Nihoyat, "Mash’al" Kubokdagi o‘yin orqali g‘alabasiz seriyasini tugatdi. O‘yindan keyin murabbiylar nima deyishdi?
O‘zbekiston Kubogining “S” guruhida so‘nggi uchinchi tur o‘yinlari o‘tkazildi.
Superligada faqat yutqazib kelayotgan va bu seriyani Kubok bahslarida ham davom ettirayotgan “Mash’al” nihoyat so‘nggi turda g‘alaba qozondi.
Garchi, muborakliklar dastlabki ikkita turda yutqazib guruhdan qolib ketgan bo‘lsa-da, oxirgi turda “Respublika FA"ga qarshi o‘yinda hartugul g‘alaba qozona olishini ko‘rsata oldi.
O‘yindan keyin “Mash’al” bosh murabbiyi Eldor Sakaev va “Respublika FA” jamoasi yordamchi murabbiyi Baxtiyor Umarov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Eldor Sakaev
"Xudoga shukr, qachondir seriya tugashi haqida oldin aytganman. Nihoyat, 14-o‘yinda birinchi g‘alabani qo‘lga kiritdik. Futbolchilar ruhiy tarafdan qiyinchilikka tushib qolishgandi. Endi ta’tilga chiqamiz. Yigitlarga g‘alaba uchun minnatdorchilik bildiraman. Yaxshi raqibga qarshi yaxshi o‘yin bo‘ldi. Jamoamiz potensiali borligini ko‘rsata oldi va g‘alaba jamoamiz foydasiga ishlaydi, degan umiddaman. Har bir uchrashuvdan dars olish mumkin. Endi bor e’tiborimizni chempionat o‘yinlariga qaratamiz. Ikkinchi davra uchun rejalar tuzganmiz".
Baxtiyor Umarov
"Ikkita golda o‘zimizga-o‘zimı qo‘pol xato qildik. Darvozabonimiz va himoyachimiz ushbu vaziyatlarda xato qilishdi. Lekin umumiy olganda, yaxshiroq o‘ynadik, deb o‘ylayman. Asosiy tarkibning 6 nafar futbolchimiz U20 terma jamoamiz bilan KAFA musobaqasiga ketgani uchun o‘rni bilinidi. Zaxira o‘yinchilari bilan o‘ynaganimiz sezildi. Baribir ular ham yomon o‘ynashmadi. 9 nafar futbolchimiz 2008 yilda tug‘ilgan va ular hali maktab bolalari. Superliga jamoasiga qarshi yomon o‘ynashmadi. Faqat ikkita vaziyatdagi xatoni hisobga olmaganda o‘yindan qoniqdim".

Fikrlar