
"Neftchi"da tartib-intizom izdan chiqib ketdimi? Natijalardan qoniqmayotgan rahbariyat tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazdi
“Neftchi” futbol klubida rahbariyat a’zolari, murabbiylar shtabi va futbolchilar o‘rtasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, yig‘ilishda, “Neftchi” FK bosh direktori Mo‘ysinjon Mehmonov, Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse prezidenti Nosirjon Otaqo‘ziev “Neftchi” futbol klubining asosiy tarkib va yoshlar jamoasi murabbiylari hamda futbolchilar qatnashdilar.
Jamoa bosh direktori M.Mehmonov yig‘ilish qatnashchilarini kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirib o‘tdi. Yig‘ilishda asosiy tarkib jamoasining so‘ngi o‘yinlardagi qoniqarsiz natijalari masalasi ko‘rib chiqildi. Dastlab, klub bosh direktori so‘zga chiqdi, M.Mehmonov o‘z nutqida “Hurmatli futbolchi va murabbiylar barchangizga ma’lumki, so‘nggi paytlarda jamoamiz ko‘rsatyotgan o‘yin va natijalar barchamizni, shu jumladan jamoamiz muxlislarini ranjitmoqda. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan “Paxtakor” jamoasi bilan o‘yinni stadionda ko‘rib shunday xulosaga kelish mumkinki, futbolchilarimizda tartib-intizom masalasida katta muammo borligi, bugungi turnir jadvalidagi ahvolimizdan ko‘rinib turibdiki, oldimizda juda ham katta bajarilishi lozim bo‘lgan masala turganligidan dalolat beradi. Masalaning echimini topish uchun rahbariyat tomonidan qilinishi zarur bo‘lgan barcha imkoniyatlarimizni ishga solmoqdamiz. Jamoa uchun shart-sharoitlar yaratib berilmoqda, Toshkent shahridadagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari talab darajasida tashkil etildi, futbolchilar oldidagi qarzdorliklar homiylik mablag‘laridan bartaraf etildi. Yuzaga kelayotgan muammolarni ko‘rib chiqib, echimini topishga harakat qilib kelmoqdamiz, boshqa ko‘pchilik jamoalar bilan solishtirib ko‘rilganda albatta umumiy ahvolimiz yomon emas.
Asosiy masalaga kelsak ikkinchi davraning dastlabki ikki o‘yini o‘tkazildi. Natijalar esa o‘zlaringizga ma’lum. Har ikkala o‘yinda ham bittadan qizil kartochka olish jamoa ichidagi ichki muhit, intizom talab darajasida emasligidan dalolat bermoqda. Kelayotgan tur o‘yinlarida 4 nafar asosiy futbolchilarimiz o‘yinni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keladi va yana 2 futbolchida uchtadan sariq kartochkalar to‘planib qolgan, bunday salbiy harakatlar bilan natija to‘g‘risida o‘ylashimiz odamni dilini xira qilmoqda. Mening taklifim murabbiylar shtabi darhol futbolchilar bilan batafsil kelishib olishlari zarur. Har ikki o‘yinda ham natijaga ta’sir ko‘rsatgan vaziyatlar yaqqol ko‘rinib turdi. Vazifa o‘yin tafsilotini chuqurroq o‘rganish talab qilgan holda futbolchilarga etkazishi muhim jihat deb hisoblayman.
Kamchiliklarni bartaraf etmasdan natijaga erishish mushkul, hozirdanoq harakatimizni kuchaytirishimiz zarur. Butun Farg‘ona ahli bizdan natija kutmoqda. Qaytarib o‘taman, oldimizdagi vazifa o‘z o‘rnimizni Superligada saqlab qolishdan iboratdir” deb ta’kidladi, klub bosh direktori M.Mehmonov.
Shundan so‘ng, Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse prezidenti N.Otaqo‘ziev yig‘ilish qatnashchilariga so‘zini boshida “Jamoaning hozirgi Superligada egallab turgan o‘rni barchamizni tashvishga solmoqda. Bundan buyon ortga yo‘l yo‘q, faqat oldinga borishimiz lozim, keyingi o‘yinlarda rahbariyat, muxlislar va Farg‘ona viloyati ahlini yuzini yorug‘ qilishmiz zarur. Shu o‘rinda viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti H.Bozarovning so‘zlarni sizlarga etkazishim darkor, oxirgi futbol uchrashuvlaridagi qoniqarsiz natijalardan va futbolchilardagi tartib-intizom masalasi jamoadagi ichki muhitda biror kamchilik yuzaga kelgan bo‘lsa, buni tezkorlikda bartaraf qilish kerakligini ta’kidladilar, hurmatli futbolchi va murabbiylar, agar ichki muhitda biror kamchilik bo‘lsa ayting”, deb so‘zini yakunladi.
Jamoa bosh murabbiyi Vitaliy Grigorevich Levchenko o‘z nutqida “Ortda qolgan o‘yinlardagi natijalar bo‘yicha jamoa a’zolari bilan tartib-intizom masalalari va quyushqondan chiqqan futbolchilar bilan gaplashib oldik. Ketma-ket ikki o‘yinda o‘yinchilarimiz maydondan chetlatilmoqda, bu juda qoniqarsiz holat. Biroq bizda potentsiali yuqori bo‘lgan futbolchilar bor, jamoa ichki muhiti yaxshi, o‘zim jamoada tartibni qattiq nazorat qilmoqdaman, ichki muhit bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Jamoa keyingi o‘yinlarda ijobiy natija ko‘rsatadi, degan umiddaman, deb so‘zini yakunladi jamoa bosh murabbyi.
Jamoamiz sardori Lutfulla To‘raev jamoa ichki muhiti a’lo darajadaligini, oxirgi bellashuvlarda jamoaga ko‘proq omad ham etishmaganligini, futbolchilar ham yaxshi tushunib turishgani, keyingi uchrashuvga bir muncha vaqt borligini va navbatdagi o‘yinda jamoa o‘z muxlislarini quvontirishga va’da berdi. Shuningdek, jamoamiz a’zosiz Oybek Qilichev oxirgi o‘yinlarda jamoa taktik jihatdan yaxshi o‘ynaganligini, biroq o‘sha qizil kartochkalar o‘yinimizga ta’sirini ko‘rsatdi, lekin keyingi o‘yinlarda Xudo hohlasa albatta o‘yinimiz yanada kuchayishini va rahbariyat, muxlislar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishiga ishonchimiz komil, deb aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda o‘tgan oxirgi ikki turda hatolarga yo‘l qo‘ygan futbolchilar jiddiy ogohlantirildi.
Shuningdek, klubning barcha murabbiy futbolchilariga mavsumning qolgan qismida o‘ziga berilgan vazifalarni sidqidildan bajarish va jamoa muvaffaqiyatiga o‘zining munosib hissasini qo‘shish lozimligi ta’kidlandi. Futbolchilar va murabbylar shtabiga hali hammasini tuzatish imkoni borligi tushuntirib o‘tildi. Keyingi turlarda bo‘lib o‘tadigan o‘yinlarda g‘alaba qozonish kerakligi va muxlislarni xursand etish, turnir jadvalidagi o‘rnimizni yaxshilash, kelgusi o‘yinlarda muxlislarlar uchun o‘ynash kerakligi haqida topshiriqlar berildi.
“Neftchi” PFK matbuot hizmati
Fikrlar