O‘zbekiston 20 ta oltin medal bilan Osiyo oʻyinlarida nechanchi oʻrinda boryapti?

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston terma jamoasi Aichi va Nagoya shaharlarida (Yaponiya) o‘tayotgan 2026 yildgi yozgi Osiyo o‘yinlarining 13-kungi bahslarini to‘qqizta medal bilan yakunladi.

2 oktyabr kuni o‘zbekistonlik sportchilar jami to‘rtta oltin, ikkita kumush va uchta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Oltin medallarning ikkitasi bokschilar hissasiga to‘g‘ri keldi. Abdumalik Xalokov 60 kilogrammgacha vazn toifasida Janubiy Koreya vakili ustidan g‘alaba qozonib, Osiyo o‘yinlarining ikki karra chempioniga aylandi. 90 kilogrammgacha vaznda To‘rabek Habibullaev finalda Xitoy sportchisini mag‘lub etib, O‘zbekiston termasining yana bir oltin medaliga ega chiqdi.

Dzyudo bo‘yicha musobaqada Muzaffarbek To‘raboev yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi. U 100 kilogrammdan ortiq vazn toifasida Yaponiya vakili bilan finalda to‘qnash kelib, raqibidan ustun keldi va o‘z faoliyatida ikkinchi bor Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi. Taekvondo bo‘yicha Jasurbek Jaysunov esa 80 kilogrammgacha vaznda Xitoy Taybeyi sportchisini finalda mag‘lub etib, O‘zbekiston jamoasi hisobidagi 20-oltin medalni ta’minladi.

Kun yakunida taekvondochi Ozoda Sobirjonova va bokschi Jahongir Zokirov kumush medal sohiblari bo‘lishdi. Sobirjonova 67 kilogrammgacha vazn toifasida finalda Eron vakilasiga imkoniyatni boy berdi. Superog‘ir vazn — 90 kilogrammdan ortiq toifada ringga chiqqan Jahongir Zokirov esa hal qiluvchi jangda Qozog‘iston terma jamoasi sardori Aybek Oralbayga mag‘lub bo‘ldi.

Bronza medallaridan biri dzyudochilar hissasiga yozildi. 100 kilogrammgacha vaznda Ernazar Sarsenbaev uchinchi o‘rin uchun bellashuvda Xitoy sportchisini mag‘lub etib, sovrindorlar qatoridan joy oldi. Velosportda Sergey Rostovtsev va Nikita Tsvetkov medison turida 45 ochko to‘plab, uchinchi o‘rinni egallashdi. Tennischi Humoyun Sultonov yakkalik bahslarda bronza medalni qo‘lga kiritdi. U yarim finalda Gonkong vakiliga mag‘lub bo‘lgani uchun musobaqani shu bosqichda yakunladi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi hisobida jami 65 ta medal to‘plandi: 20 ta oltin, 23 ta kumush va 22 ta bronza. Terma jamoa umumjamoaviy hisobda to‘rtinchi o‘rinni saqlab turibdi.

Medallar jadvalida Xitoy terma jamoasi yetakchilik qilmoqda — jami 316 ta medal, shulardan 162 tasi oltin, 81 tasi kumush va 73 tasi bronza. Ikkinchi o‘rinda 240 ta medal bilan Yaponiya jamoasi bormoqda: 72 ta oltin, 83 ta kumush va 85 ta bronza. Uchinchi pog‘onada esa Janubiy Koreya jamoasi joy olgan — 134 ta medal, jumladan 33 ta oltin, 39 ta kumush va 62 ta bronza.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!