Musobaqaga kichik jarohat bilan borgani, ketma-ket oltin medal va eng qiyin jangi haqida Feruza Sadikova bilan intervyu

  • 9 mart, 2022, 19:26
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Olimpizm
CHERY AUTO

SPORTS.uz eksklyuziv intervyularni davom ettiradi. Bizning navbatdagi suhbatdoshimiz bir necha kun oldin taekvondo bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati g‘olibasiga aylangan iste’dodli sportchi Feruza Sadikova. 

Avvalambor oltin medal bilan tabriklayman. Chempionlik hissiyotlari bilan bo‘lishsangiz...

To‘g‘risi, ularni so‘z bilan ifodalab bera olmayman. Chunki emotsiyalar juda a’lo darajada. Chempionlikka erishish oson kechmadi, hech qachon bunday bo‘lmaydi. Bir-biridan qiyin janglar o‘tkazdim. Murabbiylar bergan ko‘rsatmalar yakunda qo‘l keldi va birinchi o‘rinni egalladim. O‘zbekistonda turib meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman.

Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, turnir oldidan biroz betobligingiz tufayli mashg‘ulotlarni to‘liq o‘tkaza olmadingiz. Bu muammo tug‘dirmadimi?

To‘g‘ri, fevral so‘ngida bir necha kun jamoa bilan birga shug‘ullana olmadim. Ammo o‘sha paytda ham tinch o‘tirganim yo‘q. Hayolan bo‘lajak janglarga tayyorgarlik ko‘rdim. Hayriyat, jarohatim u qadar jiddiy bo‘lib chiqmadi va menga pand bermadi. Bu sport, unda ko‘ngilsiz holatlar bo‘lib turadi. Hammasi yaxshilikka deb o‘yladim hamda harakatdan bir zumga ham to‘xtamadim.

OSIPOVA SADIKOVA KAYUMOVA

Turnir davomida o‘tkazgan eng qiyin jangingiz qaysi bo‘ldi? Shu haqida batafsilroq to‘xtalib o‘tsangiz

Albatta final. Boisi, bu bosqichga qadar kuchlilar saralanib boradi. Yana bir jihati, finalda sportchining yo‘qotadigan boshqa narsasi qolmaydi, kuch tejashning ham keragi bo‘lmaydi. Shuning uchun, ikkalamiz ham dayanda borimizni tashladik.

2022 yilda ikkinchi bor xalqaro musobaqa oltin medalini qo‘lga kiritdingiz. Bu darajani ushlab turish oson bo‘lmaydi, albatta. Endi yanayam ko‘proq vaqtingizni mashg‘ulotga sarflashga tayyormisiz?

Yilni yaxshi kayfiyatda boshlaganimiz qo‘l kelyapti chog‘i, ketma-ket ikkinchi turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etyapmiz. Bu nafaqat men, balki butun jamoaga taalluqli. Chunki "Fujairah Open" va "Turkish Open" turnirlarida ham medallar shodasi bilan ortga qaytgan edik. Bevosita savolga to‘xtaladigan bo‘lsam, to‘g‘ri, endi ko‘proq mashg‘ulot o‘tashim, yaxshiroq harakat qilishim, kuchliroq bo‘lishim shart. Negaki, raqiblarimiz bizni o‘rganishni boshlaydi. Maqsadim Parij Olimpiadasi yo‘llanmasi bo‘lganidan keyin shunga yarasha ter to‘kishim shart!

photo_2022-03-09_18-41-11

SPORTS.uz YouTube kanaga bergan video intervyuingizda biroz erinchoqligim pand berib qo‘yadi degan edingiz. Xo‘sh, bu salbiy odatdan qanday qutuldingiz?

Murabbiylarim bergan ko‘rsatmalarga amal qilganim, kamchiliklarim ustida ishlaganim yordam berdi. Shu narsaga amin bo‘ldimki, astoydil harakat qilsam, barchasini uddalay olar ekanman. Xudoga shukur, imkoniyatimiz bor. Endi ulardan foydalanishgina qolmoqda, xolos.

Endigi rejalar qanday? Erondagi qolgan ikkita xalqaro turnirda ham ishtirok etasizmi?

Afsuski, "Fajr Open"ni o‘tkazib yuborishimga to‘g‘ri keldi. Boisi, tiklanish jarayoni biroz ko‘proq vaqt talab etdi. Hozir oldingi musobaqadagi kichik jarohatlarni tuzatish va eng muhimi, vazn saqlash bilan shug‘ullanyapman. Chunki Erondagi uchinchi musobaqa - Osiyo taekvondo federatsiyasi Prezidenti kubogida qatnashaman. Bugun vazn o‘lchash marosimidan muvaffaqiyatli o‘tib olsam, Xudo xohlasa, bu turnirda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga va’da beraman!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!