
Muzaffar Rahmatov: Fyodor Emelyanenko va Habib Nurmagomedovni olib kelishga harakat qilamiz
Yurtimizda rasman MMA assotsiatsiyasi tashkil etilganidan buyon ushbu yo‘nalishdagi turnirlar ham muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Asosan, professional yo‘nalishdagi jang kechalari tashkil qilish an’anaga aylanib ulgurdi. Asta-sekin promoushenlar ham paydo bo‘lmoqda.
Shuningdek, MMA bo‘yicha yurtimizda ilk “Rahmat” klubi tomonidan “So‘ngi qahramon” deya nomlangan Gran-Pri ham start oldi. Mukofot jamg‘armasi 300 millionni tashkil qilgan mazkur musobaqaning dastlabki turi o‘tkazildi. Albatta, ish bor joyda kamchiliklar ham bo‘ladi. Umumiy olib qaraganda dastlabki tur yomon taassurot qoldirmadi. Navbatdagi bosqichda yanada yaxshi tashkilotchilik yo‘lga qo‘yilsa, ajab emas.
Shubhasiz, bunday katta masshtabdagi turnirni tashkil qilish oson emas, bu juda katta mehnatni talab qiladi. Mana shunday ulkan mas’uliyatni bo‘yniga olgan “”Rahmat” klubi asoschisi va rahbari Muzaffar Rahmatov bilan ushbu Gran-Pri va klubning keyingi rejalari haqida suhbat qurdik.
- Muzaffar aka avvalo, Gran-Prini dastlabki turini o‘tkazib olganinglar bilan tabriklaymiz.
- Rahmat. E’tiboringlardan xursand bo‘ldim.
- Avvalo, ushbu turnirni tashkil qilishdan asosiy maqsadingiz nima ekanligi bilan o‘rtoqlashsangiz?
- Albatta, yurtimizga iste’dodli MMA yo‘nalishidagi sportchilarini etkazib berishni niyat qilganmiz. Bu borada O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda, ularning ko‘rsatmalari asosida ish yuritamiz va o‘ylaymanki, bizning turnirlarda toblangan va klubimizda tarbiya topgan sportchilar yurtimiz sharafini xalqaro arenalarda ham muvaffaqiyatli himoya qiladi.
- Yutuq 300 millionni tashkil qilmoqda. U qanday taqsimlanadi?
- 7 ta vazn toifasida janglarni o‘tkazayapmiz va bu Gran-Pri yil davomida o‘tkaziladi. Yutuq yakunda vazn toifasida birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar o‘rtasida taqsimlanadi.
- Albatta, muxlislar sizning shaxsingizga ham qiziqish bildirishi turgan gap...?
- Nima demoqchi bo‘lganingizni tushundim. Men Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tavallud topganman. O‘zim ham sportchi bo‘lganman. Rossiyada va boshqa joylarda o‘z janglarimni o‘tkazganman. Shuning uchun sportchining hayoti qanday ekanligini yaxshi bilaman va imkon qadar ularni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqdaman.
- To‘g‘rikuya, lekin klub va bu miqdordagi yutuqli turnir tashkil qilishni o‘zi bo‘lmaydi?
- Nimaga sha’ma qilganingizni angladim. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman va ma’lum bir mablag‘imizni ushbu sportchilarmiizni qo‘llab-quvvatlash uchun sarf qilmoqdamiz. Qolaversa, xomiy tashkilotlar bilan ham hamkorlik qilamiz.
- Gran-Prini dastlabki turi yomon o‘tmadi. Biroq, biroz ko‘ngilni xira qiladigan voqea ham ro‘y berdi. Ya’ni, o‘sha biroz kelishmovchilikni nazarda tutayapman?
- To‘g‘ri, o‘sha jangchimiz ozgina yoshlik qildi. Uni to‘la ayblashni ham istamayman. Bunday qizishib ketish holatlari uchrab turadi. O‘z vaqtida o‘zimiz ham qiziqqonlik qilgan vaziyatlar ham bo‘lgan.
- Yana ushbu ishtirokchiga imkon berasizlarmi?
- Men uning murabbiylarini, murabbiylarini otasini ham yaxshi taniyman. Juda samimiy insonlar. Kuchli mutaxassislar deb bilaman. Imkon beramiz. Qachonki, o‘zini aybini tushunib, bu yaxshi emasligini anglagan bo‘lsa...
- Keling siz asos solgan klub haqida so‘z yuritsak, nega aynan nomini “Rahmat” deb qo‘ygansiz?
- Bobomni nomiga qo‘yganman. Men bobomni qo‘lida o‘sganman va hayotdagi barcha yutuqlarim ushbu insonni pand-nasihatlari orqali deb bilaman. Maning hayotda o‘z o‘rnimni topishimga bobom sababchi bo‘lganlar.
- Bu klubga qabul qilish qanday amalga oshadi?
- Bizning klubimiz barchaga ochiq. O‘zbekistonning turli burchaklaridan bolalar klubimizda mashg‘ulotlar olib bormoqda.
- Kelib ko‘rdikki, ba’zilarini yotoq va oylik maosh bilan ham ta’minlagan ekansiz?
- Imkon qadar, barcha qulayliklarni yaratib berishga harakat qilayapmiz.
- Klubingiz vakillari qattiq nazorat ostida ham bo‘lsa kerak?
- Shubhasiz! Ularni ko‘chada bezorilik qilishi va har-xil ishlarga aralashishi qa’tiyan man qilingan. Mabodo ozgina bo‘lsa ham noo‘rin ishlar bilan shug‘ullansa, xech qanday ogohlantirishsiz klubdan haydaladi.
- Klub bor, mablag‘ va etarli darajada kadrlar ham mavjud. Balki, promoushen ham tashkil qilish kerakdir?
- Bunday niyatimiz ham bor. O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi bilan bu borada maslahatlashamiz. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, bu Gran-Pri orqali yurtimizdagi eng kuchlilarni tanlab olamiz va promoushen tashkil qilishimizga ham bu o‘ziga xos turtki bo‘ladi,deb o‘ylayman.
- Eng kuchlilarni saralab olamiz deyapsiz, balki yurtimizning ko‘zga ko‘ringan MMA vakillarini ham ushbu turnirga jalb qilish kerakdir. Misol uchun, Amin Ergashev, Nursulton Ro‘ziboev, Azamat Nuftillaev, Shohasan Mirzamatov, Azamat Bahodurzoda, Aleksandr Stolyarov, Avliyohon Hamidov kabi jangchilar yanada ushbu Gran-Priga bo‘lgan qiziqishni ortirgan bo‘lardi. Bu Gran-Pri, ma’lum bir promoushen turniri emas, shunday ekan ularni ham taklif qilishni imkoni bo‘lsa kreak. Buning uchun esa yutuq fondini yanada oshirish kerak nazarimda...?
- Bilasizmi, men Muzaffar Radjabov, Murod Xonto‘raev, Amin Ergashev, Nursulton Ro‘ziboev va barcha sanab o‘tilgan yigitlarni g‘olib sifatida ko‘raman. Ularda ulkan tajriba bor va salohiyati juda yuqori. Agar, ular ushbu Gran-Prida qatnashish istagini bildirsa, yutuq fondini yanada oshirgan bo‘lar edik. Chunki, shunga yarasha xomiy tashkilotlar ham hamkorlik qilishni istamoqda.
- Xorijiy promoushen va klublar bilan ham aloqa yo‘lga qo‘yilmoqdami?
- Albatta, Janubiy Koreya klubi bilan hamkorlikni boshlash arafasidamiz. Irlandiyadan ham taklif bor. Hozir to‘liq nomlari yodimda yo‘q. Yana Buyuk Britaniya bilan ham ishlaymiz. Bu borada klubimiz murabbiyi va ijrochi direktori Nurali Bakirdinov ish olib bormoqda.
- Gran-Prining final janglariga o‘ziga xos mashhurlar ham taklif qilinsa kerak?
- Albatta. Birinchi navbatda MMA afsonasi “So‘ngi imperator” nomi bilan mashhur Fyodor Emelyanenkoni olib kelamiz, degan niyatdamiz. Shuningdek, Habib Nurmagomedovni taklif qilishni ham rejalashtirib turibmiz. Bilasizlar u O‘zbekistonni yaxshi ko‘radi. Qolaversa, mashhur xorijiy estrada guruhlarini ham muxlislar madaniy hordiq olishi uchun taklif qilamiz.
- Muzaffar aka mazmunli suhbat uchun tashakkur va o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadlaringizga erishishingizga tilakdoshmiz!
- Katta rahmat!
Fikrlar