Oybek Kasimov ANOC Bosh Assambleyasida ishtirok etmoqda

  • 1 noyabr, 2024, 13:09
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Olimpizm
CHERY AUTO

Ayni kunlarda Portugaliyaning Kashkaysh shahrida Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi (ANOC)ning navbatdagi Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbirda O‘zbekiston nomidan MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev ishtirok etishyapti.

Tecno

Bosh Assambleyaning birinchi kunida Olimpiya olamida so‘nggi ikki yilda ro‘y bergan muhim voqeliklar, Olimpiya birdamligi dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Unda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Tomas Bax so‘z olib, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, Dakar-2026 o‘smirlar yozgi Olimpiya, Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya hamda Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha tashkiliy qo‘mitalarning hisoboti tinglandi.

Oybek Omilovich tadbir doirasida Tomas Bax, shuningdek, Iordaniya shahzodasi Faysal Al Husayn, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi Prezidenti David Laparten, Xalqaro gimnastika federatsiyasi Prezidenti Morinari Vatanabe kabi XOQ Prezidentiligiga o‘z nomzodini qo‘ygan mutasaddilar bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichlari haqida suhbatlashdi. Qolaversa, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi MOQ rahbariyati bilan mintaqada soha taraqqiyotiga oid qator masalalar yuzasidan fikr almashildi. Samimiy ruhda o‘tgan suhbatlarda O.Kasimov mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida Olimpizm rivojini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar, Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi.

Tadbir doirasida ANOC o‘z talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshilarini e’lon qildi va turli yo‘nalishlarda munosib deb topilgan sportchilar taqdirlanishdi. Bosh Assambleya bugun o‘z ishini yakunlaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!