O'zbekiston terma jamoasi sobiq futbolchilari muammo nimada ekanini ochib berdi
O‘zbekiston futbolchilari tarixiy ilk jahon chempionatining dastlabki ikki uchrashuvida kuchli raqiblarga duch kelib, Kolumbiyaga 1:3 va Portugaliyaga 0:5 hisobida yutqazdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yaqin o‘tmişdagi sobiq o‘yinchilari Vitaliy Denisov va Andrey Fyodorov bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Vitaliy Denisovning ta’kidlashicha, bosh murabbiy Fabio Kannavaroga jamoaga yangi taktika singdirish va unga mos futbolchilarni tanlab olish uchun vaqt yetarli bo‘lmadi.
- Fabio Kannavaroga O‘zbekiston terma jamoasiga yangi o‘yin uslubini joriy etish va shu taktikaga mos futbolchilarni tanlash uchun vaqt yetishmadi. Uch nafar himoyachi bilan o‘ynash tizimiga bir kunda moslashib bo‘lmaydi.
Bu sxema doimiy qo‘llanilishi uchun o‘ziga xos fazilatlarga ega futbolchilar kerak. Murabbiylar shtabida esa buni to‘liq amalga oshirishga vaqt bo‘lmadi. Nima bo‘lsa, shu bo‘ldi. Uning o‘rnida boshqa bir murabbiy bo‘lganida, natija albatta boshqacha chiqar edi, deb aniq ayta olmaymiz. Bu savolga hech kim aniq javob bera olmaydi, — dedi Vitaliy Denisov.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Andrey Fyodorov ham mundialdagi muvaffaqiyatsizliklarni bosh murabbiy Fabio Kannavaro faoliyati bilan bog‘ladi.
- Menga qolsa, Fabio Kannavaroni O‘zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlamas edim, Timur Kapadzeni qoldirgan bo‘lardim. U terma jamoa bosh murabbiyi sifatida o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni yaxshi bajarayotgan edi.
Kannavaroning esa O‘zbekistonda ishlash uchun o‘zicha bir motivatsiyasi bor.
O‘zbekiston terma jamoasining pley-offga chiqish imkoniyati hali yo‘qolgani yo‘q. Men jamoa albatta guruhdan chiqa olmaydi, deb aytolmayman. Umid juda katta emas, lekin baribir bor. Buning uchun, eng avvalo, Kongo terma jamoasini mag‘lub etish kerak.
Bu jamoa guruh bosqichida o‘zini ancha kuchli tomondan ko‘rsatdi, — dedi Andrey Fyodorov.
O‘zbekiston va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv AQShda 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Har ikki mamlakat futbolchilari uchun o‘ta yuqori ahamiyatga ega o‘yin Toshkent vaqti bilan 4:30 da boshlanadi.

Fikrlar