Otabek G‘ulomxo‘jaev bir yo ikki yillik jamoa tuzmoqchi emas!

  • 15 may, 2019, 06:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqinda O‘zbekiston U-16 terma jamoasining Osiyo chempionatidagi raqiblari ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston U-18 terma jamoamizning Osiyo chempionati saralash bahslarida kimlarga qarshi ishtirok etishi oydinlashdi. Endi murabbiylar shunga qarab tayyorgarlik va rejalarini ishlab chiqadilar. Lekin shuni ham alohida aytish joizki, ushbu terma jamoalar bungacha ham muayyan reja asosida shug‘ullanib, o‘z yosh toifalarida iqtidorli bolalarni saralab kelmoqdalar.

Bolalar futboli alohida mavzu hisoblanib, uni keng miqyosida rivojlantirish bugungi kunning ustivor vazifalaridan biriga aylangan. Bu borada esa malakali murabbiylarning xizmati ham alohida o‘rin tutadi. Bugungi kunda O‘zbekiston U-18 terma jamoasiga bosh murabbiylik qilayotgan Otabek G‘ulomxo‘jaevga ham katta ishonch bildirilmoqda. Ayni damda Respublikamiz bo‘ylab selektsiya ishlariga ham jiddiy e’tibor qaratgan. Oldinda esa bir qator xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvlari kutib turibdi. G‘ulomxo‘jaev jamoasi Osiyo chempionati saralash bahslarida Saudiya Arabistoni, Hindiston va Afg‘onistonga qarshi o‘ynaydi. Bosh murabbiyning oldida turgan dastlabki vazifa esa ushbu saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tish.

Qur’a xususida

- Raqiblarimiz chakki emas. Osiyoda o‘ziga yarasha hurmati bo‘lgan Saudiya Arabistoni – bular mezbon. Hozirgi kunda Hindistonda ham futbol rivojlanyapti. Buni olimpiya va milliy terma jamoalarining misolida ham ko‘rdik. O‘ylashimcha, ularda to‘g‘ri tizim ishlayapti. Afg‘onistonda esa futbolning darajasi past deb o‘ylamayman. Biz har bir raqibni hurmat qilgan holda ularni o‘rganishni boshlaymiz. Lekin harakterim shundayki, men raqibning o‘yinidan kelib chiqib taktika tanlamayman. Mening o‘z o‘yin uslubim bor. Kerak bo‘lsa, raqib bizni o‘rgansin. Professional jamoani o‘rganishingiz mumkin, ammo o‘yin davomida ular o‘yin uslubini butunlay o‘zgartirib yuborishlari ham mumkin. Bundan ko‘ra, o‘zimizning yaxshi ko‘rgan uslub – to‘pni nazorat qilish va hujumkor o‘yin ko‘rsatish eng yaxshisi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, har bir jamoada individual tomondan yaxshiroq o‘yinchilar bo‘ladi. Shunday futbolchilarni bartaraf qilish uchun baribir himoyada jiddiyroq o‘ynash talab etiladi. Guruhdan faqat 1-o‘rin egalari chiqishadi. Shuningdek, 2-o‘rinni olganlar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lganlarning to‘rttasi ham final bosqichiga yo‘l olishadi.

Saudiya Arabistoni favoritmi?

- Nimaga Saudiyani favorit deb hisoblashim kerak? Aytganimdek, biz hamma raqibga, shu jumladan Hindiston va Afg‘onistonga nisbatan ham hurmat bilan qaraymiz. Bungacha terma jamoalarimizda ishlab ketgan murabbiylarimizni yomonlamoqchi emasman. Lekin biz saralash bahslaridan o‘ta olmaganimizning hisobiga bu safar saralash bahslariga 2-3-savatchalardan chiqib qoldik. Hindiston esa Osiyo chempionatida qatnashib kuchli 16 talikdan joy olgani uchun 1-savatchadan chiqdi. Lekin bu ularni kuchli degani emas. Bizning tanlagan uslubimiz bor. Shunday ekan, tarkibimizning o‘zagini shakllantirib boryapmiz. Shu bilan birga yigitlarimning havolanib ketishlarini ham xohlamayman. Lekin mening jamoamdan ko‘nglim to‘q.

Saralash bahslarining Saudiyada o‘tishi haqida

- O‘zimni u qadar etuk mutaxassis bilmay, boshqa murabbiylarni final bosqichiga chiqa olishmagani uchun kamsitmoqchi emasman. Lekin o‘sha maydonda boshqa jamoalar o‘ynab chiqishdi-ku. Hamma jamoa menimcha, bir xil holatda edi. Raqib bilan esa siz bitta maydonda o‘ynaysiz. Futbolchilarimizga birinchi navbatda ruhiy va taktik tayyorgarlikni o‘rgatishimiz kerak. Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘sha paytga kelib havo issiq va dim bo‘ladi deyishadi. Biroq bunday ob-havo sharoitida hamma jamoa o‘ynaydi. Saudiyaga esa mezbonligi uchun biroz oson bo‘lishi mumkin. Lekin bu ularga ustunlik beradi degani emas. Biz uyda yoki safarda o‘ynaymiz, degan tushunchalarni hozirdanoq o‘yinchilarimizning miyasidan chiqarib tashlayapmiz. Bular – professional futbolchilar. Shuning uchun biz safarda o‘ynaladi, iqlimga moslashish kabi turli masalalarga e’tibor bermayapmiz. Eng muhimi besh oy muddat ichida futbolchilarimizni o‘yinlarga har tomonlama tayyorlay olishimiz lozim. Saralash bahslari 2-10 noyabr kunlarida o‘tkaziladi. Biroq hali taqvim chiqmadi.

Vodiyda «Berlin» U-18 ga qarshi bo‘lajak uchrashuvlar

- To‘g‘risi, «Berlin» U-18 jamoasini bilmayman. Lekin ma’lumotlarga qaraganda yaxshi jamoa kelyapti. Raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar maydonda 2-3 xil taktikalarni ko‘rgim kelyapti. Buni futbolchilarimga ham tayinlayapman. Rahbariyat bilan maslahatlashib bu jamoaga qarshi o‘yinlarni Andijon va Namanganda o‘tkazishga qaror qildik. Ushbu shaharlardagi stadionlarda bo‘ladigan muhit, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi ostida futbolchilarimiz bor imkoniyatlarini ko‘rsata  olishadimi? O‘zini ruhiy tomondan tetikman deb hisoblagan o‘yinchi ham bunday yuqori muhitda oyoqlari qaltirab qolishi ham mumkin. Biz vodiydagi o‘yinlarda aynan ushbu jabhalar bo‘yicha ham futbolchilarimizni sinab olamiz. Mazkur bellashuvlar orqali Osiyo chempionati saralash bahslarida qo‘llaydigan o‘yin uslubimizni asta-sekin amalda joriy etishni boshlashimiz kerak. Raqib kuchli bo‘lsa, yigitlarimiz ko‘rsatmalarimizni qanchalik bajara olisharkin, buni ham amalda ko‘ramiz. Biz o‘yin davomida vaziyatdan kelib chiqqan holda o‘yin uslubimizni qanchalik o‘zgartira olishimizni ko‘rmoqchiman. Bitta taktika bilan o‘ynab, qo‘lidan hech nima kela olmasdan ko‘ra futbolchilarni tezkorlik bilan taktik uslublarni o‘zgartirgan holda o‘ynay olishlariga o‘rgatishimiz kerak.

Navbatdagi raqib Tojikiston

- Keyingi rejamizga ko‘ra iyun oyida Tojikiston bilan o‘rtoqlik uchrashuvini Samarqand va Qarshida o‘tkazmoqchimiz. Iyun oyida Tojikiston bilan Samarqandda va Qarshida o‘ynaganimizdan keyin iyul oyida tog‘li hududda shug‘ullanib, jismoniy holatimizni yaxshilab olamiz. Keyin esa qolgan uch oy davomida safarlarda yig‘inlar o‘tkazmoqchimiz. Aynan raqiblarimizga yaqin bo‘lgan terma jamoalar bilan o‘yinlar o‘tkazmoqchimiz. Masalan, Saudiya Arabistoniga o‘yin uslubi o‘xshash bo‘lgan, BAA yoki Iroq bilan o‘ynaymiz. Shuningdek, Tojikistonni raqib sifatida bejizga tanlamadik. Chunki ularning o‘yini afg‘onlarnikiga o‘xshab ketadi. Asosiysi, tarkibimizning o‘zagi shakllangan. Lekin bu qolgan nomzodlar uchun eshigimiz yopildi degani emas. Shu kunlarda viloyatlardagi futbol akademiyalari ishtirokida «Kelajak sari» degan musobaqa tashkil etilyapti. Biz ushbu musobaqa orqali ham yana yangi iqtidorlarni ko‘ramiz. Bizda birinchi yoki ikkinchi tarkib degan tushuncha yo‘q. Ro‘yxatimizda hammasi bo‘lib 40 nafar o‘yinchi bo‘lsa, hammasi biz uchun asosiy tarkib hisoblanadi. Bizda raqobat kuchli. Hech kimga asosiy tarkibda joy kafolatlanmagan. Albatta, 18 tadan ikkita teng kuchli jamoam bo‘lishini xohlagandim. Lekin hozirgi kunda bu qiyin masala. Shunga qaramay, bizda 10-12 ta futbolchilardan iborat jamoamiz o‘zagi bor. Bu yoshda shunday tushunchalar bo‘ladiki, futbolchining xayolida Otabek aka jamoani oldi, endi men o‘ynayman degan o‘y-xayollar o‘tishi mumkin. Lekin bu xato. O‘z o‘rnida shuni alohida aytmoqchimanki, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saralash o‘yinlarigacha ixtiyorimizdagi har bir futbolchiga imkoniyat beriladi.

Umid Ahmadjonov bilan o‘tgan uchrashuv to‘g‘risida

- Biz yaqinda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashgandik. Ushbu muloqot chog‘ida Umid Muhammadjonovich bizga bugun natija ko‘rsatib, ertaga yo‘qolib ketadigan futbolchilar kerak emas deb aytdi. Shunday o‘yinchilarni etishtirishimiz kerakki, ular yoshlar terma jamoasidan olimpiya jamoasiga va undan milliy terma jamoaga o‘tib o‘ynashlari kerak. Bir kunlik futbolchilar bilan esa hech nimaga erishib bo‘lmaydi. Biz aynan terma jamoalarimiz uchun ham munosib nomzodlarning o‘zagini tayyorlashimiz kerak deya o‘zining tavsiyalarini berdi. Hududlardagi akademiyalarda tahsil olayotgan o‘yinchilarga ham jiddiy e’tibor qaratish lozimligini aytdi va Umid Ahmadjonovdan topshiriqlarni oldik. Shu bilan birga o‘zimizning takliflarimizni ham berdik. Faqat maqsadni bajarib, keyin yo‘q bo‘lib ketadigan jamoa kerak emas, deya alohida ta’kidladi.

Avvalgi muvaffaqiyatsizliklar

- Oldingi terma jamoalarimizda ishlab muvaffaqiyatsizlikka uchragan murabbiylarimiz haqida bir nima deya olmayman. Chunki men u paytda jamoaning ichida bo‘lmaganman va muhit qanday bo‘lganidan bexabarman. Lekin o‘sib kelayotgan o‘yinchining katta futbolga o‘tishida nega uzilish bo‘layotganiga kelsak, menimcha bu mentalitetimiz bilan bog‘liq. O‘yinchilarimizning qo‘liga ertaroq pul tushib qolsa bosar-tutarini bilmay qolishadi. Men o‘sdim deya keyin engilroq hayotga o‘tib olishadi. Futbolchi o‘ziga maksimal marra qo‘yishni bilmaydi. Yoki kimdir sabr qilishni bilmaydi. Masalan, Ikrom Aliboev sabr qildi va kech bo‘lsa ham «ochildi». Mana, hozirda u legioner maqomiga aylangan. Bolani yoshlikdan futbolga bo‘lgan tushuncha va dunyoqarashini yanada rivojlantirishi baribir ko‘p jihatdan o‘sha paytdagi murabbiyiga ham bog‘liq bo‘ladi. Hozirgi paytda maqtashga arziydigan futbolchimiz – Eldor Shomurodov. Agar shunday o‘sishda davom etsa, yanada rivojlanadi. Mabodo, «Rostov» mening eng yuqori marram deb hisoblasa unda u ham xato qiladi. Bolaning katta futbolga kirib kelayotganida albatta dunyoqarashani kengaytirish lozim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Alisher
15/05/2019 07:53
пулни еб қочмаса бўлдди