"Muxlislarimiz bizga bundesliga atmosferasini ko‘rsatib berishdi" yoxud "Andijon" futbolchisi Superligada debyutini o‘tkazdi

  • 31.07.2023 07:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Superliganing ikkinchi davrasiga ham start berildi va “Andijon” 14-turda “Nasaf”ga qarshi jangovar o‘yinni o‘tkazdi. Mazkur qarama-qarshilikda “Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov iqtidorli futbolchiga Superligada debyut o‘yinini o‘tkazish imkoniyatini taqdim etdi.

Gap Saidumar Sodiqov haqida ketmoqda. U “Nasaf”ga qarshi o‘yinning 84-daqiqasida Sardor Abdunabievning o‘rniga zaxiradan maydonga tushirildi. Shu tariqa, futbolchi ilk bor Superliga bahsida ishtirok etdi.

Umuman olganda, shu kuni mezbonlar safida 9 nafar mahalliy o‘yinchilarning to‘p surganini alohida ta’kidlash joiz.

O‘tgan yildan beri “Andijon” sharafini himoya qilayotan Saidumar Sodiqov U-21 jamoamiz safida to‘p surib kelayotganini bilsangiz kerak. Asta-sekin iqtidorli futbolchi asosiy jamoaga jalb etilmoqda.

Saidumar “Andijon” matbuot xizmatiga debyuti haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.  

- Superligada debyutingiz “Nasaf” bilan o‘yinga to‘g‘ri keldi. O‘sha kuni maydonga tushishingizni kutganmidingiz?

- Superligadagi debyutimga kelsak to‘g‘risi kutgandim desam ham bo‘ladi. Lekin o‘yin vaqtida maydonga tushishim yoki tushmasligim borasida biroz ikkilangandim. Xudoga shukrki, Superligada debyut o‘yinimni o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldim.

- Bunday yuqori atmosferada hayajonlandingizmi yoki...

- Ha, albatta, biroz hayajonlandim. Bu tabiiy hol deb o‘ylayman. Chunki stadionda qanday muhit bo‘lganiga o‘zlaring ham guvohi bo‘ldinglar. Bizning muxlislar xuddi bundesliga atmosferasini bizga ko‘rsatib berishdi.

- Umuman, debyutingizni qanday baholaysiz va maqsadingiz qanday?

- Debyutim omadli, bo‘ldi deb hisoblayman. Maqsadim “Andijon” jamoasini sovrinli o‘rinlarga olib chiqish. Albatta, o‘z ustimda ishlashni davom ettiraman.

“Andijon” matbuot xizmati.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!