G‘iyosov uchun 2017 yil bir muncha omadli kelib, Osiyo va jahon chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi.
U 2018 yilda hamyurtlarimiz orasida eng birinchilardan "World of Boxing" kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Qisqa muddat ichida promouterlar ishonchiga sazovor bo‘lib, o‘zining 8-jangida Emanuel Teylorni mag‘lub etgan holda, WBA International kamari egasiga aylandi. Keyingi janglarida sobiq jahon chempioni Darley Peresni 40 soniyada, Uiston Kamposni 3-raundda muddatidan oldin mag‘lub etgan. G‘iyosov hozirda WBA reytingida 7-o‘rinda bormoqda.
Patrasio Moreno anchagina tajribali bo‘lib, shu kungacha bo‘lgan faoliyati davomida 32ta jang o‘tkazgan va ularning 28tasida g‘alabaga erishgan. G‘alabali janglarining 20tasida raqiblarini muddatidan oldin mag‘lub etgan. Shuningdek, 4ta jangda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan.
Moreno 2019 yil 5 oktyabr kuni ukrainalik engilmas bokschi Denis Berinchikka ochkolar hisobida imkoniyatni boy bergach, 2020 yilda 2 ta jang o‘tkazib, Xose Migel Lopes va Daniel Armandoni taslim etgan. Ushbu bahsda tajriba va mahorat o‘zaro to‘qnash keladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Eddi Xirn e’tirofidagi "Monstr"
Yaqindagina elka jarohatidan tiklanib, yana katta ringga qaytayotgan Isroil Madrimov jiddiy raqibga qarshi jang olib boradi. 3 aprel kuni Madrimovga 10 raundlik jangda nokautchi bokschi kongolik Emmani Kalombo raqiblik qiladi.
Super yarim o‘rta vazn toifasida (-69,8 kg) janglar o‘tkazib kelayotgan Madrimov (6-0, 5KO) 2018 yil noyabrda professional debyut jangidayoq WBA Intercontinental mintaqaviy kamar uchun ringga ko‘tarilib, barchaning diqqat markazida bo‘lib ulgurgan. U o‘tgan yili ilk marotaba 12 raundlik jangda Erik Uoker bilan WBA yo‘nalishida eliminator jangida ishtirok etib, ochkolar hisobida g‘alaba qozondi. 4-raundda elkasidan jarohat olishiga qaramay, u o‘z irodasini namoyish etib, jangning oxiriga qadar ustunlikka erishdi. Shu o‘rinda hamyurtimiz "Matchroom" rahbari va asosiy tashkilotchi Eddi Xirn bilan iliq munosbatga ega ekanligi va ushbu promouter uning mahoratiga yuqori baho berishini ham aytib o‘tish joiz. Xirn Isroilni "Monstr" deb atagani ham bunga misol bo‘la oladi.
Unga raqiblik qiluvchi kongolik Emmani Kalombo o‘zi qatnashgan barcha 14 jangida jami 44 raund harakat qilgan. U barcha raqiblarini muddatidan oldin taslim etib, mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Kalombo hozirda WBO reytingida 12-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Isroil Madrimov WBA yo‘nalishida 1-o‘rinda va jahon chempionlik kamari uchun majburiy davogar bo‘lib turibdi. Bir so‘z bilan aytganda oldinda Madrimovni jiddiy sinov kutib turibdi.
Hasanboy Do‘smatovning navbatdagi yurishi
Ushbu kechada Rio Olimpiadasi qahramonlaridan biri hisoblangan, professional boksning birinchi o‘ta engil vaznida (-48,9 kg) Hasanboy Do‘smatov ham o‘zining 3-jangini o‘tkazadi. 10 raundlik bahsda Do‘smatovga Tanzaniya vakili Muhsin Kizota raqiblik qiladi.
Hasanboy havaskor bokschi sifatida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan. U -49 kg vazn toifasida Rio Olimpiadasi chempioni va “Eng yaxshi bokschi”ga topshiriladigan “Vel Barker” kubogi egasiga aylangan. Shuningdek, Do‘smatov 2 karra osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari va Jahon chempionati kumush medali sohibi hamdir. 2019 yil 16 noyabrida o‘zining professional debyut jangida meksikalik Xesus Servantes Villanuevaga qarshi ringga ko‘tarilib, 2-raundda raqibini nokautga uchratgan holda o‘z g‘alabasini nishonladi.
Bir yillik tanaffusdan so‘ng, 2020 yil dekabrida Odiljon Sotqinovga qarshi Rossiyada jang olib bordi va ushbu jangni ham muddatidan oldin g‘alaba bilan yakunladi.
Kizota professional boksda 13 ta jang o‘tkazib, 11 tasida zafar quchgan. 2 ta jangda esa imkoniyatni boy bergan. Kizota aslida 20 mart kuni Xekki Batlerga qarshi jang qilishi belgilangan edi. Ammo u o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikka etib kelmagani uchun jangdan chetlatilgan. Kizota o‘zining oxirgi jangini 2020 yil 29 fevralda Mbaraka Mchonga qarshi o‘tkazib, 3-raundda raqibini nokautga uchratgan.
Ushbu jang WBA tasnifidagi mintaqaviy kamarlardan biri uchun bo‘lishi kutilmoqda. Rejaga ko‘ra Do‘smatovni 5 jangga qadar jahon chempionlik kamari uchun chiqarish reja qilingan.
Shuningdek, ushbu kechada jang olib boruvchi boshqa bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Elnur Aduraimov, Sanjar Tursunov, Iqboljon Xoldarov va Mirazizbek Mirzahalilovning raqibi rasman e’lon qilingani yo‘q.
Reyting jang ishtirokchilari
+91kg vaznda janglar o‘tkazuvchi Bahodir Jalolov 2015 yilgi Dohada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2016 yil Rio Olimpiadasi bayroqdori bo‘lgan Jalolov musobaqaning chorak finalgacha etib bordi va britaniyalik Yozef Joysga imkoniyatni boy berdi. Keyingi yillar esa Jalolov uchun omadli kelib, ikki karra osiyo chempioni (2017 va 2019 yil) hamda Jahon chempioni (2019 yil) degan nomga sazovor bo‘ldi. 2020 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Olimpiada saralash musobaqasida chempionlikni qo‘lga kiritib, litsenziyaga ega chiqqan.
Jalolov professional boksadagi faoliyatini 2018 yilda boshlagan va hozirga qadar 7 ta jang o‘tkazib, barchasida raqiblarini muddatidan oldin mag‘lubiyatga uchratgan. Jalolov “Humo Arena”da 8 raundlik reyting jangida ringga ko‘tarilishi kutilmoqda.
Bu borada Sanjar Tursunovning natijalari ham chakki emas, -91 kg vaznda jahon chempionati (2017 yil) bronza, Osiyo chempionati kumush (2019 yil) medali uning hisobida mavjud. Qolaversa, Tursunov ham Olimpiada saralash musobaqasi bronza medaliga ega chiqib, yo‘llanmaga ham sazovor bo‘ldi. U professional boksning birinchi og‘ir vazn toifasida (-90,8 kg) 2 ta jang o‘tkazib, Migel Kubos va Yuriy Byxovtsev ustidan zafar quchgan. Navbatdagi janggi esa reyting maqomida 6 raundlik qilib belgilangan.
Debyutantlar
Iqboljon Xoldorov va Mirazizbek Mirzaxalilov uchun ushbu jang oqshomi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki ushbu ikki bokschilarimiz professional boksda debyut janglarini o‘tkazadi. Iqboljon havaskor boksdagi faoliyati davomida -64 kg vaznda Osiyo chempioni (2017 yil), Osiyo o‘yinlari g‘olibi (2018 yil) va jahon chempionati kumush medalchisi (2017 yil) sanaladi. U 4 raundlik professional debyut jangini esa super yarim o‘rta vazn (-69,8 kg) toifasida o‘tkazadi. Keyinchalik asosiy janglar uchun yarim o‘rta vazn (-66,6 kg) toifasiga tushishi haqida ma’lumot berib o‘tgan.
Mirazizbek Mirzaxalilov bu borada ancha katta yutuqlarga erisha olgan. Mirzaxalilov -57 kg vaznda Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari chempioni, jahon chempioni, Olimpiada saralash turniri chempionidir. U shu vaqtga qadar o‘zi qatnashib kelgan barcha yirik musobaqalar chempionligini qo‘lga kiritgan. Uning kollektsiyasiga Olimpiada medali etishmayapti holos. Tokio Olimpiadasiga qadar, professional boksda o‘z vatanida debyut qilish taklifi berilgan Mirzaxalilov buni mamnuniyat bilan qabul qildi. Mirzaxalilov ham Xoldorov kabi 4 raundlik jang o‘tkazishi belgilangan. Jang birinchi yarim engil vaznda (-55,4 kg) bo‘lib o‘tadi.
Shu o‘rinda, barcha hamyurtlarimizga muhim janglarda g‘alaba qozonib, muvaffaqiyatli odimini davom eetirishlariga tilakdoshmiz!
Jalol Ahmedov tayyorladi.
Sanjar Tursunov Toshkentda Ukraina vakiliga qarshi jang qiladi
Mirazizbek Mirzahalilovning ham debyut jangidagi raqibi ma’lum
Iqboljon Xoldorov 3 aperl kuni Afrika vakiliga qarshi ringga ko‘tariladi
Bahodir Jalolovning Toshkentda kim bilan jang qilishi ma’lum bo‘ldi
Fikrlar