O‘z yurtida ish topolmagan yulduzni ispan klublari chaqirdi
O‘z davrida Angliya futbolining eng yorqin yulduzlaridan bo‘lgan Dele Alli yangi ish qidiryapti. U Angliya Premer-ligasi klublariga o‘z xizmatini taklif qilib, o‘ziga jamoa topa olmadi.
Avval “Tottenxem”, “Everton” va “Komo” klublarida o‘ynagan Dele Alli endi faoliyatini Ispaniyada davom ettirishi mumkin. Yarim himoyachiga La Liganing to‘rt klubi qiziqish bildirmoqda.
Talksport nashrining xabar berishicha, Allini “Oviedo”, “Sevilya”, “Elche” va “Xetafe” kabi o‘rtamiёна jamoalar o‘z safiga qo‘shib olishga tayyor.
29 yoshli futbolchi sentabr oyi boshida Italiya ning “Komo” klubi bilan shartnomasi bekor qilinganidan keyin ishsiz qolgandi. Dele Italiyada atigi sakkiz oy o‘tkazgan va o‘tgan mavsumda Sesk Fabregas rahbarligida bor-yo‘g‘i bir o‘yinda qatnashgan.
Uning 748 kundan keyingi ilk rasmiy o‘yini bor-yo‘g‘i to‘qqiz daqiqa davom etdi: o‘tgan yil mart oyida u to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olgan. 2023 yilning fevralidan beri maydonga tushmagan Dele “Komo”ning “Milan”ga qarshi 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan o‘yinda zahiradan maydonga tushgan va qo‘shimcha vaqtda Angliya terma jamoasidagi sherigi Ruben Loftus-Chikka nisbatan qoidabuzarlik qilib, maydondan chetlatilgandi.
Natijada, “Komo” bosh murabbiyi Fabregas Allini zahira o‘rindig‘ida qoldirdi va uning 18 oylik shartnomasi oxiriga yetmay, o‘tgan yozda bekor qilindi. Endi yarim himoyachi faoliyatini Ispaniyada davom ettirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.
Fikrlar