Otabek Narzullaev: "Bu biz uchun muhim g‘alaba"
“Mash’al” - “Andijon” (1:0) bellashuvidan keyin muborakliklar bosh murabbiyi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Bu o‘yin va undagi g‘alaba biz uchun muhim edi. Futbolchilar xarakter ko‘rsatishdi. Qiyin o‘yin bo‘ldi. Birinchi taym nazoratimiz ostida o‘tdi. Bir nechta vaziyatlardan foydalana olmadik. Ikkinchi taymda yigitlar ruhiy tarafdan hisobni ushlab qolish uchun o‘ynashdi. Bu jihatni yaxshilashimiz kerak. Hammani tabriklayman. Bu biz uchun muhim g‘alabalardan biri edi. Chunki jamoa 5-6 ta mag‘lubiyatdan keyin ruhan tushkunlikda edi. G‘alaba o‘yinchilarni o‘ziga ishonchini ancha oshirdi.
- Ilk rasmiy g‘alabangiz bo‘ldi. Raqib kuchsiz emasdi. Shunga qaramasdan g‘alaba uchun taktika qo‘llay oldingiz. Asosiy xatolar nimada?
- Gol urganimizdan keyin yigitlar yutdik deb o‘ylashyapti. Futbol 90 daqiqa o‘ynaladi. “Andijon” yaxshi jamoa. Raqibni har tomonlama tahlil qilib chiqqandik. Kuchli jamoa. Ularga qarshi hujumkor o‘ynamasak bo‘lmasdi. “Paxtakor”, “Dinamo” klublari bilan bahslarda qarshi hujumlarda o‘ynagan bo‘lsak, bugungi uchrashuvda hujumkor taktika qo‘lladik. Xudoga shukr, futbolchilar ko‘rsatmani to‘liq bajarishdi. Ha, xatolarimiz bor. Buni ustida ishlaymiz va keyingi o‘yinlarda bundan ham yaxshiroq o‘ynashga harakat qilamiz.



Fikrlar