O‘zbekiston mezbonlik qiladigan Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi

Sport vazirligida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi.

Bugun Sport vazirligida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezidenti Arkadiy Dvorkovich, Sport vaziri Adkham Ikramov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullaev, Shaxmat federatsiyasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirokida  46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentininig 2023 yil 8 maydagi "2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qaroriga muvofiq yurtimizda ushbu nufuzli xalqaro musobaqaga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

O‘tkazilgan uchrashuv davomida yurtimizda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini yuqori darajada o‘tkazish maqsadida amalga oshiriladigan ishlar xususan, bu borada tegishli vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati muhokama qilindi.

Tadbir davomida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezidenti Arkadiy Dvorkovich O‘zbekistonda ushbu nufuzli xalqaro shaxmat musobaqaning o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega ekanligini, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganligini, shuningdek, 8 mart - "Xalqaro xotin qizlar kuni" oldidan  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Qaroriga muvofiq shaxmat bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Afro‘za Xamdamovaning  Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanishi yosh shaxmatchilarni yangi g‘alabalar sari ruhlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!