
Olimpiyachilarimizning muvaffaqiyatsizligi, futboldagi tezkorlik, AGMKning yangi maqsadlari - Muxtor Qurbonov bilan suhbat
AGMK klubi o‘tgan yilgi ishtirokidan xulosalar chiqargan holda yangi mavsum uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqda. Klubda esa bir qator futbolimizda ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar ishlayotganini yaxshi bilsangiz kerak. Masalan, AGMKda sport direktori sifatida ishlab kelayotgan Muxtor Qurbonovni ham ishqibozlar juda yaxshi bilishadi. O‘z vaqtida tajribali futbolchi bo‘lgan va milliy terma jamoamizda ham muhim o‘yinchilardan biri bo‘lgandi. Endilikda esa u AGMK klubida mehnat qilib kelmoqda. U bilan esa bir qator qiziqarli mavzularda suhbatlashsa bo‘ladi. Masalan, klub haqida. Shuningdek, yaqinda olimpiya terma jamoamizning Tailanddagi ishtiroki borasida ham Muxtor Qurbonov o‘zining shaxsiy qarashlariga ega. Biz esa mutaxassis bilan ikkita mavzu - olimpiya terma jamoamizning ishtiroki va AGMK klubi haqida suhbatlashdik.
"Yigitlarimiz yo‘llanmani qo‘lga kiritishga qodir edilar"
- Olimpiya terma jamoamizning Osiyo chempionatidagi ishtiroki barchaning muhokamasida bo‘lib turibdi. Bu masalada sizning fikrlaringiz qanday?
- Terma jamoamiz Tailandda oltita o‘yin o‘tkazdi. Barcha uchrashuv turlicha ko‘rinishda o‘tdi. Masalan, birinchi turda Eron bilan durang o‘ynadik. O‘shanda futbolchilarimizda hayajon bo‘ldi, bosim sezildi, kabi turli sabablar keltirildi. Keyin ikkinchi uchrashuvda Xitoyni mag‘lub etdik. To‘g‘ri, hujumdagi ishlarimiz yomon bo‘lmadi, to‘pni o‘zimizda nazorat qildik. Lekin himoyada muammolarimiz ko‘zga tashlanib turdi. Nafaqat ushbu o‘yinlarda, balki butun musobaqa davomida himoyachilarimizda o‘zlariga bo‘lgan ishonch ko‘rinmadi. Ko‘pchilikda Oybek Bozorov yaxshi taassurot qoldirdi, shaxsan menda ham. Jasur Yaxshiboevdan esa ko‘p narsa kutilgandi. Biroq u o‘z darajasida o‘ynay olgani yo‘q. Hujumda esa birgina Bobur Abdiholiqovga ishonib qolindi. Natijada turnirning oxiriga qadar bitta o‘sha hujumchi bilan o‘ynadik. Bobir esa bir qator imkoniyatlarni yo‘qqa chiqardi. To‘g‘ri, ora-orada Mirahmadovni ham maydonga tushirishdi. Lekin asosiy tarkib a’zolaridagi charchoq alomatlari bilinib turdi. Shu bois Osiyo chempionatida terma jamoamiz deyarli 11-12 futbolchi bilan o‘ynadi. Musobaqa ham bo‘lib o‘tdi, terma jamoamizning o‘yinini hamma ko‘rdi. Boya aytganimdek, himoyada muammolarimiz ko‘rinib qoldi. Ko‘pchilik ishonch bildirgan ayrim o‘yinchilarimiz esa ishonchni oqlay olishmadi. «Nasaf» a’zosi Sharof Muhitddinovdan ham umidimiz katta edi. Uni o‘zim ham klubdagi o‘yinlarini kuzatganman. Qisqa qilib aytganda, u ham yaxshi futbolchi. Murabbiylar esa turnir davomida Muhitdinovdan ham etarli darajada foydalanishlari kerak edi. Lekin bunday bo‘lmadi. Abror Ismoilov ham jamoamizga yordam bera oladigan darajada edi. Ammo u ham faqat zaxirada o‘tirdi xolos. Tarkibimizda imkoniyati ko‘proq bo‘lgan yigitlarimiz bor edi. Jamoamiz musobaqa davomida 100 foiz o‘zini ko‘rsata olmadi. Yigitlarimiz o‘z kuchi bilan Olimpiada masalasini hal qilishga qodir edilar. Afsuski, yana bir qadam, yarim qadam bilan qolib ketdik, degan gaplar aytildi. Lekin bizda bosim borgan sari kuchayib bordi. Saudiya Arabistoni bilan uchrashuvda hammasini hal qilib qo‘yishimiz kerak edi. Ammo o‘sha bahsda biz yutqazdik. Hammasi uchinchi o‘rin uchun o‘yinda hal bo‘ladigan bo‘ldi. Natijada futbolchilarimizdagi bosim ikki hissa kuchayib ketdi. Bunday paytda esa g‘olib chiqish qiyin edi. To‘g‘risi, imkoniyatlarimiz 50x50 edi. Ayniqsa, ruhiy tomondan jamoamizga qiyin edi, chunki biznikilar og‘ir ahvolga tushib qolishgandi. Shunga qaramay, yigitlar harakat qilishdi. Baribir futbolchilarimiz yorqin jihatlarini ko‘rsata olishmadi. Vaholanki, ularning qo‘lidan ko‘p narsa kelardi. Agar Avstraliya bilan boshqa payt o‘ynaganimizda bemalol yuta olardik. Ammo uchinchi o‘rin uchun kurashda jamoamizni bosim har tomonlama qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Bundan tashqari, futbolchilarimiz dekabr oyida jo‘nab ketishdi. Avval BAAda yig‘in o‘tkazishdi, keyin Tailandga ketishdi. Bir oydan ko‘proq vaqt davomida uyda bo‘lishmadi. Menimcha, futbolchilarimiz turnir boshlanishidan oldin hech bo‘lmaganda ikki kunga uylariga kelib ketishlari kerak edi. O‘zim ham yaxshi bilamanki, biz chetga chiqadigan bo‘lsak, 10 kundan keyin uyni, vatanni sog‘inishni boshlaymiz. Katta musobaqalarga ketishdan oldin shunday jihatlarga ham e’tibor qaratish kerak. Chunki bunda bir-ikkita o‘yinchi emas, balki butun jamoa bor. Kimdir bunday jarayonga tayyor, yana kimdir tayyor bo‘la olmagan. Aslida esa bu terma jamoamizda eng saralangan, yaxshi futbolchilar yig‘ilgandi. Endi ushbu terma jamoadan ko‘plab o‘yinchilarimizni milliy termaga jalb qilish kerak. Shu bilan birga navbatdagi Osiyo chempionati uchun yangi tarkibni bugundan shakllantirib borish lozim.
- Bosh murabbiy Lyubinko Drulovich haqida nima deya olasiz? Bu borada ham turli fikrlar bildirilmoqda.
- Men ham ko‘pchilikning fikriga qo‘shilaman. Ravshan Haydarov o‘zimizning murabbiy, yaxshi saviyaga ega. Yomon murabbiy bo‘lganida shuncha yillardan beri terma jamoalarda ishlarmidi? «Paxtakor»da ham qanday ishlar olib borganini bilamiz. Ikki yil oldin esa olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida chempion bo‘lib qaytishdi. Rahbariyat xorijdan murabbiy olib kelsak yaxshi bo‘ladi deb o‘ylashgandir. Lekin o‘sha paytda Ravshan Haydarovning o‘ziga jamoani topshirishganida balki hozir Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lishi ham mumkin edi. Yana bir xatolarimizdan biri milliy terma jamoada ham xorijlik murabbiyning ishlagani bo‘ldi. Uning kelib ketishi orqali qancha muammolarga uchradik. Natijada bir, bir yarim yil vaqtimizni yo‘qotdik. Bizning futbolchilar texnik jihatdan yaxshiroq va hujumkorlikni xush ko‘rishadi. Shunga yarasha murabbiyni tanlab olib kelishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Kuper kelganida esa boshidanoq uning falsafasi faqat himoyaviy futbol ekanligi bilinib turgandi. Bizning futbolchilar esa hech qachon himoyaviy o‘yinga moslashishmagan. Yaqinda Moskvaga borib «Lokomotiv» klubida malaka oshirib keldim. Ularning ishlash uslubini ko‘rdim. Bilasizmi, u erda futbol tez. Masalan, akademiyadagi bolalari ham futbolni tez va aql bilan o‘ynashadi. Shunda o‘zimizga-o‘zimiz savol beramiz, nimaga bizning futbolchilarimiz sekin o‘ynashadi, maydonda xuddi piyoda yurgandek taassurot qoldirishadi. Nima uchun shunday? Hammasi qanaqadir kuch yoki boshqa narsada emas, balki barchasi miyaning ishlashida! Agar miya tez ishlasa, futbolni ham shuncha tez o‘ynaydi. Bizda esa jismoniy tomondan kuchi etmayapti deb aytamiz-u, ammo aslida bu umuman boshqa narsa. To‘g‘ri, klublarimiz dekabrdan boshlab mashg‘ulotlarga kirishishadi. Bunday paytda jismoniy tomondan ham va yana boshqa jihatlar ustida ham ishlashadi. Ammo bularning bari boshqa narsalar. Aslida esa tezlik miyadan boshlanadi. Maydonda qancha tez fikrlasangiz, futbol ham shunga yarasha tezlashib boraveradi. «Lokomotiv»ning asosiy jamoasi va akademiyasidagi mashg‘ulot jarayonlarini kuzatdim. Agar o‘zimizdagi 14 yoshdagi futbolchilarimizni o‘sha erga olib borib, ularni qo‘liga topshirsak, 3-4 yildan keyin bemalol katta musobaqalarda o‘ynay oladigan darajaga chiqadilar. Bizda texnika bor, to‘p bilan ishlashni bilamiz. U erda esa miya bilan tezkor fikrlash, futbolni tez va sifatli o‘ynashni o‘rganadilar. Bizning yigitlarimizda esa baribir jiddiy turnirlarda tezlik va to‘g‘ri futbol o‘ynash etishmayapti. Harakat qilishyapti-yu, ammo, baribir sekin o‘ynashyapti. O‘yin paytida qaror chiqarish, tez fikrlash ham sekin bo‘lyapti. Boya aytganimdek, qancha tez fikrlab o‘ynasa, futbol ham tezlashadi. Afsuski, o‘yinchilarimizga shu narsa etishmayapti.
- Bizda ham iqtidorli yoshlar bor, yo‘q emas. Ammo ularning rivojlanishi qandaydir chegaragacha bo‘lib qolmoqda. Natijada keyinchalik ularni yo‘qotib qo‘yyapmiz. Masalan, Evropaning kuchli chempionatlarida yaponiyalik va janubiy koreyalik futbolchilarning to‘p surishlari odat tusiga kirgan. Bizning tizimda esa xatolik bor...
- To‘g‘ri, yigitlarimiz 19-20 yoshgacha nimalarnidir o‘rganishyapti-yu, ammo keyin to‘xtab qolishyapti. Demak, rivojlanish uchun aniq tizim bo‘lmasa qiyin bo‘laveradi. Masalan, Yaponiyani oladigan bo‘lsak, ular doim keyingi rejalarini tuzib yurishadi. Biror musobaqada qatnashishsa ham albatta bo‘lajak turnirlarni unutib qo‘yishmaydi. Shuning uchun Yaponiyada 2030 yilgacha bo‘lgan futbol strategiyasi ishlab chiqilgan. Yoki Qatarni olaylik, ular 15 yil oldin futbolda rivojlanishni boshlashgan. Bu esa milliy terma jamoasida o‘z mevasini berdi. Ispaniyalik mutaxassislarni olib kelishdi va natijada qatarliklar bitta tizim bo‘yicha ishlashni boshlashdi. Hamma narsa tizimga bog‘liq.
- Bizda asosiy muammo nimada?
- Mentalitet. Qandaydir ko‘ngilchanmiz. Masalan, ikki jamoa o‘rtoqlik o‘ynayotgan bo‘lsa yoki bir jamoa vakillari mashg‘ulotlarda qatnashishayotgan bo‘lsa, futbolchi sherigiga «podkat» qilib qo‘ysa, darhol sekinroq o‘yna, ertaga o‘yinimiz bor deb xadiksirab turishadi. Lekin maydonga chiqdingmi, hammasini unut. Bu sen uchun ish. Kerakli paytda «podkat» qilish kerakmi, marhamat shuni qil yoki turtish kerak bo‘lsa turtsin. O‘ziga yarasha qattiqqo‘llik bilan o‘ynash lozim. Agar jamoadoshiga to‘pni biroz qattiqroq uzatsa, darhol sekinroq uzatmaysanmi deb baqirishadi. Ammo aslida unday emas. To‘pni qattiq yoki kuchli uzatdimi, uni to‘xtatib olish endi sening ishing bo‘ladi. To‘pni qattiq uzatdimi, o‘z-o‘zidan o‘yinchi ham tez chopishiga to‘g‘ri keladi. O‘z-o‘zidan esa futbol ham tezlashadi. Evropada hammasi qat’iy. Futbolchilar ertalab 9 da bazaga kelishadi va hammasini bajarib, kechki payt 7 da uyga qaytishadi. Bizda qanaqa? Futbolchi mashg‘ulotga ketdi, ammo kun davomida yana boshqa yumushlarini ham qilib yuradi. Bolani maktabga yoki bog‘chaga olib borish, bozorga chiqish vahokazo. Lekin futbolchi bo‘lishni istaysanmi unda hammasiga qat’iy amal qilish lozim. Boshqa ishlarga chalg‘imaslik kerak. Futbolchi butun e’tiborini faqat o‘z ishiga va o‘yiniga qaratsin. Boshqa ishlar esa uning xayolini chalg‘itadi. Shunday ekan, kerak paytda mentalitetni ham o‘zgartira olish kerak. Bizda esa xarakterimiz yumshoq. Sportda esa biror nimaga erishmoqchi bo‘lsangiz, bunday narsalar sizga xalaqit qiladi. Futbolchi qat’iyatli, tartib-intizomli va tezkor bo‘lishi kerak.
"AGMK Osiyo Chempionlar ligasi uchun kurashadi"
- Yangi mavsumda AGMK oldiga yana katta maqsadlar qo‘yilayotgani haqida eshityapmiz...
- Har yili maqsad jiddiy bo‘ladi. Ammo doim qanaqadir sabablar bo‘lib qoladi. Misol uchun o‘tgan yili tarkibimiz 90 foizga o‘zgardi. Murabbiyga esa bir jamoani shakllantirib, nimagadir erishishi uchun uch yil vaqt kerak. O‘tgan yilgi xato va kamchiliklarimiz ko‘rindi. Endi shunga qarab ojiz nuqtalarimizni kuchaytiryapmiz. Masalan, Yovan Jokichni qaytardik. Shuningdek, Mate Vatsadze, Arslanmirat Amanov, Sanjar Tursunov kabi futbolchilarni olib keldik. Bu yil ham maqsadimiz jiddiy. Ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish asosiy vazifamiz. Jamoamiz BAAda yig‘in o‘tkazyapti. U erda 4-5 ta nazorat uchrashuvlarini o‘tkazish rejamiz bor.
- Klubda legionerlar limiti to‘ldi. Umuman olganda, selektsiya ishlari yana davom etyaptimi? Tarkibda yana yangilarni ko‘ramizmi?
- Transfer yil davomida bo‘ladigan jarayon. Yangi o‘yinchilarni jalb qilganimiz bilan selektsiya ishlari to‘xtab qolmaydi. Transfer oynasi yopilgunicha selektsiya ishlari davom etadi.
- Klubga bir qator o‘yinchilar taklif etildi. Ayting-chi, qaysi futbolchinining muzokarasi qiyin kechdi?
- Futbolchilar bilan muzokaralarda u qadar qiyinchiliklar bo‘lmadi. Misol uchun Jokich «Lokomotiv»ga o‘tishdan oldin AGMKda o‘ynagan. O‘zi bilan gaplashganimizda yana Olmaliqda o‘ynashni xohlashini aytdi. Elguja Grigalashvili AGMKda yarim yil o‘ynadi va jamoa unga yoqdi. Natijada u bilan ham shartnomani uzaytirish qiyinchilik tug‘dirmadi. Arslanmirat Amanov ham ilgari AGMKda to‘p surib ketgandi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, biz yangi, hech kimga tanish bo‘lmagan o‘yinchilarni olmadik. Hammasi tajribali, chempionatimizda o‘ynagan o‘yinchilar. Chunki o‘tgan yili legioner masalasida biz xatoliklarga yo‘l qo‘ydik. Bu yil ham o‘sha xatolarni takrorlamaslik maqsadida bu yil o‘zimiz ko‘rgan, bilgan, chempionatimizda o‘ynab, futbolimizni tushunib olgan legionerlarni taklif qildik. Ular bilan muzokaralarda hech qanaqa muammo bo‘lmadi. Biz ularni taklif qildik va o‘zlari ham jamoamizda o‘ynash bo‘yicha xohishlari borligini ma’lum qilishdi. Barchasi klubga yordam berish niyatida kelishgan. Ammo quruq gaplar bilan cheklanmasdan endi amalda ham isbotlashga harakat qilishadi.
- AGMKda moliyaviy holat bo‘yicha ishlar qoniqarli ekanligi haqida ko‘p eshitamiz. Ayting-chi, yangi mavsum uchun klubning byudjeti qanday?
- Yomon emas, yaxshi. Bizda hammasi me’yorida. Ko‘p ham emas, kam ham emas. Albatta, klub rahbarlari katta e’tibor berishyapti. Sharoitlar ham yaxshi.
Fikrlar