
Nursulton Ro‘ziboev jamoasi chempion!
Kecha 7 iyun kuni Andijon viloyati, Poytug‘ shaxarchasida ajoyib mini futbol shousi bo‘lib o‘tdi.
Izboskan tumanida uzoq yillar soliq yo‘nalishida faoliyat yuritgan jonkuyar va fidoyi inson Adhamjon Hoji Mahmudovni hotirlab o‘tkazilgan turnir juda qiziqarli tarzda tashkil etildi.
Yurtimiz yakkakurash olamining yorqin yulduzlari boshchiligidagi hamda mahalliy va qo‘shni Namangan viloyatidan tashrif buyurgan jamoalar g‘oliblik uchun bahs yuritishdi.
Yakunda, Nursulton Ro‘ziboev boshchiligidagi jamoa turnir chempioniga aylandi. Asosan MMA jangchilari Mashrabjon Ro‘ziboev, Kamoliddin Mamajonov to‘p surgan ushbu jamoa finalda mezbonlar BM Klinika jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etdi va bosh sovringa ega chiqishdi.
3-o‘rinni esa, o‘zlarining chiroyli harakatlari bilan muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan, "Kosonsoy sherlari" jamoasi qo‘lga kiritdi. Muaytay bo‘yicha 3 karra jahon chempioni Mavlonbek Qahhorov boshchiligidagi jamoa esa 4-o‘rin bilan kifoyalanadi. Biroq, mazkur jamoa safidan harakat qilgan ajoyib murabbiy Sherbek Bilolov, yana bir muaytay bo‘yicha jahon chempioni Mansurbek Tolipov va mahalliy hajvchi Shamshir Sultonlarning o‘ziga xos shoulari tomoshabinlarni xursand qildi va eng quvnoq jamoa sifatida e’tirof etildi.
Albatta, tashkilotchilar Abdumajid Mahmudov, Abdug‘affor Ahmadaliev, Abdulkarim Qambarov hamda Bobur Bilolov tomonidan barcha turnir ishtirokchilari munosib sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘z o‘rnida esa turnirda to‘p surgan yurtimizning mashhur sportchilari yuqorida ta’kidlab o‘tilgan turnir tashkilotchilariga har tomonlama sportchilarni qo‘llab-quvvatlab kelayotganliklari uchun minnatdorchilik bildirishdi.
Shu tariqa turnir o‘z yakuniga etdi. Ammo, tashkilotchilar bu an’anaviy tus olishini va navbatdagi turnirlarda ishtirokchilar geografiyasi kengayishini ta’kidlab o‘tishdi.
Quyida, turnirdan sara fotolar e’tiboringizga xavolga etiladi.

















Fikrlar