Murodjon Ahmadaliev, Lazizbek Mullajonov va Abdumalik Xalakov navbatdagi janglarini Toshkentda o‘tkazadi!
2026 yil 29 may kuni poytaxtimizdagi "Humo arena" majmuasida Olimpiya chempionlari va jahon professional ringi yulduzlari ishtirokida katta professional boks kechasi tashkil etiladi.
Mazkur nufuzli sport tadbiri WBC Eurasia, Oʻzbekiston professional boks federatsiyasi hamda Lift Promotion hamkorligida oʻtkazilib, bir qator muhim va printsipial janglarni oʻz ichiga oladi. Bellashuvlar davomida xalqaro reyting ochkolari uchun kurashlar bilan birga ayrim vazn toifalarida WBC Eurasia chempionlik kamarlarining sohiblari ham aniqlanadi.
Kechaning markaziy janglaridan biri ikki karra Olimpiya chempioni kubalik Robeysi Ramirez hamda mahoratli bokschi Asror Vohidov oʻrtasida boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Shuningdek, jahon professional ringida yuqori natijalar qayd etib kelayotgan Murodjon Ahmadaliev ham ushbu oqshom doirasida navbatdagi jangini oʻtkazadi.
Ogʻir vazn toifasida Olimpiya chempioni Lazizbek Mullajonov WBC Eurasia chempionlik kamari uchun ringa koʻtariladi. Yana bir Olimpiya chempioni Abdumalik Xalakov ishtirokidagi bellashuv ham kechaning eng kutilgan janglaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Shu bilan birga, yarim ogʻir vaznda magʻlubiyat nimaligini bilmagan Ali Izmailov ham WBC Eurasia kamari uchun kurash olib boradi.
Boks kechasi dasturidan yana bir qator reyting janglari ham oʻrin olgan boʻlib, ular professional ringdagi yangi nomlar va kuchli raqobat muhitini namoyon etishi kutilmoqda.
Asosiy kard:
Murodjon Ahmadaliev – Hegli Moskida
Asror Vohidov – Robeysi Ramirez
Lazizbek Mullajonov – Luis Garsiya
Abdumalik Xalakov – Ramadhan Iddi
Ali Izmailov – Frenk Shagembe
Shohjahon Abdullaev – Denis Okoz
Anderkard:
Nusislom Ismoilov – Dulla Mbabe
Shohabbos Mahmudov – Asadbek Bekmirzaev
* Aʼloxon Abdullaev, Nusratbek Toxirov, Abdulloh Madaminovning raqiblari tez orada eʼlon qilinadi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, WBC Eurasia tashkiloti 2025 yil dekabr oyida MDH va Qora dengiz mintaqasi boks byurosi negizida qayta tashkil etilgan boʻlib, unga taniqli sport funksioneri, oʻzbekistonlik Gafur Rahimov rahbarlik qilib kelmoqda.
29 may kuni Toshkentda oʻtkaziladigan mazkur professional boks oqshomi nafaqat mamlakatimiz sport muxlislari, balki xalqaro boks jamoatchiligi diqqat markazida boʻlishi kutilmoqda. Janglarni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish maqsadida WBC tomonidan taniqli sport arbobi Pėt Fiakko nazoratchi sifatida tayinlangan.
Fikrlar