
Ortiqcha afishasiz! Bu shunchaki "el-klasiko"
Futbol kurashlarga boy sport turi. Raqobat, shiddat va hatto janjal kabi tushunchalar futbolning qon-qoniga singib ketgan. Ayrim uchrashuvlar borki, biz ularga o‘zgacha mehr qo‘yganmiz. Ulardan biri - "El-klasiko". Bu bahs yuqoridagi tushunchalar bilan birga printsipiallikni ham o‘z ichiga oladi. Turnir jadvalidagi pozitsiya, sovrin katta ahamiyatga ega emas. Or-nomus uchun, jamoa sha’ni uchun jang ketadi "klasiko"larda.
20-dan 21 martga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 01:00da muxlislar navbatdagi "El-klasiko" guvohi bo‘ladi. Kimnidir bu o‘yinga qiziqtirish shart emas. Bizni qanday o‘yin kutayotganini o‘zingiz his qilib turibsiz. "Real" doimo qudratli bo‘lgan. Buni yaqinda ham isbotladi. "Barselona" "sinib" yana tiklanayotgan jamoa. "Ko‘k-anorranglilar" shiddat bilan tepaga qarab yuksalyapti. Shu nuqtada ikki azaliy raqib o‘zaro kuch sinashadi. Yo‘llari La Liganing 29-turida kesishdi. Biz ushbu to‘qnashuvdan oldin bir qator yangiliklar, fikrlar va faktlar bilan sizlarni tanishtirib o‘tamiz.
"Real" Madrid
Chempionlar ligasi qirollari mazkur turnirdagi yurishini davom ettiryapti. Ular "Santyago Bernabeu"da PSJni qay holatga solganiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Messi, Neymar, Mbappesi bor jamoa Madriddan bir narsani tushunib qaytdi. Garchi, tarkib to‘la yulduzlar bo‘lsa-da, mentalitet o‘z so‘zini aytadi. "Real"ning mentaliteti - g‘oliblik. Raqib qanday kuchga ega bo‘lishidan qat’i nazar, ular o‘zlarini doimo birinchi va kuchli, deb qiladi. Ayni vaqtda Anchelotti shogirdlari La Ligada peshqadam. EChL chorak finalida ular "Chelsi"ga qarshi o‘ynaydi. To‘g‘ri, "aristokratlar" ayni vaqtda qiyin ahvolda. Klub moliyaviy inqiroz va sanktsiyalar ostida qolib ketgan. Biroq bu faktor maydonda katta rol o‘ynamaydi. Balki, "qaymoqranglilar"ga qarshi bu mavsumdagi eng yaxshi "Chelsi" maydonga tushar. O‘sha bellashuvga qadar Madrid klubi kayfiyatni ko‘tarib olish imkoniyatiga ega. Tobora kuchli o‘yin ko‘rsatayotgan "Barsa" ularga qarshilik ko‘rsatadi. Noxush xabar ham mavjud. Bu mavsum tinimsiz gollar urayotgan hamda PSJga qarshi uchrashuvda qahramonlik ko‘rsatgan Karim Benzema "el-klasiko"ni o‘tkazib yuboradi. Karimsiz "Real"ni yaqin vaqtlar ichida katta o‘yinlarda deyarli ko‘rmadik. Ana endi ko‘ramiz!
"Barselona"
Yuqorida yuksalayotgan "Barselona" jumlasini ishlatdim. Bu fakt. "Ko‘k-anorranglilar" 11 uchrashuvdan buyon mag‘lub bo‘lmay kelmoqda. Sermahsullik ham avjida. Xavi kelib, hammasi yaxshi tarafga o‘zgaryapti. Yosh futbolchilarning super o‘yin namoyish etayotganini ham ta’kidlab o‘tish lozim. O‘yinga qaraydigan bo‘lsak, Xavi jamoasi kuchli pressing, mayda paslar hamda tezkor qanotlar evaziga so‘nggi uchrashuvlarda gollar urib tashlamoqda. Bunaqa o‘yin fonida himoyadagi kamchiliklar ham berkitib ketilyapti. Jamoa bir futbolchi yoki 2-3 ta ijrochiga ishonib o‘ynamayapti. Yaxlit bir tizim. Unda hammaning o‘rni bor. Bir qarasang, Pedri va Gavi super o‘yin namoyish etadi. Traore, Dembele kabi tezkor futbolchilar qanotlarda faol, Obameyang va Ferran kabi yangi nomlar esa gollar urib tashlayapti. Qariya Alvesh va Alba assistlari bilan jamoaga foyda keltirmoqda. Tan olish lozim, bu "Barsa"da qaysidir o‘yinchini ajratib ko‘rsatish qiyin. Agar kimnidir xizmatini alohida ta’kidlash kerak bo‘lsa, 42 yoshli ispaniyalik mutaxassisni yo‘qlab qo‘yaverasiz!
Murabbiylar fikrlari
Karlo Anchelotti
- El-klasiko" ajoyib o‘yin. Bu safar hammasi boshqacha bo‘ladi. Jamoam yaxshi holatda va biz bu bahsga tayyormiz.
- Mendi hamda Benzema ertaga maydonga tushmaydi. Bundan tashqari, Karim Frantsiya terma jamoasi yig‘iniga ham bormaydigan bo‘ldi.
- Ertaga Benzemaning o‘rniga kim tushishi borasida qaror qabul qildim. Biroq bu haqda gapirmayman.
- "Barselona"da aniq o‘yin uslubi bor. Xavi jamoani yaxshi shakllantira olgan. Ular o‘z vazifalarini yaxshi uddalamoqda.
- Benzemaning jarohati meni havotirga solmaydi. U 34 yoshda. Shu sababli, Karim bu mavsum ko‘p muammolarga duch keldi. Biroq u har doim kuchliroq bo‘lib qaytadi. U keyingi hafta tuzalib, mavsumning asosiy qismida tayyor holatda bo‘ladi.
- Ertaga Nacho sardor bo‘ladimi yoki yo‘qmi, buni ko‘ramiz. U haqiqiy professional va jamoani tartibga keltira oladi. Nacho har doim yordam berishga tayyor va hech qachon shikoyat qilmaydi.
Xavi
- Bu o‘yin jamoamizga ajoyib davrni boshdan kechirayotganimizni isbotlash uchun imkoniyat hisoblanadi. Biz mazkur uchrashuvda individuallik evaziga o‘zimiz uchun begona bo‘lgan maydonda o‘z futbol falsafamizni ko‘rsatishimiz kerak.
- Favorit nomini aytish kerak bo‘lsa, bu "Real" Madrid. Sababi, ular o‘z maydonida to‘p tepadi va La Ligada peshqadamlik qilishmoqda".
Messi dunyo hamda "Barselona" tarixidagi eng yaxshi futbolchi hisoblanadi. U uchun doim eshiklar ochiq. Biroq u hozir PSJda va uning parijliklar bilan yana bir yillik shartnomasi bor.
Hech qanday qo‘rquvsiz va raqib jamoani hurmat qilgan holda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz lozim. Biz so‘nggi "el-klasiko"lardagi noxush an’anani buzishga harakat qilamiz.
- Ertaga "Barselona" g‘alaba qozonsa, siz ilk marotaba katta jamoani mag‘lub etgan bo‘lasizmi?
Biz "Vilyarreal", "Atletiko" hamda "Napoli"ni mag‘lub etdik. Ular katta jamoalar emasmi?
Uchrashuvlar tarixi:
248 ta o‘yin
"Real" - 100 ta g‘alaba
"Barselona" 96 ta g‘alaba
Durang - 52 ta
Taxminiy tarkiblar
"Real"
"Barselona"
Xudayqulov KARIM tayyorladi
Fikrlar