
"Navbahor" bu yil chempionlik uchun kurashishi qiyin", "4 oylik farzandim bilan futbol o‘ynardim" va yangi mavsum haqida Zarina Xodjaeva bilan intervyu
SPORTS.uz eksklyuziv intervyularni davom ettiradi. Bizning navbatdagi suhbatdoshimiz "Navbahor-W" klubi vakilasi Zarina Xodjaeva. Futbolchimiz futbolga kirib kelishi, jamoasining yangi mavsumga tayyorgarligi va boshqa mavzulardagi savollarga javob berdi.
Assalomu alaykum, Zarina. Yangi futbol mavsumi boshlanishga yaqin. "Navbahor-W" klubi unga qanday tayyorgarlik olib bormoqda.
— Biz mashg‘ulotlarni 5 fevral kuni Uychi tumanidagi bazada boshladik. Bu yil jamoamizning asosiy tarkibini yoshlar bilan to‘ldirdik.
O‘tgan yili mashg‘ulotlar o‘tkazilmagani haqida gap-so‘zlar tarqagan edi. Shu rostmi?
— Yo‘q. Aksincha, o‘tgan yili mashg‘ulotlar juda zo‘r bo‘lgandi. Hamma futbolchilar bir-birimizni tushunib, bitta oila bo‘lib o‘ynardik. Afsuski, bu safar jamoamiz yoshlarga e’tibor qaratgani uchun o‘tgan yilgiga qaraganda biroz qiyinroq bo‘ladi. Klub tarkibida eski qizlardan 6 ta qolgan. Bu yildan boshlab o‘zimizni namanganlik qizlarni maydonda sinab ko‘ramiz.
Demak, jamoada yoshartirish ishlari olib borilmoqda. Shundaymi?
— Ha, shunaqa bo‘ldi, afsuski. To‘g‘risi, hamma qizlarni ushlab qololmadik. Sarvinoz Kamiljanova va Muqaddam Abdullaeva kabi yaxshi futbolchilar boshqa klublardan taklif kelgani tufayli jamoani tark etdi.
Futboldagi faoliyatingiz va qanday qilib "Navbahor"ga kelganingizni aytib bersangiz.
— Yoshligimdan futbolni yaxshi ko‘rganman va maktabda bolalar bilan to‘p tepib yurardim. 11 yoshlarda edim, ko‘chada futbol o‘ynab yurganimda futbolchi qizlar o‘tib ketayotgan bo‘lgan. Murabbiy Edita Mirabidova ko‘rib qolgan va qiziqib, jamoaga chaqirgan. U payti klubning nomi "Gulbahor" edi. Uydagilarim bilan gaplashdim, onam avval qarshilik qildi, lekin qiziqishimni ko‘rib ruxsat berdi. 2000 yildan boshlab futbol bilan professional tarzda shug‘ullana boshladim.
Qachondan uchrashuvlarda maydonga tusha boshladingiz?
— 2000 yildan boshlab jamoa bilan mashg‘ulotga kirishgan bo‘lsam, 5 yoki 6 oy o‘tar-o‘tmas o‘yinda maydonga tusha boshladim. Shu yili bronza medalini qo‘lga kiritdik. 2001 yil mini-futboldan kumush medaliga loyiq deb topildik. Bir-ikki yil yaxshi natijalar ko‘rsatdik, lekin "Gulbahor" tarqatib yuborildi.
Keyingi faoliyatingiz nima bo‘ldi?
— Keyingi faoliyatimni "Andijanka" bilan bog‘ladim. Undan so‘ng "Buxoro", "Semurg‘" va "Navoiy" klublarida to‘p tepdim.
Bilishimizcha, turmush qurgansiz?
— Ha, turmush qurdim, hozir bitta o‘g‘lim bor. Turmushga chiqanim sababli, "Navbahor-W" klubiga qaytib keldim va bugun ham shu jamoada futbol o‘ynayapman. 2019 yilda farzandli bo‘lganim uchun 1 yil maydonga tushmadim. To‘g‘rirog‘i, 4 oydan keyin mashg‘ulotlarga kirishganman va 2020 yilda klub bilan yana shartnoma imzolaganman.
To‘g‘risi, "shok" holatidaman. Shunchalik tez futbolga qaytdingizmi?
— Ha, futbol hayotimning mazmuniga aylanib ulgurgan va shu sababli sabr qila olmadim. Aslida, 3 oyda yugurishni boshlagan edim, 5-oyga borib o‘ynab ketdim. Oson bo‘lmadi, lekin harakat qildim, o‘z ustimda ishladim. Avval murabbiyimiz tarkibga qo‘shmadi, mashg‘ulotlarda o‘zimni ko‘rsatdim. Keyin murabbiy o‘ynab keta olishimga ishondi va asosiy tarkibda maydonga tushira boshladi. Zaxirada o‘tirish juda qiyin bo‘lar edi, chunki oldin hech ham bunday holat bo‘lmagan.
Odatda, qizlar turmushdan so‘ng futbolni tark etadi. Kimgadir turmush o‘rtog‘i ruxsat bermaydi, kimningdir oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmaydi. Lekin siz farzandingiz bilan ham futbol o‘ynayapsiz...
— Albatta, bu juda qiyin. Chunki uy ishlari, farzandim bilan vaqt o‘tkazishim kerak. Lekin tushunadigan oila bo‘lsa, hamma taraflama yordam beradi. Men uchun futbol butun hayotimga aylanib qolgan. Shuning uchun turmush o‘rtog‘im tushunib, menga yordam berishga harakat qiladilar. Bizni klubimizda Marhabo Jo‘raeva, Matluba Munavvarova va men oila qurganmiz. Hozir uchalamizni ham bittadan shirin farzandimiz bor.
Turmush o‘rtog‘ingiz ham futbolchimi yoki qaysi kasb egasi?
— Turmush o‘rtog‘imning sportga umuman aloqasi yo‘q. Lekin o‘yinlarimga kelib, qo‘llab-quvvatlab turadilar. Nima ish qilishlari esa sir bo‘la qolsin.
Bugun Zarina futbolga va farzandiga qanday qilib vaqt ajratmoqda? Buning siri bilan bo‘lishsangiz?
— Oila qurganimga 9 yil bo‘ldi. Farzandim tug‘ilmasidan oldin barcha ishlarga ulgurar edim. Lekin hozir sal qiyinroq bo‘lyapti. Mashg‘ulot vaqtida opam o‘g‘limga qarab turadilar.
Futbolchilik faoliyatingizni yakunlaganingizdan so‘ng, futbolga oid sohada ishlash niyatingiz bormi?
— Albatta, shunday niyatim bor. Ya’ni murabbiy sifatida faoliyat olib bormoqchiman. Lekin bu haqida o‘ylashga biroz erta, biroz vaqt futbol o‘ynash niyatidaman.
"Navbahor-W" yangi mavsumda chempionlik uchun kurashadimi?
—Xudo xohlasa, shunga harakat qilamiz. Lekin bu yilgi tarkibimiz avval aytganimdek, juda yosh. Yangi jamoadoshlar bilan hali maydonda birga o‘ynamadik. Oldindan biror gap ayta olmayman.
Zarina, samimiy suhbatingiz uchun tashakkur. Siz va jamoangizga omad tilayman.
—Rahmat.
Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi
Fikrlar