O‘zbekiston munosib raqib, Husanov kabi legionerlari bor! Mashhur ekspertlar terma jamoalar o‘yiniga baho berdi

  • 21.10.2026 07:44
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

FIFA kunlari munosabati bilan 12 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiya milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etiladi. 

Bo‘lajak bahs va terma jamoalarning imkoniyatlari Rossiya futbol jamoatchiligi tomonidan ham keng muhokama qilinmoqda. 

Sports.uz portali rossiyalik taniqli murabbiylar va mutaxassislarning bo‘lajak o‘rtoqlik o‘yini haqida bildirgan fikr-mulohazalarini o‘quvchilar e’tiboriga havola etadi. 

Aleksandr Tarkhanov, Rossiya, Litva, Bolgariya, Armaniston va O‘zbekiston futbolida faoliyat ko‘rsatgan taniqli mutaxassis:

O‘zbekiston — bizga do‘st mamlakat. Bu zo‘r raqib va o‘yin ham juda yaxshi bo‘ladi. Bu jamoaning ko‘p futbolchilari xorij ligalarida o‘ynayapti. Xususan, "Manchester Siti"dan Husanov ham bor. 

O‘zbekiston Osiyoda yetakchi pozitsiyalarni egallagan. Bu yil jamoa ilk bor jahon chempionatida qatnashdi va munosib o‘yin namoyish qildi. 

O‘zbekiston kabi Venesuela ham o‘rtoqlik o‘yini uchun munosib raqib. O‘ylaymanki, Nigeriyaga qarshi oxirgi o‘yinimizda bo‘lgani kabi, bu safar ham juda yaxshi o‘yinlar bo‘ladi. Ana shunda o‘z imkoniyatlarimizni yana bir bor sinab olamiz.

Valeriy Nepomnyashchiy, Rossiya, Kamerun, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va O‘zbekistonda ishlagan mashhur murabbiy:

O‘zbekiston oxirgi jahon chempionatida ishtirok etgan terma jamoa va ayrim o‘yinchilari Rossiya Premier-ligasida o‘ynayapti. O‘zaro uchrashuv juda qiziqarli bo‘ladi. 

Agar Rossiya milliy terma jamoasida o‘yinlar optimal tarkibni tashkil qila olsa, ular O‘zbekistondan kuchliroq bo‘ladi. Murabbiylar shtabi yangi o‘yinchilarni jalb qilsa, o‘zbeklar tengma-teng o‘ynay oladi. 

Noyabrdagi xalqaro tanaffus ko‘pincha selektsion ahamiyat kasb etadi. Murabbiylar hali terma jamoada bo‘lmagan o‘yinchilarga e’tibor qaratishi mantiqan to‘g‘ri. Terma jamoada futbolchilarning imkoniyatlarini kengroq baholash imkoniyati paydo bo‘ladi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya milliy terma jamoalari bungacha faqat bir marotaba o‘zaro kuch sinashgan. 2022 yili futbolchilarimiz mezbonlik qilgan bahs golsiz durang bilan yakunlangan edi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Мамадияров Махмуд
22/10/2026 20:44
Ўрисдан бошқа жамоа қуриб қолдими, энг бўлмаса қозоқлар билан ўйнаса бўларди.