Kolumbiya murabbiyi: "O'zbekistonni kamsitish katta xato bo'ladi"
Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi Nestor Lorenso Oʻzbekistonga qarshi oʻyin oldidan raqibni kamsitmaslik kerakligini taʼkidladi.
Janubiy amerikaliklar 2022 yildgi Jahon chempionatini oʻtkazib yuborganidan keyin yana mundialga qaytdi va boʻlajak bahsda favorit sifatida koʻrilmoqda. Biroq Lorenso debutant Oʻzbekistoni oson raqib deb hisoblamaslikka chaqirdi.
"Jahon chempionatining ilk kunlari barchaga bir narsani koʻrsatdi — bu yerda kichik jamoalar yoʻq va hech kimni kamsitish mumkin emas.
Oʻzbekiston kuchli raqiblarga qarshi yaxshi natijalar qayd etgan. Ularda ajoyib murabbiy bor, tarkibda esa yuqori saviyadagi toʻrt-besh nafar futbolchi mavjud. Eng muhimi, ular qanday oʻynashni yaxshi biladigan va tartibli harakat qiladigan jamoa", — dedi Lorenso.
Kolumbiya hujumchisi Luis Suarez ham murabbiyining fikrlarini qoʻllab-quvvatladi.
"Birinchi tur uchrashuvlari shuni koʻrsatmoqdaki, bu musobaqada favorit degan tushuncha shartli. Biz Jahon chempionatidamiz va har qanday raqibga qarshi munosib kurash olib borish masʼuliyatini his qilamiz", — dedi futbolchi.
Qanot hujumchisi Karlos Gomes esa Oʻzbekistonning qarshi hujumlardagi tezligiga alohida eʼtibor qaratdi.
"Ular juda yaxshi oʻynaydi. Juda tezkor jamoa. Hujumdan himoyaga va himoyadan hujumga tez oʻtadi. Shuning uchun bu jihatda juda ehtiyotkor boʻlishimiz kerak", — dedi Gomes.

Fikrlar