
O‘rinboev Angliyaga qanday borib qoldi?
Muhammadali O‘rinboev 2005 yilning 24 aprel kuni sportchilar oilasida tug‘ilgan. Akasi Zabihillo ham futbolchi ekanini ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz. Uning amakivachchasi Yahyo O‘rinboev ham “Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi va 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tarkib topgan terma jamoamiz safida jahon chempionatida to‘p tepib, muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozondi.
Muhammadali futbolchilik faoliyatini 5 yoshida “Spartak Chig‘atoy” jamoasida boshlagan. Uning ilk murabbiyi Sergey Arslonov bo‘lgan. 11 yoshidan “Paxtakor” akademiyasida Farhod Nishonov murabbiyligida shug‘ullangan.
Iste’dodli futbolchi professional faoliyatidagi debyutini 2021 yilning 25 oktyabr kuni “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvda o‘tkazgan va o‘sha mavsumda maydonga tushgan eng yosh futbolchi bo‘lgandi (16 yoshu 183 kunlik).
Muhammadali “Paxtakor”dagi debyut golini esa 2022 yilning 23 avgustida O‘zbekiston kubogi doirasida “Sho‘rtan” klubiga qarshi o‘yinda kiritgan edi. Osiyo Chempionlar ligasidagi debyut esa, 2023 yilning 24 oktyabrida o‘tkazilgan Turkmanistonning “Ahal” jamoasiga qarshi uchrashuvga to‘g‘ri keldi.
Klubdagi faoliyat, albatta muhim, lekin hujumkor yarim himoyachi uchun terma jamoa haqiqiy tramplin vazifasini bajardi. Dastlab, 2021 yilda Server Jeparov boshchiligidagi U-17 terma jamoasida debyut qilgan bo‘lsa, bir yildan keyin, tajribali murabbiy Rauf Inileevning U-18 termasida harakat qila boshlaydi va 2022 yilning oktyabr oyida terma jamoaga Farhod Nishonov murabbiy etib tayinlanadi.
Yuqorida eslab o‘tganimizdek, Nishonov O‘rinboevning “Paxtakor”dagi ustozi edi. Bosh murabbiy Muhammadalining imkoniyatlarini yaxshi bilgan holda maydondagi eng katta vazifa – o‘yinni boshqarishni unga ishonib topshiradi. Shu yilning noyabr oyida Turkiyada mezbonlarga qarshi yoshlar termamiz 2 ta o‘yin o‘tkazadi. Ikkala uchrashuvda ham terma jamoamiz mag‘lub bo‘lganiga qaramay, O‘rinboev skautlar nazariga tushadi.
2023 yilning bahorida Tojikistonda tashkil etilgan “CAFA U-20 Championship” musobaqasida O‘rinboev 4 uchrashuvda 2 gol va 2 assist qayd etib, chempionlikka munosib hissa qo‘shadi. Muhammadali musobaqaning “eng yaxshi futbolchisi” sovrini ham qo‘lga kiritadi.
Yozda kelishuvga ko‘ra, Turkiyaga qarshi yana ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkaziladi. Mana bahslardan keyin 23 iyunda Turkiyaning “FutureBall” agentligi iste’dodli futbolchimiz bilan shartnoma imzolaganini e’lon qiladi.
Bu agentlik Enes Unal, Jengiz Under, Vedat Muriki, O‘zan Tufan kabi nomdor futbolchilarnng ham manfaatini himoya qiladi.
Turkiyadagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida Muhammadali O‘rinboevning o‘yinlarini “Brentford” skautlari kuzatib borganini futbolchining o‘zi intervyusida ma’lum qilgan edi.
Muhammadali intervyusida “Brenford”ga 2023 yilning yozida yo‘l olmoqchi bo‘lganini ta’kidlagan. Biroq, Angliya futbolida yangi qoida kiritilib, futbolchilar bu mamlakatda o‘ynash uchun Governing Body Endorsement (GBE) reytingida ball jamg‘arish talabini bajarishi kerak.
O‘rinboev yozda etarli darajada ball jamg‘ara olmagani uchun uning transferi qishda amalga oshirildi.
Mana endi 18 yoshli futbolchimiz “Brentford B” jamoasida debyutini nishonlab, mutaxassislar tomonidan ijobiy bahoni ham olib bo‘ldi. Unga o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari nomidan kelasi faoliyatida muvaffaqiyat tilaymiz.
Legionerimiz Angliyada o‘yin o‘tkazadi
Farhod Tulkunov
O‘zJOKU talabasi
Fikrlar