
OChLga tayyorgarlik, legionerlar masalasi va O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchilari to‘g‘risida "So‘g‘diyona-W" klubi murabbiyi Gulshan Shodieva bilan intervyu.
Ayollar futboli 2021 yilgi futbol mavsumi o‘z yakuniga etdi. "So‘g‘diyona-W" klubi Oliy ligada ham O‘zbekiston Kubogida ham chempionlikka erishdi. Bugungi suhbatdoshimiz shu klubda faoliyat yuritadigan yordamchi murabbiy Gulshan Shodieva.
Assalomu alaykum. Avvalo bu yilgi Oliy liga va O‘zbekiston kubogi chempionligi bilan tabriklayman! Shu haqda alohida to‘xtalib o‘tsak.
-Assalomu alaykum, tabrik uchun raxmat! Bu yilgi ayollar o‘rtasida oliy liga chempionatimiz ancha yuqori darajada o‘tdi. Yil boshida o‘z oldimizga yuqori maqsadlarni qo‘ygandik va bu yo‘lda jamoamiz bilan birgalikda tinimsiz mehnat qildik va buning samarasini yil oxirida ko‘rdik. O‘zbekiston chempioni va kubogi sohibiga aylandik.
Albatta, bu ikki nufuzli sovrinni qo‘lga kiritish oson bo‘lmadi. Ayollar futboliga e’tibor yildan yilga oshib bormoqda va bu bizni yanada o‘z ustimizda ishlashga, nafaqat O‘zbekiston chempionatida, balki Osiyo Chempionlar ligasida ham munosib ishtirok etib, yuqori o‘rinlar olishimizga turtki bo‘ladi, degan umidamiz.
Chempion sifatida hozir nimalarni his qilyapsiz?
-Futbolchilik faoliyatimda chempion bo‘lish nasib qilmagandi. Murabbiylikni Sherali Babaqulov qo‘l ostida boshlaganimga 3 yil bo‘lgan bo‘lsa, shu 3 yil davomida 2 karra O‘zbekiston chempionatida bronza medallarini qo‘lga kiritdik, bu yil oltin va kubokka ega chiqdik. Chempionlik hissini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi, jamoamiz bilan birgalikda juda xursandmiz.
Ayni paytda "So‘g‘diyona" moliyaviy jihatdan juda kuchli klub. Chempionatimizda jamoangizga eng katta qarshilik ko‘rsata oladigan raqib haqida aytib o‘tsangiz. Har holda, ayollar klubidagi sharoit hatto Superliganing ba’zi jamoalarida yo‘q...
Yuqorida aytib o‘tganimdek, ayollar futboli rivojlanib bormoqda. Jamoalar yaxshi tashkil qilinyapti, sovrinli o‘rinlar uchun kurash oshib bormoqda. Bu yilgi chempionatimizda yuqori pog‘onalarni band etish uchun bizga "Bunyodkor" ayollar jamoasi qarshilik qildi. Bu klub ham yaxshi shakllangan. O‘zbekiston kubogi finalida "Bunyodkor" maydonida aynan "Bunyodkor - W" jamoasi bilan to‘qnash keldik va bu kurashda g‘olib chiqdik. Albatta, chempionlik o‘z o‘zidan bo‘lib qolmaydi, boshqa jamoalar kabi bizda ham qiyinchilikarbo‘lgan bu qiyinchiliklarni bosh murabbiymiz, jamoamiz bilan birgalikda engib o‘tganmiz. Xalqimizda bir maqol bor, sabrni tagi oltin!
Hozirgi kunda klubimiz tomonidan barcha sharoitlar qilib berilgan. Sharoit bor joyda natija bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Endi o‘zingiz haqingizda gaplashsak, avval futbolchi bo‘lganingizni aytdingiz. O‘zi sportning bu turiga qanday kirib kelgansiz?
-Yoshligimdan futbolga muhabbatim juda kuchli bo‘lgan, maktabimizda futbol to‘garagi bo‘lgan, bolalarga qo‘shilib to‘p tepardim. Mendagi qiziqishni ko‘rgan murrabiyim o‘z qo‘l ostiga olib, futbol bilimlarini bergan. Professional futbolga kirib kelishimga sababchi Sherali Nasimjanovich bo‘ladi. Aynan shu inson qo‘l ostida "Metallurg -W" klubida 3 yil to‘p tepganman. Jarohat tufayli futbolni erta tark etishga majbur bo‘ldim. Murabbiylik faoliyatimni boshlashga ham shu inson turtki bo‘lgan.
Hozirda Sherali Babaqulov qo‘l ostida yordamchi murabbiy bo‘lib ishlab kelmoqdaman. Bu murabbiy bilan ishlash men uchun sharaf.
Bugun yordamchi murabbiylikda faoliyat olib boryapsiz va kelajakda qaysidir klubda bosh murabbiy bo‘lib ishlash rejalaringiz bormi?
- To‘risini aytsam, bu haqda o‘ylab ko‘rmaganman. Futbolda o‘rganadigan narsalarim juda ko‘p. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
"So‘g‘diyona - W" klubida tajribali futbolchi qizlar to‘p tepishadi. Klub kelasi mavsumda xalqaro o‘yinlarda maydonga tushishini inobatga olib transferlarga e’tibor qaratilyaptimi?
- To‘g‘ri, tajribali futbolchilarimiz bor va ular kelasi yili bo‘lib o‘tadigan Osiyo Chempionlar Ligasida asqatishiga ishonamiz. Transferlarga keladigan bo‘lsak, klub rahbariyati va bosh murabbiymiz bu masala bo‘yicha ish olib bormoqda.
Bilamizki, "So‘g‘diyona" klubida 3ta legioner futbolchilar to‘p tepadi. Boshqa hech bir jamoada bunchalik ko‘p xorijlik yo‘q. Ularning chempionlikdagi hissasi darajada?
- Darhaqiqat, jamoamizda 3 ta afrikalik professional futbolchi o‘ynaydi. Chempionlikda ularning ham hissasi bor, buning uchun ularga rahmat aytamiz. Shuni ta’kidlab o‘tish kerak-ki, futbol jamoaviy sport turi. Shuning uchun, g‘alaba uchun bir yoki ikki o‘yinchining tajribasi kamlik qiladi. Shundan kelib chiqib chempionlikda barcha futbolchilarimizning hissasi bor, deb ayta olaman.
Mavsum tugadi. Endi futbolchilar orasidan eng yaxshilari tanlab olinadi. Ketma-ketlikda 3ta eng yaxshi ayol futbolchini ayta olasizmi?
- Mavsumning eng yaxshilariga keladigan bo‘lsak, mening fikrimcha, bular Diyora Habibullaeva, Fuseina Mumuni, Lyudmila Karachik. Bu yilgi mavsumni bu futbolchilar juda yaxshi o‘tkazishdi.
Futbolda ozmi-ko‘pmi faoliyat olib bordingiz, bugun futbolni tanlayotgan yosh qizlarga nimalarni maslahat bera olasiz?
- Bu yildan boshlab, har bir klub qoshida o‘rinbosarlar jamoasi bo‘lishi yo‘lga qo‘yildi va ular o‘rtasida U16 O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Bu qaror qizlarning futbolga qiziqishini yanada oshirishga yordam beradi. Futbolni endi boshlagan yosh qizlarga maslahatim uni sevib, murabbiy berayotgan bilimlarini to‘laqonli o‘rganib, sabr qilib, mehnat qilishsa, o‘z maqsadlariga albatta erishishadi.
Javoblaringiz uchun tashakkur. "So‘g‘diyona" klubiga Osiyo va ichki chempionatda omad tilab qolaman.
-Rahmat!
Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi
Fikrlar