
O‘FA Yaponiya futbol assotsiatsiyasi bilan muzokara o‘tkazdi. Yurtimizga xorijdan murabbiy keladigan bo‘ldi
O‘FA va Yaponiya futbol assotsiatsiyasi o‘rtasida videokonferensiya orqali muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi. Ushbu muzokaralarning maqsad va vazifasi — O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Yaponiya o‘rtasidagi yaqin va samarali hamkorlikni davom ettirish, ikki mamlakat futbolini rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, O‘zbekistonga Yaponiyadan murabbiy va mutaxassislarni jalb etishdan iborat bo‘ldi.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyligi va hududiy akademiyalarning texnik direktorligi lavozimi uchun Yaponiyaning katta tajribaga ega mutaxassislar xizmatlaridan foydalanish masalasini muhokama qildi.
- So‘ngi yillarda yurtimizda sportga, xususan, ayollar futboliga e’tibor har galgidan ortgan. Shu yo‘lda o‘z oldimizga bir qator maqsadlar qo‘yganmiz. Ayollar futboli borasida katta tajribaga ega Yaponiya bilan hamkorlik qilish maqsadlarimizga erishishda katta yordam beradi, deb o‘ylayman, - dedi Ravshan Ermatov.
Dastlabki kelishuvga ko‘ra, ayollar terma jamoamizga nomzod bosh murabbiy va uning yordamchisi kelasi yilning yanvar oyida yurtimizga kelishi kutilmoqda. Ularning vazifalari qatoriga ayollar futbolini rivojlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish va mashg‘ulotlarni ilmiy-tahliliy yondashuv dasturlari asosida tashkil etish kabilar kiradi.
Muzokaralar chog‘ida shartnomaning shartlari va yapon mutaxassislarining mamlakatimizdagi vazifalari muhokama qilindi. Har ikki tomon ham uzoq muddatli samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Fikrlar