
Nurali Bakirdinov: "Maqsadim o‘zbekistonlik sportchilarga qo‘ldan kelgancha yordam berishdir"
Bir necha yillar avval o‘zbek yakkakurash olamida Nurali Bakirdinov chaqmoq kabi porlab kirib kelgan edi. Kikboksing, muaytay va boshqa yakkakurash turlarida bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan. O‘zbekiston chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan, Xalqaro turnirlarda ham muvaffaqiyatlarga erishgandi. Ayniqsa, uning MMAda qozog‘istonlik hozirda ONE Championshipning yulduzlaridan biri Qayrat Aqmetovga qarshi jangi ham yodda qolgandi. Shuningdek, u juda jiddiy jarohatdan so‘ng yana sportga qayta olgan matonatli sportchilardan biri sanaladi. Xullas, u katta sportdagi faoliyatini yakunlaganidan keyin, MMA, Unifayt, K-1, Aykido kabi yakkakurash turlarida referi sifatida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, murabbiy sifatida yosh iste’dodlarga tarbiya berib kelayotganligini ham aytib o‘tishimiz joiz. Ammo, so‘ngi MMA bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida referi sifatida ko‘rmayapmiz. Shuning uchun biz ushbu mutaxassis bilan bog‘lanib, qisqacha suhbatda bo‘ldik.
- Nurali negadir so‘ngi vaqtlarda sizni musobaqlarda kamroq ko‘ryapmiz?
- Nega endi? Men ko‘plab musobaqlarda shogirdlarim bilan ishtirok etayapman. Referi sifatida ham faoliyat yurityapman. Balki sizning ko‘zingiz tushmagandir?
- Demoqchimanki, so‘ngi MMA chempionatida ishtirok etmadingiz?
- Ha, shu birgina turnirda ba’zi ishlarim tufayli bora olmadim. Qolgan yakkakurash turnirlariga bordim.
- Tushunarli, hozirda yana nimalar bilan mashg‘ulsiz?
- Murabbiy sifatida yosh iste’dodlarni tarbiyalashga harakat qilayapman. MHSKda ham murabbiy sifatida faoliyat olib borayapman. Nasib qilsa, yaqin vaqtlarda shogirdlarim bilan ulkan natijalar qayd etaman.
- Menejer sifatida ham o‘zingizni sinab ko‘rayotgandingiz?
- Ha, albatta bir qator xorij ligalari va promoushenlari bilan hamkorlik qilishga harakat qilayapman. Ular bilan yaxshi munosabatdaman. Bu borada ham o‘zbekistonlik sportchilarga qo‘ldan kelgancha yordam qilish niyatidaman.
- Negadir faoliyatingizni erta yakunladingiz?
- Xabaringiz bor, juda jiddiy jarohat olgandim. Albatta, bu qiyinchilikni engib katta sportga qayta oldim. Biroq, baribir bu o‘z ta’sirini ko‘rsatdi va angladimki faoliyatimni yakunlash kerak. Yuqorida aytganimdek, o‘zim erishmagan cho‘qqilarga shogirdlarim bilan etishaman.
- Umuman murabbiy sifatida etuk sportchi bo‘lish uchun nimaga ahamiyat berish kerak deb o‘ylaysiz?
- O‘z-o‘zini tarbiyalash juda muhim sanaladi. Shuningdek, qat’iyatni talab qiladi - hatto qiyin daqiqalarda ham oldinga intilish qobiliyatini shakllantirish kerak.. Bundan tashqari, his-tuyg‘ularingizni nazorat qila olish va natijaga e’tibor qaratish muhimdir.
- AQisqacha suhbat uchun tashakkur. Ishlaringizga omad tilaymiz!
- Katta rahmat.
Ma’lumot uchun, Nurali Bakirdinov 1987 yil 17 yanvarda Farg‘ona viloyatining Yangiqishlog‘ida tavallud topgan. 5 yoshidan kikboksing bilan shug‘ullangan va Xalqaro sport ustasi darajasiga etishgan.
Fikrlar