
"Neftchi" muxlisining dardlari...
Xabaringiz bor so‘nggi paytlarda shonli tarixga ega Farg‘onaning “Neftchi” klubi juda og‘ir axvolga tushib, deyarli yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Jamoa Pro-Ligada hech qanday pulsiz ishtirok etib kelayotgani juda achinarli.
Saytimiz bilan bog‘langan farg‘onalik mushtariy “Neftchi” jamoasining ashaddiy muxlisi ekani va sevimli klubining hozir jar yoqasiga kelib qolgani borasida kuyunib gapirdi. Biz esa ushbu muxlisning fikrlarini hech qanday o‘zgarishlarsiz e’tiboringizga havola etmoqchimiz
- Erkak kishi yig‘lamasin dunyoda deyishadi. Lekin, hayotda har hil voqealar bo‘ladiki, xech kim hech narsadan kafolatlangan bo‘lmas ekan. Erkakni yig‘lashi, bu irodasizligidan, ojizligidan emas, qalbi bo‘shab qolganligidan, yuragining bir tomiri uzilib tushganligi sababchi bo‘ladi. Men hayotim davomida necha marta yig‘laganimni bilmadimku, lekin futbolni deb ikki marta yig‘laganman. 1979 yilda, “Paxtakor” jamoasining aviahalokati menga qattiq ta’sir qilgan. U payta butun O‘zbekistonning fahri edi “Paxtakor”. Endigina futbolga qiziqib borayotgan bo‘lsamda o‘sha jamoa, uning futbolchilari yuragimdan joy olib bo‘lgan ekan. Xabarni eshitganimdan keyin o‘ksib o‘ksib yig‘lagandim. Na ota onamni ugitlari, na o‘qituvchilarimning tanbehlari meni yig‘idan to‘xtata olgan edi. Murg‘ak qalbim bilan o‘zbek futbolida juda katta yo‘qotish bo‘lganini, bu fojea hali uzoq yillar ta’sir qilishini sezgan ekanman shekilli. Har tugul unda marhumlar uchun, chin ma’noda ayriliq sababli yig‘lagan edim…
Keyingisi esa… 2018 yil mavsum Super liganing so‘ngi o‘yinidan keyin “Istiqlol” o‘yingohida mavsumni yakunlanishi munosabati bilan davlatimiz madhiyasi yangradi. Madhiya yanrashi bilan hayolim qochdi. “Neftchi” ning shonli tarixi, mustaqilligimizning dastlabki yillarida xech bir jamoa unga bas kelolmaganligi, respublikamizning juda ko‘p shaharlariga sevimlilarimizga muhlislik qilish uchun borganimizda, bizga raqib jamoa muhlislarining havas bilan boqishlari, huddi o‘zimiz qahramondek ko‘krak kerib o‘tirishlarimiz, Osiyo grandlari bilan bo‘lgan o‘yinlarda to‘lib toshgan eski va fayzli o‘yingohdagi muhlislar xayqirig‘i bir zumda ko‘zim oldidan o‘tdi. Shunday tarixan boy jamoaning super ligadan xayrlashishi nahotki rost bo‘lsa. Nahotki endi shiddatli vodiy derbilari, chempionatimizning gultojiga aylangan “o‘zbek klasikosi” deb tarif berilgan “Neftchi”- “Paxtakor” qarama qarshiligi ertak bo‘lib qolsa. Qulog‘imga guyo “Neftchi” uchun xayrlashuv marshi chalingandek bo‘la boshladi… Shunda atrofimdagilar menga termulib turganlarini payqadim. Kimlardir hayron bo‘lib, kimlardir achinib va kimlardir kulib qarab turganini sezdim. Men ko‘z yoshlarimni tiya olmay qolgandim. Xa, alam bilan, armon bilan yig‘lardim. Shunday buyuk jamoaning ayanchli ahvolga keltirganlarga g‘azablanib yig‘lardim. Haqiqat bir kun qaror topishiga, kim aslida kimligini isbotlaydigan kunlar kelishiga, yana o‘z suyuklilarimizni chempionlik baxslarida ko‘rishga umid qilib yig‘lardim. Ko‘z yoshlarimni yashirishga urinmadim ham. Meni haqiqiy futbol muhlislari tushinishsa kerak. “Neftchi” man uchun, minglab farg‘onaliklar uchun hayotining bir bo‘lagiga aylana olgan, tom ma’noda sevimli bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi.
Shu o‘rinda aytishim mumkinki, yaqin vaqtlarda yana bir marta yig‘lash niyatim bor. Unda ko‘z yoshlarim quvonchdan bo‘ladi. “Neftchi” ni Superligaga qaytishi naqd bo‘lgan o‘yin yakunlanganda yig‘layman, o‘yingoh to‘la (ishonamanki “Istiqlol” o‘yingohi bo‘ladi) muhlislar xayqirig‘i ostida o‘z jonajon jamoamiz “Neftchi” ning o‘yinchilariga, bizning qaxramonlarga termulgancha yig‘layman. Og‘ir kunlarda ularga elkadosh bo‘la olganimizdan fahrlanib yig‘layman, “Neftchi”ga sodiq qolganimizdan g‘ururlanib yig‘layman. Zero tez kunlarda shunday kunlar keladi, albatta Farg‘ona ko‘chalarida ham bayram bo‘ladi. Kelinglar hammamiz shunga ishonaylik, “Neftchi” bilan ohirigacha birga boraylik.
Fikrlar