O‘zbekiston futbolidagi eng yorqin g‘alabalar

  • 18 dekabr, 2020, 16:18
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbolimizning bugungi kundagi ahvolidan qat’i nazar, tarixda muxlislar qalbidan joy olgan yorqin g‘alabala ham ko‘p bo‘lgan. Bugun O‘zbekistonning turli terma jamoalari xalqaro maydonga qo‘lga kiritgan 10 ta eng muhim g‘alabani esga olamiz.

O‘zbekiston U 23 - Vetnam U 23 2:1

Kuchli o‘nlikni olimpiyachilarimiz ochib beradi. Aslida, bugungi mavzuga ularni aralashtirmasak ham bo‘lar edi. Biroq futbolimizdagi eng yorqin g‘alabani o‘tkazib yuborishni istamadik. Xitoy, 2019 yilning boshi. Muxlislarimiz u qadar ishonch bildirmagan Ravshan Haydarov shogirdlari musobaqani mag‘lubiyat bilan boshlagan edi. Keyin esa, yigitlar g‘alabaning totli ta’mini his qilishdi va turnir oxiriga qadar o‘z uchrashuvlarida raqiblarga imkoniyat qoldirmadi. Guruhdan chiqqach, birinchi bo‘lib Yaponiya, keyin Janubiy Koreya dog‘da qoldirildi. Finalda esa ularni 120 daqiqalik jang kutib turgan edi. Ob-havoning injiqliklariga qaramay, U 23 jamoamiz maydonda birinchi raqamli bo‘lib to‘p surgan edi. Qo‘shimcha bo‘limlarga qo‘shib berilgan daqiqalarda Sidorovning kiritgan goli esa, O‘zbekistonda katta bayramni boshlab yuborgan edi. O‘sha bahs haqida xotirlagan barcha muxlislarning yuzlarida tabassum paydo bo‘lishi aniq.

MY3mZo15170525993490_l

Qatar - O‘zbekiston 0:2

Endi biroz ortga qaytamiz. 2011 yilgi qit’a birinchiligi. Abramov boshchiligidagi terma jamoamiz Qatar yashil maydonlarida o‘tgan Osiyo chempionatidagi debyut uchrashuvini o‘tkazmoqda. Turnirga qadar o‘rtoqlik uchrashuvlarida deyarli barchaga mag‘lub bo‘lgan termamizdan muxlislar nima kutishga ham hayron edi. Boz ustiga, Vadim Karlenovichning matbuot anjumanlarida katta gapirishi ko‘pchilikda tushunarsiz hislar uyg‘otgan edi.

Barchasi jamoamizning musobaqadagi ilk o‘yinida amalda ko‘rindi. Vadim Abramov shogirdlari o‘sha yillar urfda bo‘lgan to‘p bilan ko‘proq munosabatda bo‘luvchi shiddatli futbolning o‘zbekcha analogini maydonda ko‘rsatib berdilar. Oldiga katta maqsadlar qo‘ygan Qatar esa, Abramovning «o‘zgacha» O‘zbekiston terma jamoasi oldida hech narsa qila olmaydi. Odil Ahmedovning kiritgan goli butun Osiyoni «titratib» yubordi. Jeparovning ikkinchi goli esa, o‘yinga mantiqiy nuqtani qo‘yadi. Hamyurtlarimiz Qatar mezbonlik qilgan musobaqada shu qadar yorqin debyut qilishadiki, hatto ularni bir nechta xorij nashrlari musobaqa g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlardan biri, deb e’lon qiladi.

120875_gallery

O‘zbekiston - Iordaniya 2:1

Futbolimizdagi yana bir tarixiy voqeaga to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. Qatardagi qit’a birinchiligida jamoamiz guruhdan chiqqach, biz uchun noqulay bo‘lgan Iordaniyaga qarshi bahs olib borgan edi. Tezkor, jismonan kuchli va pressinga katta urg‘u beruvchi Iordaniyani engish uchun Abramov o‘zgacha ayyorlik ishlatishga qaror qildi. Murabbiy guruhdagi 3 ta o‘yinda maydonga tushirmagan Ulug‘bek Baqoevni asosiy tarkibda jangga tashladi va bu qaror yakunda 100 foiz o‘zini oqladi. Ulug‘bek tomonidan ikkinchi bo‘lim boshida kiritilgan ikkita gol «oq bo‘rilar»ni yarim finalga yaqinlashtirdi. Keyinroq, raqiblarimiz bitta gol kiritgan bo‘lsada, terma jamoamiz hisobni ushlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Hakamning final hushtagi chalinganida, biz o‘z tariximizda ilk bor Osiyo chempionatining yarim finalida to‘p surish imkoniyatini qo‘lga kiritgan edik. Bu natija hali-hamon futbolimiz tarixidagi eng yaxshisi bo‘lib turibdi.

gettyimages-1079505444-1024x1024

O‘zbekiston - Quvayt 3:2

Endi sizlarni bir fursatga 2005 yillarga o‘zimiz bilan olib ketamiz. 2006 yilda Germaniyada bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan JChning so‘nggi saralash bosqichining 6-turida O‘zbekiston va Quvayt termalari 3-o‘rin uchun kurash olib borgan edi. O‘sha uchrashuv oldidan, raqiblarimizni durang natija ham qanoatlantirar, biz esa faqat g‘alaba qozonishimiz lozim edi. Aslida, bu uchrashuvdagi raqibimiz u qadar yorqin bo‘lmasligi mumkin, ammo o‘yinning stsenariysi uni qayta va qayta yodga olishga majbur qiladi. Birinchi bo‘limning o‘zida mehmonlar ikkita gol kiritadi. O‘yinni stadionda kuzatayotganlarning aksariyati ikkinchi goldan so‘ng stadionni tark etgan edi. Bob Xougton shogirdlari esa o‘zlarida kuch topishdi. Avvaliga Geynrix penalti ishlaydi. Jeparovning aniq zarbasi taymni bitta to‘p farqi bilan yakunlashga imkon yaratadi. Ikkinchi bo‘limda avvaliga Shatskix tablodagi natijani 2:2 ga aylantiradi. Keyin maydonda jang boshlanadi. Zaxiradan maydonga tushgan Anvar Soliev 3-golni kiritganida, Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadioni chinakamiga portlaydi. Yakunda terma jamoamiz o‘z guruhida Janubiy Koreya va Saudiya Arabistonidan keyin 3-o‘rinni egallaydi. Bu g‘alaba esa «oq bo‘rilar»ning eng irodali uchrashuvi sifatida tarixda abadiy qoladi.

gettyimages-53399014-594x594

Yaponiya - O‘zbekiston 0:1

2012 yilda o‘zbek futboli oldinga katta qadam tashladi desak, adashmagan bo‘lamiz. Sababi, futbolchilarimiz o‘z tarixida ilk bor Yaponiyani mag‘lub etgandi. E’tiborlisi shundaki, bu g‘alaba mehmonda qo‘lga kiritildi. Bundan ham quvonarlisi shundaki, o‘sha bahsda terma jamoamiz o‘zining asosiy futbolchilarisiz ishtirok etdi. Abramovning hujumkor jamoasi Yaponiyada juda ishonchli o‘yin namoyish etgani hozir ko‘pchilikning xotirasidan ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin. O‘yinda yagona bo‘lib qolgan golni kiritgan Aleksandr Shadrin esa endi oramizda yo‘q. Bu g‘alaba O‘zbekiston Osiyoning eng kuchli 4 ta jamoasidan biri bo‘lishi mumkinligini butun qit’aga ko‘rsatib qo‘ygan edi.

8G6Xr

O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni 3:1

2015 yilda Avstraliya Osiyo chempioni bo‘lish maqsadida musobaqani o‘z maydonlarida tashkil etadi. Bu turnirga terma jamoamiz Mirjalol Qosimov boshchiligida tashrif buyuradi. Tarkibda avlodlar almashinuvi sababli bir nechta taniqli bo‘lmagan futbolchilar mavjud bo‘lishiga qaramay, termamiz oldiga qo‘yilgan eng kichik vazifani uddalaydi. Guruh bahslarida Xitoydan uchralgan mag‘lubiyat sababli pley-offga chiqishimiz 3-turda Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda hal etilishi lozim edi. Qosimov jamoasini faqat va faqat g‘alaba qanoatlantirar, raqiblarimizni esa istalgan natijadagi durang ham keyingi bosqichiga olib chiqar edi. Uchrashuvni Sardor Rashidovning tezkor goli bilan boshlagan bo‘lsak-da, «sahro lochinlari» ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtiradi. Keyin Qosimov maydonga Shodievni tashlaydi va u hisobda jamoamizni oldinga olib chiqadi. So‘nggi daqiqalarda Saudiya Arabistoni futbolchilari oldinga tashlanganida Rashidov va Hasanov tandemi o‘yinga nuqta qo‘ygan golni kiritadi va jamoamiz keyingi bosqichga yo‘l oladi. Bu uchrashuv nafaqat chiroyli o‘yin, balki butun dunyoga Sardor Rashidov singari iqtidorli futbolchilarimiz bor ekanligini ham ko‘rsatib qo‘ygani bilan qadrli.

828702_gallery

O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni 3:0

2010 yilda bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan musobaqaga saralash bosqichida Rauf Inileev boshchiligidagi terma jamoamiz Toshkentda Saudiya Arabistonini qabul qiladi. O‘sha paytlarda, Saudiya Arabistoni qit’amizdagi eng kuchli terma jamoalardan biri edi. Ular Sharqiy Osiyo vakillarini ham ortiqcha qiyinchiliksiz mag‘lub etar, JChda muntazam ishtirok etar edi. Rauf Inileev boshchiligidagi termamiz esa, endigina rivojlanayotgan va katta maqsadlarni oldiga qo‘ygan jamoa sifatida sal pastroq darajada edi. O‘sha bahsda terma jamoamiz futbolchilari har jabhada raqiblarini tor-mor keltiradi. Ikkinchi qavatdagi kurashlar, standart vaziyatlardan naf chiqarish, tezkorlik va texnik ustunlik evaziga biz Osiyo grandlaridan birini yirik 3:0 hisobi bilan mag‘lub etgan edik. O‘sha bahsda gollarni Kapadze, Shatskix va Jeparov kiritgan edi. Aynan o‘sha bahsdan so‘ng, butun Osiyo yangi grand kurashga qo‘shilayotganini tushinib etgan edi.

l2oa6q8u5wugj3jumwiz

O‘zbekiston - Janubiy Koreya 1:0

O‘zbekiston futboli tarixidagi eng shonli g‘alaba 1994 yildagi muvaffaqiyat desak, adashmagan bo‘lamiz. Osiyo o‘yinlaridagi chempionlik, bugungi kunga qadar futbolimiz erishgan eng katta yutuq bo‘lib turibdi. Keyinchalik, Rustam Akramov boshchiligidagi jamoaning g‘alabasi, og‘izdan og‘izga o‘tib katta bir afsonaga aylanib ketdi. Bu voqea haqida kinofilm ham suratga olindi. O‘sha chempionlik sari tashlangan eng muhim qadam sifatida yarim finaldagi o‘yin ko‘p bor yodga olinadi. Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamyurtlarimiz Azamat Abduraimovning yagona goli o‘yin taqdirini hal etgan edi.

xT2NjmOPUZA01GQow7MDP2FRl5PAxHow

O‘zbekiston - Eron 1:0

2014 yilda Braziliyada bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan musobaqaga juda yaqin kelgan edik. Hatto bir nechta tur mobaynida birinchi o‘rinda ham bordik. Terma jamoamizning imkoniyatlari «Ozodi»da bo‘lib o‘tgan tarixiy g‘alaba sababli keskin ortib ketgan edi. Ulug‘bek Baqoevning standart vaziyatdan kiritgan goli o‘yin oxiriga qadar yagonaligini saqlab qoladi. Eron terma jamoasining 90 daqiqa davomida bosim o‘tkazishi ham hech qanday naf bermaydi. Bu g‘alabadan so‘ng, terma jamoamiz mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritmadi, biroq termamiz o‘z tarixidagi Eron ustidan o‘zining ilk g‘alabasini nishonladi. Afsuski, bu g‘alaba ham shonli tariximizda yagonaligicha saqlanib qolmoqda.

nzkceg0lfcyotfeqpbsb

O‘zbekiston - Xitoy 4:2

Finallarda to‘p surish doimo zavqli, ammo unda g‘alaba qozonish tarixdan o‘rin egallash uchun imkoniyat. O‘zbekiston terma jamoasi ham ana shunday zavqli va tarixiy finalda ishtirok etgan. Bu voqeadan 26 yil o‘tgan bo‘lsa-da, uning tafsilotlari muxlislar tomonidan muhokama qilinadi. Terma jamoamizning ikkitagina libosda borib, Osiyoning barcha jamoalarini dog‘da qoldirgani bugungi avlod muxlislari uchun ishonib bo‘lmas voqeadek tuyulishi mumkin. Yaxshiyamki, tarix bor. U doimo g‘oliblarni yodda saqlaydi. Bizning futbolda ham o‘ziga hos g‘alaba mavjud. chorak asr o‘tgan bo‘lsada, biz bu voqeani yodga olishdan charchamaymiz. Har safar yodga olganda, chempionlikning shirin ta’mini his etgandek bo‘lamiz. Shu bois, bugungi ro‘yxatimizni aynan shu uchrashuvni yodga olish bilan yakunlaymiz. Xirosimada bo‘lib o‘tgan finaldan so‘ng, vatanimizdagi barchaning uyida bayram boshlanib ketgan edi. Tan olish lozim, bu o‘yin yorqin bo‘lmasligi mumkin, ammo buyukligi borasida istalgan uchrashuv bilan bellasha oladi.

hqdefault

Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!