"Nayzaning uchi", "fantazista", "jamoa motori", "Universal jangchi" va "Syurpriz"… O‘zbekiston (U20)ning asosiy 5 yulduzi kimlar?
Bugun O‘zbekistonda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi qit’a birinchiligi start oladi. E’tiborlisi, turnirni yarim finaliga qadar etib kelgan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Xo‘sh, Ravshan Haydarov boshqaruvidagi jamoaning bugungi yulduzlari kim? Qaysi futbolchilar turnir davomida etakchilikni o‘z qo‘liga oladi? SPORTS.uz o‘z versiyasini taqdim etadi!
Po‘latxo‘ja Xoldorxonov – "Nayzaning uchi"

Transfer huquqi “Paxtakor”ga tegishli bo‘lgan “Olimpik” a’zosi o‘tgan mavsumda Superliga va U-21 chempionatida o‘zini nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatgani yodingizdan chiqmagani aniq. Xoldorxonov Haydarov jamoasining asosiy yakunlovchi obrazidagi futbolchisi sanaladi. Jamoa o‘yin uslubi yagona sof hujumchiga tayangani bois, Po‘latxo‘jaga juda ko‘p narsa bog‘liq. Ikkinchi qavatdan uzatmalar, bo‘sh zonaga ochilish, qarshi hujumdagi tezkorlik va so‘nggi zarbani yo‘llash aynan uning zimmasiga tushadi. Qahramonimizning sovuqqonligi va maydonda yuqori intellekt bilan ajralib turishini inobatga olsak, bu vazifani a’lo darajada uddalashiga shubha yo‘q. Shaxsan o‘zim, bu musobaqa aynan unga atalashini taxmin qilyapman.
Abbosbek Fayzullaev – "Fantazista"

Abbosbek o‘tgan mavsumda "O‘zbekistondagi eng yaxshi yosh futbolchi", deb bejizga e’tirof etilgani yo‘q. U maydonni ko‘ra bilish, dribling va pozitsiya tanlashda benazir. Timur Kapadze qo‘l ostida o‘zidan 3-4 yosh katta futbolchilar o‘rtasidagi musobaqada finalga qadar etib kelgan “Paxtakor” a’zosi U-20 ning asosiy qurolidan biri sanaladi. Standartlar ijrosi, so‘nggi pas va maydondagi kreativ qarorlari bilan u jamoamiz o‘yiniga rang-baranglik qo‘shishi talab etiladi. Fayzullaevda hozir kichik jarohat bor, ammo Ravshan Haydarov barchasi joyida ekanligini matbuot anjumanida aytib o‘tdi. Umid qilamizki, o‘zbek futbolining vunderkindi yurtimiz mezbonlik qiladigan musobaqa kashfiyotga aylanadi.
Shahzod Akramov – "Universal jangchi"
“Nasaf” a’zosi o‘tgan mavsumda tez-tez zaxiradan o‘yina qo‘shilib Superliga nafasini oldi. U-21 jamoasida “ajdarlar”ning asosiy futbolchisi sifatida ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan edi. Shaxsan o‘zim “Nasaf”ning o‘yinlari chog‘ida uni 90 daqiqa davomida 3-4 pozitsiyada to‘p tepganiga guvoh bo‘ldim. Hozir Ravshan Haydarov chap qanot hujumkor yarim himoyachisi sifatida uni ko‘rmoqda. Akramov juda ham chaqqon va kerakli pallada vinger sifatida hujumda paydo bo‘lishi mumkin. Shahzod chap va o‘ng oyoqda birdek yaxshi o‘yna y oladi. Bundan tashqari, kerak bo‘lsa markazga qaytishi, hujumchi ortiga o‘tishi va hatto, tayanch zonasida ham ishonchli to‘p tepishi mumkin. Bunday ijrochilarning tarkibda bor ekanligi murabbiylarga o‘yinni o‘zida taktik sxemani transformatsiya qilish uchun qulaylik yaratadi.
Umarali Rahmonaliev – "Jamoa motori"

“Bunyodkor”da juda yorqin mavsum o‘tkazgach, Rossiyaning “Rubin” jamoasi safiga yo‘l olgan yarim himoyachini “o‘zbek N'Golo Kante”si deb bejiz ta’riflashmagan. Umarali to‘p uchun kurash va jamoaviy pressingda benazir. Bundan tashqari, kerakli pallada to‘pni o‘zi bilan olib yurgancha, maydonning katta qismini bosib o‘tishi mumkin. Kuchli zarbasi bor “xavbek” Haydarov qurgan jamoada tayanch zonasi va 14-hudud o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab berishi ko‘zda tutilgan. Jismonan ancha baquvvat bo‘lgan futbolchi maydon markazida juda katta hajmdagi ishni bajaradi. Raqibning erta pressingini yorib o‘tish va kerakli pallada markaziy himoyachilar oldigacha kelib, to‘p nazoratini qo‘lga olish uchun o‘ziga xos balans vazifasini bajarib berganiga bir necha bor guvoh bo‘ldik. Uni bejizga jamoa sardori etib tayinlashmagani aniq. U bu musobaqada jamoadoshlariga ruhiy holat a’lo darajada bo‘lishi kerakligini maydondagi harakatlari bilan isbotlab berishidan umidimiz katta.
Asadbek Jo‘raboev – "Syurpriz"

“Navbahor” a’zosi Ravshan Haydarov qo‘lida o‘ziga hos “joker qarta”! Qanot va hujum markazida birdek naf keltirishga qodir iqtidorli hujumchi yaxshigina start tezlikka ega. Shuningdek, so‘nggi zarbani ijro etishda ham yaxshi statistika qayd etib kelmoqda. Eng muhimi, u hujumda universal. Kerakli pallada bir-ikki futbolchini vaziyat yaratishi, qarshi hujumlarda asosiy figuraga aylanishi mumkin. Uni bejizga kutilmagan sovg‘a deb atamaganimiz yo‘q. Yuqorida nomi zikr qilingan futbolchilarning imkoniyatlarini o‘zbek futbol muxlislar oz-moz bo‘lsada biladi. Asadbek bu ro‘yxatdagi tengqurlaridan mashhurlik bobida ortda bo‘lishi mumkin, ammo darajada borasida emas. O‘tgan mavsumda U21 chempionatini muntazam kuzatib borganim uchun ham aynan uni tanladim. U o‘ziga xos “yashirin ot” vazifasini bajarib beradi.
Bonus:
Zafarmurod Abdirahmatov

O‘tgan mavsumda “Nasaf” yoshlari va asosiy tarkibida bir nechta yaxshi o‘yinlarni o‘tkazgan universal qanot futbolchisi ham Ravshan Haydarov jamoasining g‘alabalariga o‘z hissasini qo‘shishini taxmin qilish mumkin. Qanotdagi reydlari va katta tezligi bilan futbol mutaxassislarining e’tiboriga tushgan yigit hozir yaxshi formada. U hujumda va himoyada birdek faol bo‘lib, jamoaviy o‘yinda juda faol. Shuningdek, kerakli pallada zahiradan o‘yinga qo‘shilib maydondagi o‘yin borishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ancha avval shu futbolchi haqida Ro‘ziqul Berdiev bilan suhbatlashganimda,uning juda ham sovuqqon ekanligini, kerakli pallada katta sahnaga chiqishdan qo‘rqmasligini aytgan edi. Menimcha, Berdievning ta’rifni amalda namoyish etish uchun Zafarmurodda ajoyib imkoniyat mavjud. Kuchli beshlikka kirmaganiga qaramay, bu yigitdan ham turnirni yuqori kayfiyatda o‘tkazishini kutyapman. Aslida, qaydnomaga kiritilgan barcha yigitlar o‘z tengqurlari ichidagi eng zo‘rlari sanladi. Ularni har biri o‘z pozitsiyasidagi N1! Ko‘ramiz, voqealar rivoji qanday ko‘rinish oladi. Katta yo‘l boshida turgan kichik “o‘q bo‘rilar”ga “ovi baroridan kelishini” tilab qolaman.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev



Fikrlar