O‘zbek klassikosi tarixidagi eng esda qolarli uchrashuvlar!
13 sentyabr kuni O‘zbekiston Superligasi 21-turi doirasida "Paxtakor" klubi Toshkentda "Neftchi" jamoasini qabul qiladi. Ushbu oyin oldidan “o‘zbek klassikosi" tarixidagi eng esda qolarli bahslarni eslab o‘tamiz.
"Neftchi" 2:0 "Paxtakor"
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligidan keyin o‘tkazilgan birinchi milliy chempionat o‘yinlarida "Paxtakor" va "Neftchi "jamoalari qo‘sh chempionlikni qo‘lga kiritgan. Bu natijada jamoalarning 34-turdagi o‘yini katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Musobaqa yakunlanishiga 3 ta tur qolganida "Neftchi" jamoasi "sherlar"dan 3 ochkoga ortda borardi. 34-turda ushbu jamoalar Farg‘onada to‘qnash keldi. Ushbu uchrashuv Yuriy Sarkisyan shogirdlarining 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yinda kiritilgan gollarga Ravshan Bozorov va Albert Saraev mualliflik qildi.
"Paxtakor" 5:4 "Neftchi"
1993 yilgi mavsum "Neftchi" jamoasining chempionligi bilan yakunlanadi. Biroq, "Paxtakor" jamoasi turnir yakunlanishiga 6 ta tur qolgan bir paytda bo‘lg‘usi chempionni mag‘lub etish orqali o‘z muxlislarini xursand qiladi.
1993 yilning 3 oktyabr sanasida "Paxtakor" Toshkentda "Neftchi"ni qabul qiladi. Uchrashuv 5:4 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlanadi. "Sherlar"ning gollariga Murod Aliev, No‘mon Hasanov, Shuhrat Maqsudov, Farhod Magometov va Mirjalol Qosimov mualliflik qiladi. Farg‘onaliklarning javob gollari esa Stepan Atoyan (2 ta), Rustam Do‘rmonov va Abdusamad Do‘rmonov hisobiga yoziladi.
"Paxtakor" 0:0 "Neftchi"
1996 yilgi O‘zbekiston kubogi musobaqasining final o‘yini "Paxtakor" va "Neftchi" o‘zaro to‘qnash keldi. "Paxtakor" stadionida o‘tgan o‘yinning asosiy vaqti 0:0 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Ekstra-taymlar ham hisob o‘zgarmadi. Navbat penaltilar seriyasiga etdi. Futbol lotereyasida esa "Neftchi" jamoasi g‘alabaga ega chiqdi.
"Neftchi"dan penaltilarni amalga oshirgan Sergey Ni, Rahmatullo Fuzaylov, Akmal Xolmatov, Shuhrat Shamsiev va Sergey Andreev zarbada adashmadi. "Paxtakor"dan esa Azamat Abduraimov, Nikolay Shirshov, Sobir Xodiev va Dilmurod Nazarov penaltidan aniq foydalangan bo‘lsa-da, so‘nggi zarbani yo‘llagan Andrey Akopyans gol kirita olmadi. Shu tariqa, "Neftchi" jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta O‘zbekiston kubogiga ega chiqdi.
"Neftchi" 4:0 "Paxtakor"
2002 yilgi mavsum to‘liqligicha "Paxtakor"ga ataldi deyish mumkin. Jamoa O‘zbekiston chempionligi va kubogiga ega chiqdi. Ayniqsa, kubok finalida azaliy raqibi "Neftchi" ustidan g‘alaba qozondi. Biroq "Neftchi" ham ushbu mavsum o‘z maydonida muxlislariga "Paxtakor" ustidan qozonilgan eng yirik g‘alabasini taqdim eta oldi.
2002 yilning 5 dekabr sanasida jamoada to‘qnash keldi. O‘zbekiston Oliy ligasining 27-turidan o‘rin olgan ushbu bahs Yuriy Sarkisyan shogirdlarining 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvda kiritilgan gollarga Anvar Berdiev (2 ta), Muxtor Qurbonov va Rustam Do‘rmonov mualliflik qildi.
"Paxtakor" 6:0 "Neftchi"
2017 yilning yozida "Paxtakor" jamoasida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jamoa o‘z tarkibini Oliy liga yulduzlari va mahoratli legioner futbolchilar bilan yanada kuchaytirib oldi.
2017 yilning 12 avgust sanasida "Paxtakor" o‘z maydonida "Neftchi" klubi qabul qiladi. Ta’kidlash kerakki, o‘sha kezlari Vadim Abramov shogirdlarining umuman ishlari yurishmayotgan, jamoa turnir jadvalida 15-pog‘onani egallab turgan vaqtlar edi. Natija ham klublarning o‘sha vaqtdagi holatiga mos bo‘ldi.
Uchrashuvda "Paxtakor" 6:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda kiritilgan gollarga Tiago Bezerra (2 ta), Azim Ahmedov, Igor Sergeev va Vladimir Kozak mualliflik qildi. Bu Paxtakorning o‘z tarixida "Neftchi" ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu o‘yinda Igor Sergeev tomonidan kiritilgan gol "Paxtakor" klubining Superligadagi 1700-goli sifatida tarixda qoldi.
"Neftchi" 0:4 "Paxtakor"
2025 yil boshida o‘z tarkibini yaxshigina kuchaytirib olgan "Neftchi" jamoasi ushbu yildagi birinchi "o‘zbek klassiko"si oldidan mazkur bahs fovaridi deb e’tirof etilgandi. Sababi, bu vaqtda kelib "Paxtakor" klubi 5 ta o‘yinning 4 tasida mag‘lub bo‘lgan va mavsumni juda yomon start bilan boshlagan edi. Ammo 19 aprelda bo‘lib o‘tgan bahsda umuman boshqacha muhit hukm surdi.
Pedro Moreyra boshchiligidagi jamoa Farg‘onadan 0:4 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi. Uchrashuvda kiritilgan gollar "Neftchi" klubining sobiq futbolchisi Umar Adhamzoda (2 ta), shuningdek, Igor Sergeev va Brayan Riaskoslarning hisobiga yozildi.
Bugungi bahs "Jar" stadionida 19:00da start oladi.



Fikrlar