O‘zbekiston avtomotosport sohasida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda
2023 yil oktyabr oyida Malayziyadagi Sepang avtopoyga majmuasida tarixda ilk bor o‘tkazilgan Osiyo avtomotosport chempionati — FIA Asia Pacific Motorsport Championship bo‘lib o‘tdi. Musobaqalarda Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga mansub 23 davlatdan 171 nafar sportchi ishtirok etib, beshta yo‘nalishda bellashdilar: Karting Cup, Karting Slalom Cup, Auto Gymkhana Cup, Rally Cup va Esports Cup.
O‘zbekiston terma jamoasi, O‘zbekiston Milliy Avtomobil va Mototsikl Sporti Federatsiyasi (NAFKU) tomonidan shakllantirilib, chempionatning beshta yo‘nalishidan to‘rttasida ishtirok etdi. Karting Slalom Cup yo‘nalishida Yasmina Egamberdieva kumush medalni qo‘lga kiritib, ushbu yo‘nalishda Osiyo chempionatida sovrinli o‘rin egallagan ilk o‘zbekistonlik ayol sportchiga aylandi.
Jamoaviy hisobda O‘zbekiston 18 davlat orasida 12-o‘rinni egalladi.
Asia Pacific Motorsport Championship 2023 O‘zbekistonda avtomotosport rivojlanishida muhim bosqich bo‘ldi. Sportchilarimiz yuqori tayyorgarlik darajasini va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etdilar. Joriy yilda terma jamoamiz yangilangan tarkib bilan yana xalqaro maydonga chiqishga hozirlik ko‘rmoqda.
Yangi musobaqalarga tayyorgarlik qizg‘in sur’atda davom etmoqda. Sportchilar milliy chempionatlar doirasida yuqori raqobatbardoshlikni namoyish etishmoqda — har bir bosqichda etakchilar podiumda almashib turibdi.
O‘zbekiston avtomotosport sohasida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda. Oldinda bizni yangi startlar, yangi g‘alabalar va yangi muvaffaqiyatlar kutmoqda.
Fikrlar