Namangan viloyati IIB "Navbahor" - "Paxtakor" uchrashuvidagi tartibsizliklar yuzasidan rasmiy bayonot berdi

  • 8 aprel, 2021, 12:47
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha Superliganing 5-turidan o‘rin olgan "Navbahor" - "Paxtakor" (1:2) uchrashuvidan so‘ng sodir bo‘lgan tartibsizliklar yuzasidan Namangan viloyati IIB o‘z rasmiy sayti orqali bayonot berdi.

Tecno

"2021 yil 7 aprel kuni Namangan shahar “Navbahor” o‘yingohida “Navbahor” va “Paxtakor“ futbol jamoalari o‘rtasida 5-davra uchrashuvi o‘tkazildi.

Uchrashuv soat 18:30da boshlanib, soat 20:25 da (qo‘shib berilgan vaqt hisobiga) tugadi. O‘yingohga jami 15 800dan ortiq muxlislar tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida, o‘yinning so‘nggi 89-daqiqasida “VAR” tizimi orqali “Navbahor” futbol jamoasi darvozasiga 11 metrlik penalti belgilanib, “1:2” hisobida “Paxtakor” futbol jamoasi g‘alabasi bilan yakunlanganligi “Markaziy” o‘yingohga to‘plangan futbol ishqibozlarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

O‘yin yakunlangach, e’tiroz bildirayotgan tomoshabinlarga tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, tarqatish choralari ko‘rildi. Hakam, mehmon o‘yinchilar va “Paxtakor” fan klubining 35 nafar a’zolari nazorat ostida Namangan shahridan kuzatib qo‘yildi.

Mazkur uchrashuv davomida jamoat tartibi to‘liq saqlanib, fuqarolar orasida hech qanday talofat yoki tan jarohat olish holatlariga yo‘l qo‘yilmadi.

Tomoshabinlar orasida faol e’tiroz bildirib, boshqalarga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan 2 nafar futbol ishqibozi ajratib olindi va Davlatobod tuman IIBga olib kelinib, shaxsiga aniqlik kiritildi hamda tushuntirish ishlari olib borildi.

Xizmat mobaynida jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan huquqni muhofaza qiluvchi barcha idoralar shaxsiy tarkibi orasida hech qanday tan jarohat olish holatlariga yo‘l qo‘yilmadi", - deyiladi rasmiy bayonotda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!