
"Navbahor"da bosim ko‘proq". Final oldidan Irismetov jamoalarning imkoniyatini qanday baholadi?
5 oktyabr kuni Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida “Navbahor” hamda “Andijon” ishtirokida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Kubogi finali oldidan turli xil fikrlar, munosabatlar yangrashi tabiiy hol.
Anchadan beri Kubok finalida vodiy derbisini ko‘rmagandik. Yurtimizdagi taniqli sobiq futbol yulduzlaridan biri Ja’far Irismetov muhim uchrashuv oldidan quyidagicha fikr bildirdi:
“Bu eng zo‘r final bo‘ladimi yoki yo‘qmi, buni 5 oktyabr kungi o‘yin ko‘rsatadi. “Navbahor”dan bu yil hamma chempionlikni kutgandi, men ham. Menimcha, “Navbahor” bilan “Nasaf” chempionlik uchun kurashadi, deb o‘ylagandim. Bunday bo‘lib chiqmadi. Finalda ikkala jamoaga Kubok o‘ta zarur. Bu klublar chempionatda oldiga qo‘yilgan vazifani bajara olmayaptilar. Ammo “Navbahor”dan ham, “Andijon”dan ham ko‘p narsa kutishgandi.
O‘ylashimcha, “Navbahor”ni futbolchilar va shyin borasida kuchliroq deb hisoblayman. “Andijon” standartlarda o‘ynaydi va tezkor qarshi hujumlarga o‘tadi. Ko‘proq himoyaviy futbol. “Navbahor” finalda qanday taktika tanlaydi, bilmasam. Bu final, bu bitta o‘yindan iborat. Shuning uchun jamoalardan har narsa kutish mumkin. Lekin eng zo‘r final bo‘ladimi-yo‘qmi, buni 5 oktyabrda bilib olamiz. Oldin juda ko‘p yaxshi finallar bo‘lgan. Shu sababli hozir biror nima deya olmayman.
Menimcha, “Navbahor” klubi ko‘proq bosimda. Chunki ulardan ko‘proq narsa kutilgan. Muxlislar ham, rahbariyat ham boshqacha natijalarni xohlashgan. Shu bois namanganliklar bosim ostida o‘ynaydi. Ular uchun yutish juda zarur, degan bosim bor. “Andijon” ham chempionatda oxirgi paytlarda yaxshi natijalar ko‘rsata olmayapti. Bu jamoa ham finalda bor kuchi bilan kurashadi.
G‘olib? Menimcha, asosiy vaqtda aniqlansa kerak. Ammo 3:0, 4:0 hisoblarini kutish juda qiyin. “Andijon” himoyaviy o‘yin ko‘rsatadi. Har qanday holatda ham ikkala klubga omad tilayman. Asosiysi, chiroyli futbol ko‘rsak bo‘ldi”, - deydi, Irismetov.
Fikrlar