
Oston O‘runov ishonchni yo‘qotdimi?
Rossiya premer-ligasi vakili “Ufa” yozgi transferlar vaqtida katta o‘zgarishlarga qo‘l urdi. Jamoani 12 nafar futbolchi tark etdi va ularning o‘rniga 13 ta o‘yinchi keldi. Eng qizig‘i, klub bu transferga pul sarflamadi. Futbolchilarning bir guruhi erkin agent sifatida keldi, qolganlari ijaraga olindi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, “Ufa” ayni paytda moliyaviy muammolar ichida qolgan va tarkibni kuchaytirish uchun o‘zi istagan futbolchilarni xarid qilish imkoni yo‘q. Klub baquvvat homiy yordamiga muhtojligi haqida xabarlar tarqatilmoqda.
Ikki yil muqaddam Evrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashishi kutilgan jamoa keyingi mavsumlarda premer-ligadagi joyini saqlab qolish uchun harakat qilmoqda.
“Ufa” bosh direktori Shamil Gazizov jurnalistlarga intervyu berib, “Spartak”dan ijaraga olingan Oston O‘runov haqidagi savollarga ham javob berdi.
- Kelgan futbolchilarning mavqeiga qaraganda, “Ufa”ning asosiy transferi Oston O‘runovning qaytishi bo‘ldimi?
- Yo‘q, nega endi? O‘runov hali yulduz darajasiga etgani yo‘q-ku. Oston yosh futbolchi.
- Lekin uni juda ko‘p muhokama qilishyapti.
- U turli ovozalar markazida. Aslida unday emas. Ostonni oldinda juda ko‘p mehnat kutyapti. Bundan tashqari, u maoshining bir necha barobar kamayishiga rozi bo‘lib keldi. Bu bepul ijara. Hayron qoladigan joyi yo‘q. Umuman olganda, bu galgi transferlar juda qiziq bo‘ldi. Kimlardir darrov asosiy tarkibdan joy oldi, boshqalari o‘ynashga tayyorlanyapti. Hali hammasi oldinda.
- “Spartak” bilan O‘runov masalasida qanday kelishdingiz? Yoz o‘rtalarida ularning talabi tufayli kurashdan chiqqan edingiz. Oxir-oqibat O‘runovni bepul ijaraga va 60 foizdan ko‘p uchrashuvlarda qatnashsa, mavsum oxirida 1 million evroga transfer huquqini sotib olishga kelisha oldingiz...
- “Spartak” agar futbolchini sotib oladigan bo‘lsak, to‘lovlar muddati borasida imtiyoz beradigan bo‘ldi.
- O‘runov hali ham to‘g‘ri tarbiyalasa salohiyati rivojlanadigan iste’dodli futbolchimi yoki sizga begona bo‘lmagani va avval “Spartak”ga olib ketganingiz uchun u erda tashlab qo‘yishni istamadingizmi? Hozir ko‘pchilik unga ishonmay qo‘ydi...
- Hozir ko‘p futbolchilarga ishonishmayapti. Biz O‘runovning kelajagi porloq ekaniga aminmiz. Lekin ko‘p mehnat qilishi kerak. U yo‘l qo‘ygan xatolar bor. Ular tuzatilishi kerak va biz ularni bilib oldik. Futbolchining o‘zi ham bundan yaxshigina xabardor. Shubhasiz, O‘runov talantli futbolchi.
Oston O‘runov “Spartak”dan “Ufa”ga o‘tganidan keyin premer-ligada ikkita uchrashuvda maydonga tushdi. “Krilya Sovetov” va “Zenit”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda ishtirok etgan hamyurtimiz hali ham o‘zidan kutilgan kreativ o‘yinni ko‘rsata olmayapti.
“Ufa” premer-ligada oltita uchrashuvdan bittasida g‘alaba qozongan va ikki marta durang o‘ynab, uch bor mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Oston O‘runov jamoasi ettinchi tur bahsini 12 sentyabr kuni safarda “Sochi”ga qarshi o‘tkazadi.
Shomurodov vorislari. Markaziy Osiyodan kimlar Evropada o‘ynashga qodir?
Shomurodov yo‘qolgan qizchaning topilishiga sababchi bo‘ldi!
Abraxamning kelishi “Roma”da kutilmagan muammo chiqardi! Buni Shomurodovga ta’siri bormi?
Fikrlar