
O‘yiniga yuqori ball berilgan Shomurodov maydonda eng yaxshisi edi, lekin...
Avvalgi o‘yinda A Seriya etakchisi – “Milan”dek qudratli jamoa darvozasiga ikkita gol urib, bir ochko olgan “Jenoa” navbatdagi turda liga debyutanti “Benevento”ga imkoniyatni boy berishi kutilmagan natija bo‘ldi.
Rolando Maran jamoasi kuchli klublar bilan yaxshi o‘ynab, o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi bo‘lganlarga yutqazmoqda. Ko‘pchilik mutaxassislar va muxlislar keyingi paytda murabbiyning tarkib tanlashdagi va o‘yinchi almashtirishdagi xatolariga e’tibor qarata boshladi.
Eldor Shomurodovning “Benevento” bilan bo‘lgan uchrashuvdagi o‘yinini tahlil qilayotgan xorijlik ekspertlar ham shu fikrda. Bu bahsda Maran hujum markazida Eldorni o‘ynatdi. Destro orqaroqdan va Pyatstsa chap qanotdan hujum uyushtirdi. Bu futbolchilar orasida o‘zbek hujumchisi maydonni keng olib harakat qildi. To‘pni egallash uchun ko‘p kuch sarfladi, yarim himoyada ham ter to‘kishga majbur bo‘ldi. Bu holat “Jenoa”da tarkib borasida muammolar borligi bilan izohlanmoqda. Jamoada hujumchilarni qulay vaziyatga olib chiqadigan va aniq pas bilan ta’minlay oladigan kreativ futbolchilar yo‘q.
Eldorning maydonda eng yaxshi o‘yinchi bo‘lganini quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatib turibdi. Shomurodov 58-daqiqada zaxiraga olingunga qadar “Jenoa” safida eng faoli edi. Whoscored sayti shu pallada unga 6,2 ball qo‘ygan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Eldor “Jenoa” a’zolari orasida kuchli beshlikka kirgan edi.
58 daqiqa davomida o‘zbek legioneri sakkizta aniq pas oshirdi. Hujumchi uchun yaxshi ko‘rsatkich. Ikki marta darvoza tomon xavfli zarba berdi. Destro esa 72 daqiqa davomida birorta zarba bergani yo‘q. Shuningdek, Shomurodovning bir bor raqibni birga bir vaziyatda aldab o‘tgani va bir marta xavfli vaziyat yaratgani ham mutaxassislar tomonidan alohida qayd etildi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, gol o‘tkazib yuborilganidan keyin Rolando Maran Eldor Shomurodovning o‘rniga Goran Pandevni tushirib xatoga yo‘l qo‘ydi. Chunki bahs davomida Eldor raqib darvozasi sari yo‘l topish uchun tinimsiz intilayotgan, faol va yaxshi harakat qilayotgan futbolchi sifatida o‘yindagi keskinlikni ushlab turgandi. Maydonda kurashni davom ettirishga haqli edi.
Shomurodov zaxiraga olinganidan keyin “Jenoa” o‘yinidagi keskinlik pasayib ketdi. Jamoa baribir mag‘lubiyatdan qutila olmadi.
Umuman olganda, “Jenoa” shu kuni himoyada yomon o‘ynadi. Mezbonlarga mavsumdagi to‘rtinchi g‘alabani keltirgan har ikki gol ham, genuyalik himoyachilarning xatosidan so‘ng urildi. “Jenoa” o‘yinini tahlil qilsak, jamoaning eng kuchli chizig‘i hujum ekani yaqqol ko‘rinadi. Janob Maran har uchrashuvda hujumchilar rokirovkasini amalga oshirmasdan, himoyachilarning ishonchli o‘yini, maydon markazida o‘yinni tashkil qiladigan va ushlab turadigan pleymeyker masalasini hal qilishga e’tibor qaratsa yaxshi bo‘lardi.
“Benevento”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, “Jenoa” 19-pog‘onaga qaytdi. Bu natija Maranning kursisini yana qimirlata boshladi.
Genuyaliklar 2020 yildagi so‘nggi uchrashuvini 23 dekabr kuni o‘tkazadi. Shu kuni Rolando Maran shogirdlari safar uchrashuvida “Spetsiya” mehmoni bo‘ladi. “Spetsiya” hozircha 17-o‘rinda bormoqda va jamoa ham mavsum oxiriga qadar A Seriyada jon saqlab qolish uchun kurashadi. Agar Maran o‘z jamoasini shu kabi raqobatchilarga qarshi uchrashuvlarda g‘alabaga ilhomlantira olmasa, quyi liga eshiklari kattaroq ochilib boraveradi. Chunki, “Jenoa” musobaqa jadvalining quyi qismida joylashgan to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilari “Torino”, “Parma”, “Udineze”, “Benevento”ga yutqazdi.
Buyog‘iga, Rolando Maran g‘alaba kalitini topmasa bo‘lmaydi...
Fikrlar