"Orzuim haqiqatga aylanyapti" - Xebay va uning jamoasi endi yulduzlarga qarshi o‘ynaydi
Saudiya Arabistoni birinchi divizionida qatnashayotgan “Al-Oruba” klubi yaqinda o‘z maydonida “Al-Jabalan” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, Saudiya premer-ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Nima uchun bu jamoani tilga olayotganimizning boisini sezib turgandirsiz. U erda o‘zbek muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan albaniyalik hujumchi Rubin Xebay to‘p surmoqda. “Andijon”ning sobiq legioneri mavsum boshida “Al-Oruba”ga transfer qilingandi va uning maqsadida aynan Saudiya Arabistoni chempionatida yulduzlarga qarshi to‘p surish edi. Endilikda u o‘z maqsadiga erishmoqda.
Saudiya Arabistoni birinchi divizioni yakunlanishiga bir tur qolganida “Al-Oruba” 3-o‘rinni naqd qilgan holda pro ligaga chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, birinchi divizionda uchta jamoa elita yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bular – “Al-Qodisiya”, “Al-Xolud” va “Al-Oruba”. Xebay hal qiluvchi bahsda ishtirok etdi va g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi. Rubin “Al-Oruba” safida hozircha 12 ta uchrashuvda 3 ta gol urdi va 1 ta golli pasni amalga oshirdi.
- Rubin, premer-liga yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgani bilan tabriklaymiz. Bu juda qiyin vazifamidi?
- Ha, biz Saudiya Arabistonining premer-ligasiga chiqishni uddaladik. Bu qiyin bo‘ldi. Lekin qattiq mehnat, bor e’tiborini o‘yinlarga qaratish va qilayotgan ishimizga nisbatan yuqori hissiyot hamda jo‘shqinlik bilan istalgan natijaga erisha olishimiz mumkinligini isbotladik, deb o‘ylayman.

- Endi Saudiya chempionatida yulduz futbolchilarga qarshi to‘p surishni qanday tasavvur qilyapsiz?
- Buni bolaligimdan hayotimning eng katta orzularimdan biri deb bilib kelganman. Rostdan ham his qilyapmanki, orzuim haqiqatga aylanyapti. Yangi mavsumni tezroq boshlash va jamoamga yana va yana yordam berish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilishga ishtiyoqqa to‘laman.
- Oxirgi o‘yindagi g‘alabadan quvnoq holatida edinglar va hozir ham shunday kayfiyatdamisizlar?
- Ha, “Al-Oruba”dek kichkina jamoa uchun bu juda katta natija. O‘ylaymanki, muxlislar hamda shahar uchun katta mo‘’jiza yarata oldik.

- Keyingi rejalar qanday?
- Faqat bittagina uchrashuv qoldi. Keyin hammamiz sayohatga, ta’tilga ketamiz. Aytib o‘tganimdek, keyingi mavsum dunyo yulduzlariga qarshi o‘ynashni sabrsizlik bilan kutyapmiz.
Fikrlar
Undan ko'ra Superligamiz yonyapti. 7 ta jamoa potenzialniy chempion bo'lish imkoniyatini saqlab turibdi. Mana shu hanida maqola yozinglar