Osiyo chempionati orqali mundialga chiqish imkonimiz katta, chunki...

  • 12 iyun, 2020, 22:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Uch oylik tanaffusdan so‘ng yurtimizga ham yozning dastlabki kunlarida futbol “harorati” kirib keldi. Natijada Superligamiz boshlanish arafasida, milliy terma jamoamizning esa jahon chempionati saralash bahslari doirasidagi o‘yinlari taqvimi tasdiqlandi.

Tecno

Yoshlar hamda o‘smirlar terma jamoalarimiz ham mashg‘ulotlarini boshlab yubordi. Ko‘rib turganingizdek, futbol mutaxassislari o‘z ishlariga sho‘ng‘ib ketdi. Mamlakatimizda futbolning barcha bo‘g‘inlari ishga tushirildimi?

Ayollar futbolidagi ishlarimiz qanday? Qachon terma jamoa ham yig‘in boshlaydi? Bu borada savollar bisyor. O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish uchun jiddiy harakatlar olib borilayotgan ekan, demak ayollar futboli ham bundan mustasno emas.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi hamda “Sevinch” klubida katta murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan Bahrom Norsafarov Sports.uz saytiga terma jamoa yig‘ini, Osiyo chempionatiga tayyorgarlik, jahon chempionatiga chiqish orzusi haqida o‘z munosabatini bildirdi.

“O‘zbekiston 2022 yilgi Osiyo chempionati mezbonligi uchun ariza bergandi”

-  Mana, ayollar futbolida mashg‘ulotlarni o‘tkazishimizga endigina ruxsat berishdi. “Sevinch” bilan shug‘ullanayotganimizga uch kun bo‘ldi. Chempionatimiz esa iyul oyidan boshlanadi. Bunga qadar jamoalar asosan onlayn rejim asosida mashg‘ulotlar o‘tkazishgandi. Lekin, baribir bu unchalik effekt bermaydi.

Masalan, “Sevinch”dagi qizlarimizning jismoniy holatini ko‘zdan kechirdik va bu borada boshqa murabbiylar bilan ham gaplashdim. Aytishim kerakki, futbolchi qizlarimizning jismoniy holati har xil. Bizga tayyorgarlik uchun ikki hafta vaqt berishdi. Keyin esa O‘zbekiston Kubogida musoqabaga kirishamiz. Qachonki, chempionatimizga start berilganidan so‘ng milliy terma jamoamiz uchun yangi nomzodlarni ko‘rishni boshlaymiz. Iyul, avgust, sentyabr, oktyabr oylarida chempionatimiz taqvimi juda tig‘iz. Ularning orasida terma jamoamiz uchun bo‘sh kunlarni tanlab yig‘in tashkil etishimiz oson kechmaydi. Ammo biz har qanday vaziyatda ham oktyabrning oxiri yoki noyabrning boshlarida terma jamoamizga hech bo‘lmaganda 10 kunlik yig‘in o‘tkazish uchun bo‘sh vaqtlarni topmoqchimiz. Ungacha futbolchilarimiz ham sport formalariga kirib olishadi.

Biz o‘sha yig‘inda asosan yangi nomzodlarni ko‘zdan kechirmoqchimiz. Terma jamoamizda doimiy o‘ynab kelayotgan o‘yinchilarimizni esa shundoq ham yaxshi bilamiz. Shu sababli biz faqat yangi nomzodlarga e’tibor qaratamiz. Chempionatimiz noyabr oyining oxirlarida tugaydi. Dekabrda esa ikkinchi yig‘inimizni o‘tkazmoqchimiz. Unda saralangan tarkib qatnashadi. Kelasi yilning mart oyida Osiyo chempionati uchun saralash bahslari boshlanadi. Bizda esa buning uchun yanvar hamda fevralda ikki oylik vaqtimiz qoladi.

Aslida esa O‘zbekiston 2022 yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionati mezbonligi uchun ariza topshirgandi. Biroq OFK ushbu musobaqa mezbonligini Hindistonga berdi deyishdi. Ammo Osiyo chempionati bizda o‘tadigan bo‘lsa, u holda saralash bahslarida konkursdan tashqari ishtirok etamiz. Har qanday holatda ham yanvar oyidan butun tarkib bilan saralash bahslariga tayyorgarlikni olib boramiz. Qolaversa, yanvar va fevral oylarida biror-bir halqaro turnirda ham qatnashish rejasini tuzib qo‘yganmiz.

norsafarov

“Futbolsiz uch oy – saviyani tushirdi”

-  Futbolsiz tanaffus uch oyga cho‘zilib ketdi. Ayollar futbolida shundayki, qizlar bunday paytda juda tez sport formasidan chiqib qolishadi. Shuning uchun deyarli hammasini noldan boshlayapmiz. Ularning holati qandayligini esa chempionat boshlanganda bilib olamiz. O‘ylaymanki, baribir chempionatimiz biroz pastlaydi. Mana, Superligamiz ham boshlanish arafasida. Ahamiyat bersangiz, u erda ham saviya biroz tushgan. Hattoki, Evropa yoki Koreya kabi chempionatlarni ko‘rsangiz, tanaffusdan keyingi o‘yinlarda pastga sho‘ng‘ish kuzatilmoqda. Ammo uchta-to‘rtta turdan keyin yana hammasi joyiga tushib qoladi deb o‘ylayman.

“O‘zbekistonda ayollar futboli bilan shug‘ullanadiganlar kam”

-  Futbolni yanada kuchaytirish hamda ommalashtirish uchun yangi-yangi qarorlar chiqarilyapti. Endi ayollar futboli qoshida ham zaxira guruhlari ochilyapti. Bizda asosiy tarkib a’zolarining zaxirada o‘rnini bosa oladigan o‘yinchilar kam. Bu esa O‘zbekistonda ayollar futboli bilan shug‘ullanayotganlarning soni kamligidan. Lekin zaxira guruhlari tashkil etilgach, endilikda tanlab olish imkoniyati ko‘paymoqda. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning sentyabr oyida Milandagi tadbirga borgandik, Shavkat Imomov bilan birga. O‘shanda FIFA prezidenti Janni Infantino ayollar futboliga ham xuddi erkaklar futbolidek jiddiy ahamiyat beramiz deb aytgandi. Lekin panmediya sababli hamma narsa to‘xtab qoldi. Lekin futbolimiz rahbarlari tomonidan e’tibor kuchaytirilyapti. Masalan, Ravshan Ermatov bilan ham telefon orqali bemalol muammolarni hal qilsak bo‘ladi.

“Jahon chempionati ishtirokchilar soni ortganidan foydalanishimiz kerak”

-  Bilasizmi, ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida ilgari 24 ta terma jamoa qatnashardi, endi bo‘lsa 32 ta ishtirokchi bo‘lishini Infantino aytgandi. Osiyoga esa oltita o‘rin berildi, oldin to‘rtta kvota edi. Osiyo chempionatida 12 ta jamoa qatnashsa, shundan teng yarmi jahon chempionatiga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu katta “shans”. O‘zbekiston esa Osiyoda kuchli oltilikka kiradi. Jahon reytingida 43-o‘rindamiz. Shu bois Osiyo chempionatida har tomonlama munosib qatnashib, jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz lozim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!