
Neymar "yangi Pele"ni navbatdagi rekord bilan tabrikladi
Braziliya milliy terma jamoasi va Saudiya Arabistonining "Al-Hilol" klubi futbolchisi Neymar yosh hamyurti Estevanni Braziliya chempionatidagi o‘zining rekordini yangilagani bilan tabrikladi.
"Palmeyras" klubining vingeri 18 yoshga to‘lguniga qadar Braziliya chempionatida gol urish bo‘yicha aynan Neymar o‘rnatgan rekordni yangiladi.
"Yuventude" bilan o‘yinda bir gol va bitta golli uzatmani amalga oshirgandan so‘ng, Estevan 24 ta o‘yinda gol+assistent tizimida 18 ochkoga ega bo‘lib turibdi(10+8). Neymar 2009 yilgi mavsumda "Santos" tarkibida 33 o‘yinda 16 ochko(10+6) to‘plagan edi.
"Estevanni rekordni yangilagani bilan tabriklayman. O‘z o‘yining bilan porlashda va barchani xursand qilishda davom et", - deb yozadi 32 yoshli Neymar ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida.
Eslatib o‘tamiz, Estevan kelasi yili yozda "Chelsi" safiga ko‘chib o‘tadi. Londonliklar futbolchini bir necha oy ilgari umumiy 61 million evroga sotib olishgan edi.
Fikrlar