
"Nasaf"dan boshqa hech bir klub bilan gaplashishni xohlamagandim, Ro‘ziqul Berdiev men uchun oxirigacha kurashgandi - Ognen Krasich Qarshidagi faoliyatini esladi
“Nasaf”da shu paytgacha ko‘plab legionerlar o‘ynab ketgan. Ular orasida eslashga arziydiganlari ham bor, albatta. Bulardan biri serbiyalik Ognen Krasich edi. U 3-4 yil avval “Nasaf” sharafini himoya qilgandi. Qarshilik muxlislar esa uni haligacha shirin xotiralar bilan eslab turishadi.
Ognen jamoaning pleymeykeri edi va ayniqsa gollarga assistentlik vazifasini qoyilmaqom tarzda bajarishi bilan ko‘proq yodimizda qolgandi. Qarshidan ketgach, u Serbiya va Armaniston chempionatlarida o‘ynaganini aytish mumkin. Kuni kecha Ognen Krasich bilan aloqa o‘rnatdik va u O‘zbekistondagi faoliyatini eslab, bir qator masalalar bo‘yicha gapirdi.
- Ognen, sizning “Nasaf”dagi o‘yinlaringizni yaxshi eslaymiz. Bu klubdan sizda qanday xotiralar qolgan?
- O‘zbekistonda yashagan hamda “Nasaf” jamoasida to‘p surgan davrlarimni faqat yaxshi xotiralar bilan esga olaman. Bilasizmi, “Nasaf”da hammasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan va u erda tashkiliy ishlar ham yuqori darajada edi. Jamoadagi barcha faqat o‘z ishi bilan shug‘ullanardi. Oqibatda bu doim natija keltirardi.
- Gapning ochig‘i, sizni “Nasaf” klubida uzoqroq qolishingizni kutgandik. Biroq kutilmaganda ketishingizga nima majbur qilgandi?
- Ehtimol siz ham bilmassiz, bu haqida hech qaerda yozilmagandi. O‘zim ham klubdan yangi shartnoma kutayotgandim va bundan umid qilayotgandim. Uyimga, Serbiyaga dam olishga uchib ketganimdan keyin deyarli hammamiz klub bilan kelishuvga erishgandik. Ammo keyinchalik u erda nimadir o‘zgarib ketdi. Aynan nimada muammo bo‘lganini sizga 100 foiz ishonch bilan ayta olmayman.
- O‘zbek futboli va “Nasaf”ni kuzatish siz uchun qiziqarlimi yoki...
- Jamoaning bir-ikkita o‘yinini ko‘rishim mumkin, ammo men u qadar fanat emasman. Albatta, natijalarni kuzatib boraman. Tabiiyki, “Nasaf”ning g‘alabalar qozonayotganidan doimo xursand bo‘laman.
- U erdagi faoliyatingiz davomida eslashga arzigulik nimani ayta olasiz?
- Bu erga ilk bor kelgan paytimda bu men ko‘p narsani bilmaydigan yangi mamlakat edi. Lekin hozirgacha O‘zbekistonda odamlar oliyjanob va samimiy ekanligini yaxshi eslayman. Meni xuddi eski qadrdonlaridek juda iliq kutib olishganini haligacha shirin xotiralar bilan eslab turaman. Jamoadagi bunday odamlarni shaharda boshqa uchratmadim. Menga qachon yordam kerak bo‘lsa, ular doim yonimda bo‘lishgan. Aytishim kerakki, bunday iliq munosabat hamisha yurakka yaqin bo‘lib qoladi.
- Faoliyatingizni tugatdingizmi? Hozir nima ish bilan bandsiz?
- Hozircha faoliyatimni yakunlamadim. Jamoam bor, ammo to‘g‘ri asosiy ligada emas. Mening oilam va ikki nafar farzandim bor. Ularsiz biror joyga ketishni xohlamayman.
- Chempionatimizda serbiyalik legionerlar anchagina. Ulardan kimlar bilan yaqin munosabatdasiz?
- Sizlarda o‘ynayotgan Darko Stanoevich bilan Dragan Cheranni yaxshi bilaman. Albatta, ushbu legionerlarning muvaffaqiyatlarini kuzatib boryapman. Albatta, Cheran har tomonlama o‘zini ko‘rsatyapti. U O‘zbekiston futboli afsonasiga aylanyapti. Dragan bunga 100 foiz munosib.
- “Nasaf”dan ketganingizdan beri sizga yurtimizdan yana takliflar bo‘ldimi?
- Agar adashmasam, menga qandaydir agentlar qo‘ng‘iroq qilishdi va O‘zbekistonga borishni taklif qilishdi, bu bir-ikki yil oldin bo‘lgandi. Hatto, qaysi klubga taklif qilishganini ham eslay olmayman. To‘g‘risi, “Nasaf”dan tashqari boshqa hech bir klub bilan gaplashishni xohlamagandim.
- Sobiq jamoangizda kimlar bilan aloqada bo‘lib turasiz?
- Hozirda “Nasaf”da hech kim bilan gaplashmayapman. Oradan ancha vaqt o‘tdi va tabiiyki, ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi.
- Bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdievga qanday ta’rif berasiz?
- Berdiev bilan munosabatlarimiz juda yaxshi bo‘lgan. U jamoani shakllantirdi. Aynan bosh murabbiyning ko‘rsatmalari va taktikalari natija keltirdi. Men aynan klubda bo‘lgan davrimni nazarda tutib aytyapman. Hatto “Nasaf”da qolmasligim ma’lum bo‘lgan paytda ham u doim men bilan aloqada bo‘lgan va men uchun kurashgan.
Fikrlar