O‘FA rahbariyati Jahon chempionati ishtirokchisiga qarshi o‘yinga tayyorlanayotgan yoshlar jamoamiz bilan uchrashdi
2023 yilning mart oyida O‘zbekiston yashil maydonlarida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi final bosqichi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda Osiyoning 16 ta jamoasi qit’a birinchiligi va Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
O‘zbekiston U20 terma jamoasi ham mezbon sifatida mazkur musobaqaga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Jamoamiz, rejaga muvofiq, musobaqaga qadar bir nechta yig‘inlar o‘tkazishi, xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Xususan, ayni kunlarda vakillarimiz Toshkentda navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda. Yig‘in doirasida Ravshan Haydarov shogirdlari Jahon chempionati ishtirokchisi — Slovakiya yoshlar terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etadi.
O‘FA rahbariyati O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bilan uchrashdi. Suhbat avvalida oldimizdagi nufuzli musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish kerakligi aytildi. Yurtimizda o‘tadigan musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish asosiy maqsadlardan biri ekanligi ta’kidlandi. Ijobiy natijalarga erishish uchun O‘FA tomonidan barcha zarur sharoitlar taqdim etib berilishi ma’lum qilindi. Reja asosida olib boriladigan yig‘inlarda futbolchilarning jismoniy holatini yuqori darajada ushlash va ularning tiklanish jarayonlari nazorat qilish yuzasidan kerakli ko‘rsatmalar berildi.

O‘z o‘rnida, bosh murabbiyi Ravshan Haydarov tomonidan jamoaning ayni paytdagi holati va keyingi rejalar taqdim etildi. Jamoa sardori Umarali Rahmonaliev Osiyo kubogida munosib ishtirok etib, Jahon chempionatiga chiqish yo‘lida barcha imkoniyatlardan maksimal foydalanishga harakat qilishlarini aytib o‘tdi.
O‘FA matbuot xizmati
Fikrlar