OChL. “Nasaf” hozirgacha Iordaniya jamoalariga yutqazmagan yoxud ilk to‘qnashuv oldidan prevyu (foto)
O‘zingizga ma’lum, “Nasaf” jamoasi 18 sentyabr kuni OChL guruh bosqichida o‘z yurishini boshlaydi. Ushbu mavsumdagi ilk raqib Iordaniyaning “Al-Faisaliy” jamoasi bo‘ladi. "Nasaf" matbuot xizmati ushbu bahs oldidan prevyuni taqdim etdi.
Ushbu raqib hamyurtlarimiz uchun begona emas. Qarshiliklar Iordaniya jamoasi bilan 2011 yil OFK kubogi hamda 2018 yil OChL guruh bosqichiga chiqish o‘yinlarida o‘zaro ro‘baro kelgan.
2011 yil OFK Kubogi 1/8 finalida "ajdarlar" Qarshida 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Ushbu bellashuvda Lutfulla To‘raev va Ilhom Shomurodovning gollari evaziga “Nasaf” chorak finalga yo‘l olgan. Mehmonlarning yagona goliga Anas Hijah mualliflik qilgan.
Ushbu jamoalar oradan etti yil o‘tib, 2018 yil OChL guruh bosqichiga chiqish yo‘llanmasi uchun kurashgan. Qarshida bo‘lib o‘tgan bellashuvda qarshiliklar yirik 5:1 hisobida g‘alaba qozongan. Uchrashuvdagi jamoamizning gollariga Igor Golban, Bobir Abdixoliqov, Azizjon G‘aniev va Dragan Cheran mualliflik qilishgan bo‘lsa, Yaser Al Ravshdeh avtogol egasiga aylangan. Alban Meha ammanliklarning yagona javob golini kiritgan.
“Nasaf” hozirgacha Iordaniya jamoalariga yutqazmagan. Ishonamizki, bu yaxshi an’ana davom ettiriladi.

Fikrlar