"Navbahor" murabbiyi AGMK maydonidagi mag‘lubiyatga qanday izoh berdi?
Superliga 4-turidan o‘rin olgan AGMK - "Navbahor" uchrashuvi 2:1 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida "lochinlar" ustozi Viktor Jalilov bellashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
"Bugungi o‘yin har ikki jamoa uchun ancha og‘ir o‘tdi, keskinlik oxirgi daqiqalargacha saqlanib turdi. Hammasini bitta gol, bitta aniq zarba hal qildi. O‘ylashimcha, omad AGMK tomonida bo‘ldi. Biz ham gol urishimiz mumkin edi, biroq biroz omad etishmadi.
Nima ham derdim, shunaqa mag‘lubiyatlar ham uchrab turadi. Yakkakurash borasida teng o‘yin kechdi. Mag‘lubiyatga uchradikmi, demak, ko‘p jihatlar bo‘yicha imkoniyatni boy berdik, deb hisoblayman. To‘g‘ri, futbolchilarimiz vaziyatni o‘nglash uchun astoydil harakat qilishdi, lekin ularning harakatida pala-partishlik, sarosimani sezganim yo‘q.
Ivan Solovyovda mushaklari bilan bog‘liq kichik muammo bor, shu bois, uni maydonga tushirib, tavakkal qilishni istamadik. U maydonga tushishni xohlagandi, biroq to‘liq sog‘ayib olishi kerakligini aytdik", - dedi Viktor Jalilov.

Fikrlar