"O‘yinchimizda tajriba bo‘lganida bunday harakat qilmasdi" - Tachmurod Agamurodov futbolchilarining chetlatilayotgani va mag‘lubiyat haqida

  • 23 may, 2023, 00:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qizilqum” jamoasi bu safar ham mag‘lubiyatga uchradi. Farg‘onada “Andijon”ga qarshi o‘yinda navoiyliklar o‘z darvozasidan ikkita gol o‘tkazib yubordilar.

Tecno

Yaqinda bosh murabbiy etib tayinlangan Tachmurod Agamurodovga ham oson emas. U qiyin vaziyatdagi jamoani qabul qilib oldi va ijobiy tomonga o‘zgartirish qiyin kechmoqda.

“Andijon”ga qarshi bellashuvdan so‘ng Agamurodov mag‘lubiyat sabablari haqida gapirdi.

- Tachmurod Shamakovich, uchrashuv haqida fikringizni bilmoqchimiz.

- Jamoamiz hozir qiyin holatdaligini yaxshi bilamiz. Uchrashuvdan oldin qaerdadir havotirlar bor edi. Shular ham sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Umuman olganda, jamoamizdagi yigitlar yomon o‘yin ko‘rsatishmadi. Himoyada ham, hujumda ham yaxshi o‘ynashdi, deb o‘ylayman. Futbolchilar qo‘llaridan kelganicha harakat qildilar. Bitta xato tufayli standart vaziyat bo‘ldi va bu bizni qiyin holatga solib qo‘ydi. Ikkinchi golda ham futbolchimiz qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va darvozamizdan gol o‘tkazib yubordik. “Andijon” jamoasini yaxshi o‘rganib chiqqandik. Raqibni standart va autlardan yaxshi foydalanishini va gollar ura olishi mumkinligini bilgandik. Biz shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgandik. Afsuski, baribir “Andijon” mana shunday vaziyatlardan unumli foydalanib ketdi. “Andijon” qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi. Yaxshi o‘ynadi va g‘alaba qozondi. Penalti bo‘lgan vaziyatda bizning o‘yinchimiz jarima maydoni ichida bunday harakat qilmasligi kerak edi. Biz ham yomon o‘ynamadik. Qayd etilgan hisob uchrashuvga mos bo‘ldi, deb o‘ylamayman. Yigitlarimiz yaxshi harakat qilib, gol ham urishgandi. Lekin bu ofsayd deb topildi.

Agamurodov2

- Ikkinchi bo‘limda Oybek Nurmatov zaxiradan maydonga tushgandi va tez orada uni yana almashtirdingiz. Nima uchun?

- Oybek Nurmatovni chap tomonda yaxshi o‘ynay olishi uchun maydonga tushirgandik. Darvozamizdan to‘p o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng menga bosh bilan yaxshi o‘ynay oladigan futbolchi kerak edi. Shu sababli uni almashtirdim. Qolgan futbolchilarni ham almashtirsam bo‘lardi. Lekin qolganlar yaxshi o‘ynayotgandi. Yuqorida aytganimdek, bosh bilan yaxshiroq o‘ynay oladigan o‘yinchi zarur bo‘lgani sababli Nurmatovni almashtirdim va boshqalarga tegmaslikka harakat qildim. Men uni yomon o‘ynayotgani uchun zaxiraga olganim yo‘q.

- Adashmasam, har bir o‘yinda “Qizilqum” futbolchilari qizil kartochka tufayli maydondan chetlatilyapti. Nima bo‘lyapti, o‘zi? Jamoada tartib-intizom masalasi oqsayaptimi?

- Ha, tushunib turibman. O‘yinlarda futbolchilarga mahorat etishmayapti. Tez-tez qoida buzarliklar bo‘lyapti. Chetlatishlarning asosiy sababi tajriba kamligidan bo‘lyapti. Bu yil jarimalarimiz ko‘payib ketyapti. Futbolchilar hattoki bir-biriga tegib ketishidan ham cho‘chiyaptilar. Mashg‘ulot jarayonlari va nazariy bilimlarda hakam bilan gap tortishmaslik, raqib bilan qo‘pol muomalada bo‘lmaslik va doim ehtiyot bo‘lishi zarurligi haqida gapiryapmiz. Baribir yakunda sariq yoki qizil kartochkalar olinyapti. Bugun ham o‘yinchimizda agar tajriba bo‘lganida ana shunday harakat qilmasdi va chetlatilmasdi. Ammo zararimizga penalti belgilandi. Hammaga rahmat, “Andijon”ni g‘alaba bilan tabriklayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!