Osiyo chempionati. Bugun yana 8 nafar bokschimiz yarim finalni naqd qildi!
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Olimpiya shaharchasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tayapti. Bugungi dasturdan 10 nafar o‘smirlarimizning janglari o‘rin olgandi.
Hamyurtimiz Rahmonali Samadov -50 kg vaznda Janubiy Koreya vakili Seongmin Kvonga qarshi bahs olib bordi va afsuski, 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
-52 kg vaznda bo‘lib o‘tgan chorak final bahsida, Oybek Alimjonov Janubiy Koreya vakili Hojun Jangni ikkinchi raundda texnik nokautga uchratdi.
Abdulbosit Yursunboev ham yarim finalga yo‘l oldi. Bokschimiz -54 kg vaznda mo‘g‘ulistonlik Tuvshinbayar Otgonbatdan 5:0 hisobida ustun keldi.
-57 kg da Asliddin Usubaliev chorak final bahsida ringga ko‘tarildi. U qozog‘istonlik Nurislam Ongalbekka qarshi bahs yuritdi. Shiddatli va murosasiz kechgan jangda, afsuski vakilimiz 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
-60 kg da Ahmad Abdusattorov ham chorak final bahsida ringga ko‘tarildi. U yaponiyalik Kaito Kasaharaga qarshi bahs yuritdi. Qiziqarli kechgan jangda Abdusattorov yaqqol ustunlik qildi va 5:0 hisobida zafar quchib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
-63 kg da vazn toifasida Rushen Saydullaevga tojikistonlik Xamza Rahimov raqiblik qildi. Jangni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazgan Saydullaev 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.
- 66 kg da yurtimiz sharafini himoya qilayotgan, Bahodir Xoliqulovga chorak finalda vyetnamlik Min Xoa Nguenga qarshi ringga ko‘tarildi. Jangda vakilimiz juda katta ustunlikka erishdi va bu natijada ham o‘z aksini topdi. Xoliqulov ikkinchi raundda texnik nokaut bilan zafar quchib, yarim finalga yo‘l oldi.
-70 kg da Abduvohid Abdumajidov musobaqadagi eng asosiy raqiblaridan biri qozog‘istonlik Nurassil Oraza bilan bahs olib bordi. To‘qnashuv juda shiddatli tarzda kechdi va unda kuchli harakter ko‘rsata olgan Abdumajidov 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalni naqd qildi!
-75 kg da Marufjon Toshpulatov va qozog‘istonlik Torexan Kanatbay o‘rtasidagi jang o‘z nihoyasiga yetdi. To‘liq uch raund davom etgan bahsda vakilimiz raqibdan har jabhada ustun ekanini ko‘rsatib, yakunda 5:0 hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalga yo‘l oldi!
Va nihoyat -80 kg da Samandarbek Umarov va Eron vakili Mehrshad Sherafatmand qarama-qarshiligi ham yakunlandi. 1 raundda Umarov, 2 raundda Sherafatmand 3:2 hisobida ustunlik ko‘rsatdi. Hal qiluvchi raund esa hamyurtimiz raqibni nokdaun holatiga tushira oldi va shu tariqa 3:2 hisobida zafar quchib, yarim final yo‘llanmasiga ega chiqdi!
Bu haqida O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.

Fikrlar