Noyabr oyida jang qiladigan bokschilarimiz (Anons va tahlil)

  • 30.10.2019 18:03
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xabaringiz bor, noyabr oyining boshida uch nafar professional bokschimiz navbatdagi janglarini o‘tkazadi. Jumladan, 2 noyabrda Bektemir Meliqo‘ziev super o‘rta (-76,2 kg) vazn toifasida ukrainalik tajribali bokschi Ismail Sillax ga qarshi ringga ko‘tarilsa, Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov profi ringda debyut qiladi.

U 10 noyabr kuni Xitoyning Fujou shahrida tashkil etiladigan professional boks kechasida, birinchi o‘ta engil (-48,99 kg) vazn toifasida xitoylik De Bin Ju ga qarshi jang olib boradi. Yana bir yurtdoshimiz o‘ta engil (-50,8 kg)da o‘z janglarini o‘tkazadigan, “Kichik Tayson” nomi bilan mashhur Olimjon Nazarov 3 noyabr kuni Vetnamning Xo Shi Min shahrida tashkil etiladigan boks kechasida WBO Oriental kamari himoyasi uchun tailandlik Chaivat Buadkratokka qarshi jang qiladi.

Xullas, yurtdoshlarimizni juda muhim bahslar kutib turibdi. Bugun, biz ushbu bokschilarimizning raqiblari haqida ma’lumot berish barobarida imkoniyatlar haqida biroz fikr yuritdik.

Bektemir Meliqo‘ziev - Ismail Sillax

Ismail Sillax 1985 yil 9 fevralda Ukrainaning Mariupol shahrida tavallud topgan. U havaskor boksda bir qator muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, 2005 yil jahon chempionatida -75 kg vazn toifasida kumush medal sohibiga aylangan. 2006 yil Bokuda o‘tgan Jahon Kubogida bronzani qo‘lga kiritadi. 2006 yil Evropa chempionatida -81 kgda ham kumush medalga sazovor bo‘ladi.

Umuman olganda, havaskorda jami, 318 marotaba ringga ko‘tarilib, ularning 302 tasida g‘alaba qozongan. 16 marotaba mag‘lubiyatni tan oladi.

U professional faoliyatini 2008 yil boshlagan. U super o‘rta (-76,2 kg) va yarim og‘ir vazn (-79,4 kg)da faoliyat olib boradi. Profi ringdagi debyutini 2008 yil 18 iyulda Mett Xalvorsenga qarshi o‘tkazib, uni nokautga uchratadi.

Professional faoliyati mobaynida 33 marotaba jang o‘tkazib, ularning 27 tasida g‘alaba qozongan. Ularning 21 tasida raqiblarini nokautga uchratadi. Olti bora mag‘lubiyatga uchragan.

Ukrainalik bokschiga ushbu jangda qanday omillar ustunlik berishi mumkin? Albatta, uning bo‘y jihatidan balandligi u sal kam ikki metr keladi. Ya’ni, 191 sm bo‘yga ega. Bu Bektemirdan 14 sm baland degani. Qolaversa, unda profi ringda ulkan tajriba bor. Juda kuchli bokschilar bilan o‘zaro to‘qnash kelgan. Misol uchun, Sergey Kovalyovni aytib o‘tishimiz mumkin. Garchi, o‘sha to‘qnashuvda nokautga uchragan bo‘lsada, har holda shunday saviyadagi raqiblardan o‘ziga hos tajriba olganligi shubhasiz.

Lekin, biz Bektemirga ishonamiz. Uning kuchli zarbalari, raqibiga nisbatan tezkorligi, yoshiga bog‘liq ishtiyoq, har qanday raqibni taslim etishga qodir. Muxlislarning “BEK Bully” dan umidlari katta. O‘ylaymizki, yurtdoshimiz g‘alaba qozonib, barchani xursand qiladi.

 Olg‘a o‘zbek o‘g‘loni!

Bektemir (11)_1

Hasanboy Do‘smatov - De Bin Ju

U 1998 yil 19 yanvarda Xitoyning Kunming shahrida tavallud topgan. Ayni vaqtda 21 yoshda. Bin Ju havaskor boksda deyarli katta natijalarga erisha olmagan. U 19 yoshida professional boksda debyut qiladi. Ya’ni, 2017 yil 1 iyulda hamyurti Jan Fu Tanga qarshi profi ringda debyut qiladi va uni mag‘lubiyatga uchratadi.

Xitoylik charmqo‘lqop ustasi shu kunga qadar, profida 5 marotaba jang o‘tkazib, ularning 3 tasida g‘alaba qozonadi. Ikki bor nokaut bilan zafar quchadi. Bir mag‘lubiyat va bir durang qayd etgan. U barcha jangini xitoyliklarga qarshi o‘tkazadi. Hasanboyga qarshi jangi faoliyatidagi eng katta tavakkal desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

maxresdefault (1)_3

Uning birgina ustunlik jihati mavjud. U ham bo‘lsa, mezbonlik faktori. Lekin Hasanboyni qanday imkoniyatga ega ekanligini yaxshi bilamiz. Uning tezkorligi, havaskor boksdagi tajribasi mazkur to‘qnashuvda o‘z so‘zini aytadi.

Qolaversa, uning niyati jiddiy. Chunki, o‘z vazn toifasida professional boksda ham butun dunyoni zabt etishga qa’tiy bel bog‘lagan. Yana bir omilga to‘xtalib o‘tish lozim. Garchi, yurtdoshimiz profi ringda debyut qilsada, ushbu yo‘nalish unga mutlaqo begona deb bo‘lmaydi. Sababi, u yarim professional, WSB turnirida “Ukraina atamanlari” va “O‘zbek yo‘lbarslari” bilan ajoyib natijalarni qayd eta olgan. Aynan ushbu omil ham unga qo‘l keladi degan umiddamiz. Butun o‘zbek xalqi g‘alaba istaydi.

Omad yor bo‘lsin!

photo_2019-10-26_11-40-10

Olim Nazarov - Chaivat Buadkratok

Tailandlik ushbu bokschi 1992 yil 1 aprelda Nakxon Ratchasima shahrida tavallud topgan. Havaskor boksda u qadar yuksak natijalarni qayd etgan deb ayta olmaymiz. Lekin professional yo‘nalishda unda ulkan tajriba mavjud. U profi ringdagi debyutini 2010 yil 28 iyulda qiladi. O‘shanda Chaivat hamyurti Somsang Sunga qarshi ringga ko‘tarilib, texnik nokaut evaziga g‘alaba qozonadi.

Hozirgi kunga qadar, Tailand vakili 33 ta jang o‘tkazib, ularning 32 tasida g‘alaba qozonadi. Ularning 20 tasini muddatidan avval yakunlagan. Bir bora esa mag‘lubiyat qayd etadi. E’tiborlisi, u barcha janglarini o‘z vatanida o‘tkazgan. Hamyurtimiz bilan bo‘ladigan to‘qnashuv, uning faoliyatidagi ilk horijda o‘tkazadigan jangi bo‘ladi.

photo_2019-09-25_18-40-51

Undagi yagona ustunlik WBO Oriental kamarini qo‘lga kiritish yo‘lidagi motivatsiya bo‘lishi mumkin. Lekin yosh borasida ham hamyurtimizdan 6 yosh kichik hisoblanadi. Lekin bu jihat nisbiy tushuncha. Chunki Olimjon Nazarovning jismoniy holati tahsinga sazovor. “Kichik Tayson” o‘z ustida juda ko‘p ishlaydi va doimiy tarzda jismoniy holatini ideal darajada saqlab keladi.

Profi ringdagi tajriba borasida ham raqibidan ustun bo‘lsa ustundirki, lekin kam emas. Qolaversa, yurtdoshimiz AQSh ringlarida ham mahoratini sayqallagan. Biroq, tailandlik charmqo‘lqop ustasi ham o‘z-o‘zidan 31 ta g‘alabani qo‘lga kiritmagan bo‘lsa kerak. Shunday ekan u ham oddiy raqib emas.

Shunday bo‘lsada, Olim Nazarovning ushbu qarama-qarshilikda imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardik. O‘ylaymizki, u o‘z unvonini munosib himoya qiladi.

Biz sen bilan Olimjon!

nazarov_wbo

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!