"Neftchi" 1-davrani mag‘lubiyatsiz yakunlay oladimi? Super to‘qnashuvga oz qoldi

  • 2 iyul, 2023, 11:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superligada markaziy o‘yin borligini bilasiz-a? Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida “Neftchi” Qarshining “Nasaf” jamoasini qabul qiladi. Azaliy raqiblar degan ta’rif bularga juda mos tushadi. Ishonamizki, mazkur bahs qoldirilgan 8-turning bezagiga aylana oladi.

Tecno

“Neftchi” ham, “Nasaf” ham himoyaviy futbolni xush ko‘rmaydilar. Boisi, ularning asosiy maqsadi medallarni yutish va shu sababli hujumkor futbol bu jamoalarning moduliga aylangan. O‘tgan safar “Neftchi”ning o‘z uyida “Navbahor”ga qarshi o‘yinini ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak. O‘shanda farg‘onaliklarning namoyish etgan o‘yini barchada iliq taassurot qoldirgandi va g‘alabaga yaqin edi. Biroq murosa ko‘chasi tanlangan.

nurillo3_1

Xo‘sh, “Neftchi”ning “Nasaf”ga qarshi o‘yini qanday kechadi? Bu bahsda imkoniyatlar qanaqa? Uchrashuv oldidan bu kabi savollarga har kimning javobi har xil. Lekin anig‘i shuki, tomoshabop tarzda kechadi. Hali Superligada mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan farg‘onaliklar “Nasaf” bilan bahsda ham bu an’anasini davom ettira oladimi? Rosti, ular g‘alabadan boshqasini o‘ylamayaptilar, bu aniq. Chunki “Neftchi” ushbu uchrashuvda 3 ochkoni qo‘lga kiritsa, turnir jadvalida “Nasaf” bilan almashadi va 3-o‘ringa ko‘tarilib oladi. Qarabsizki, “Neftchi” birinchi davrni 3-pog‘onada yakunlaydi.

Eng ko‘p durang “Neftchi”ga tegishli ekanini ham bilsangiz kerak. Ularning hisobida 7 ta durang bor. G‘alabalari esa 5 tani tashkil qilyapti. Bosh murabbiy Vitaliy Levchenko qanday bo‘lmasin birinchi davrani g‘alaba bilan yakunlash harakatida. Ro‘ziqul Berdiev esa agar yutqazadigan bo‘lsa, 3-o‘rinni bo‘shatishini va yaqin ta’qibchilarini o‘zidan uzoqlashtirib yuborishini yaxshi his qilib turibdi.

nasaf_2

“Neftchi” – “Nasaf” jamoalari shu kungacha Superligada 48 marta to‘qnashishgan va bugungisi 49-bellashuvga aylanadi. Statistika shuni ko‘rsatyaptiki, farg‘onaliklar hisobida o‘zaro uchrashuvlarda 17 ta, mehmonlarda esa 20 ta g‘alaba bor. Yana 11 ta qarama-qarshilikda durang kuzatilgan. To‘plar nisbati 54\64 “Nasaf” foydasiga.

2022 yilgi chempionatdagi bahslarda farg‘onaliklar ustunlik qilgan. Qarshida 0:1 hisobida g‘alaba qozonishgan va Farg‘onada 1:1 ko‘rinishidagi durang qayd etilgan. “Nasaf” oxirgi marta “Neftchi”ni 2018 yili mag‘lub etgan. O‘shanda o‘z maydonida 2:0 hisobida ustun kelgandi. Qarshiliklar bir necha bor Farg‘onadan g‘alaba bilan qaytishgan. Lekin bu safargisi alohida ahamiyatga ega.

Oz qoldi, bugun 20:00 da super to‘qnashuv guvohi bo‘lamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!