Nodirbek Abdusattorov: "Bu partiya — shok darajasidagi kutilmagan xatolardan biri"

  • 24.01.2026 01:51
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Shaxmat
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Nodirbek Abdusattorov Gukesh ustidan qozonilgan muhim g'alabadan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

— Nodirbek, jahon chempioni Gukesh ustidan katta g'alaba bilan tabriklaymiz. Partiya oxiri juda keskin va shokli bo'ldi. Eng so'nggi lahzada nima deb o'ylading?

— Men unga juda achinaman. Bu juda og'ir his. O'zim ham bunday holatga ko'p marta tushganman, shuning uchun bu qanchalik qiyin ekanini yaxshi tushunaman. Umuman olganda, partiya normal kechayotgandi. Bir payt u haddan tashqari ruhlanib, voqealarni tezlashtira boshladi, lekin men vaziyatni nazoratda ushlab turdim. Menga durang uchun yetarli zahira bordek tuyulardi. Oxirida uning vaqti kamayib ketdi, u asabiylashdi va qo'pol xatoga yo'l qo'ydi.

— Keyin esa Rg5 yurishi bo'ldi…

— Buni izohlash qiyin. Bu tushuntirib bo'lmaydigan navbatdagi yurish. O'ylaymanki, bu turnirda aynan birinchi turda shunday dağal xatolar kuzatildi. Ungacha bunday xatolar bo'lgan partiyalarni eslay olmayman. Bu uchrashuv esa eng yorqin misollardan biri. Yakun mutlaqo shokli bo'ldi.

— Boshqa mavzuda: bir necha kun oldin padel o'ynagan eding. Yana o'ynashga ulgurdingmi?

— Yo'q. Yana ikki nafar o'yinchi topishga urindik, to'rt kishi bo'lib o'ynamoqchi edik, lekin uddalay olmadik.

— Hali ham sherik izlayapsanmi?

— Albatta. Agar kimdir buni ko'rib, o'ynashni istasa — men tayyorman.

— Dam olish kuningni qanday o'tkazding?

— Beverveykka borib tushlik qildim, keyin zalga kirib, biroz mashq qildim. Qolgan vaqtda esa dam oldim va tiklandim.

— Seni ko'pincha eng yaxshi sportchi shaxmatchilardan biri deb atashadi. Bunday uzoq turnirda jismoniy holat qanchalik muhim?

— Turnir juda uzoq, shuning uchun jismoniy faollik shart. Har kimning o'z usuli bor. O'zimni yaxshi his qilsam, zalga boraman va mashq qilaman, qolgan paytda esa dam olaman.

— Hozir sen birinchi o'rinni bo'lishib turibsan, ehtimol, hatto yakka peshqadamsan. Turnir ekvatorida qanday hislar bor?

— Bunday "sovg'ali" g'alabadan keyin, albatta, yoqimli. Lekin bu shu bilan birga menga o'yinimni yana yaxshilash kerakligini ko'rsatadigan belgi. Bugungi partiyadan qoniqmadim, shuning uchun yanada yaxshiroq o'ynashga harakat qilaman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!