Oz qoldi! APL superklubida yana bir iste’fo kutilyapti

  • 18.01.2026 10:20
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Angliya Premier-ligasining 22-turida “Tottenxem” o‘z maydonida liga autsayderlaridan “Vest Xem”ga 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi.

Kutilmagan mag‘lubiyatdan keyin “shporlar” bosh murabbiyi Tomas Frankning klubdagi kelajagi xavf ostida. Daniyalik murabbiyga bo‘lgan bosim tobora ortib bormoqda va bir necha manbalar  xabariga ko‘ra, u yaqin kunlarda ishdan bo‘shatilishi mumkin.

Frankning o‘zi “Vest Xem”ga qarshi London derbisidagi mag‘lubiyatdan keyin muxlislar tomonidan qarsaklar o‘rniga e’tirozlarga uchraganiga qaramasdan, klub rahbariyati uni qo‘llab-quvvatlashiga ishonadi. Biroq so‘nggi haftalarda rahbariyat kayfiyati o‘zgargani aytilmoqda. Klub murabbiylar shtabida o‘zgarishlar kerakmi-yo‘qmi, degan masalani ko‘rib chiqmoqda.

Agar “Tottenxem” yaqin o‘yinlarda ijobiy natijalar qayd etmasa, Frank ishdan bo‘shatiladi. Klub rahbariyati allaqachon ehtimoliy nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda.

Bo‘lajak murabbiylar ro‘yxatiga “Bornmut”dan Andoni Iraola, “Kristal Pэlas”dan Oliver Glasner kiritilgan. Asosiy nomzod sifatida esa klub bilan ilgari katta muvaffaqiyatlarga erishgan Maurisio Poçettino qaralmoqda. Biroq argentinalik murabbiyning qaytishi faqat 2026 yildgi jahon chempionatidan keyin amalga oshishi mumkin, chunki u hozir AQSh terma jamoasini boshqarmoqda.

Poçettino 2019 yilda besh yillik faoliyatdan so‘ng “Tottenxem”ni tark etgan, bu davrda jamoa Chempionlar ligasi finaliga chiqqan. Keyinchalik u PSJ va “Chelsi”ni boshqardi va hozir AQSh terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi.

Poçettino qo‘l ostida “Tottenxem” 293 ta o‘yin o‘tkazib, shulardan 160 tasida g‘alaba qozongan va 2016 yilda Premier-liga chempionligiga juda yaqin kelgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!