O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida futbol bo‘yicha terma jamoalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

  • 2 sentabr, 2019, 14:24
  • 1
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Milliy jamoamiz Jahon chempionati-2022 saralashining ikkinchi bosqichi doirasidagi o‘yinlarini o‘tkazadi. Olimpiyachilarimiz esa Tokio-2020 yo‘llanmasini taqdim etuvchi qit’a birinchiligiga hozirlik olib bormoqda.

39208411be375032092e5c2485c27b4824f2857b

Hozirda har ikki terma jamoa ham poytaxtimizda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazmoqda. O‘yinlar oldidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati ikkala terma jamoa futbolchilari va murabbiylar shtabi bilan uchrashuv o‘tkazdi.  Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Unda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti – Abdusalom Azizov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi – Abdujabbor Abduvohidov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri – Dilmurod Nabiev, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti – Rustam Shoabdurahmonov hamda O‘FA Birinchi vitse-prezidenti – Ravshan Ermatov ishtirok etishdi.

Milliy va olimpiya terma jamoa a’zolari bilan ochiq va samimiy suhbat tarzida kechgan uchrashuvda Rustam Shoabdurahmonov hamda Abdujabbor Abduvohidov har ikki terma jamoamizdan ham muxlislar yuksak natijalar kutayotganini ta’kidlab, terma jamoa vakillaridagi kayfiyat qanday ekani bilan qiziqishdi va bo‘lajak o‘yinlarda omad tilashdi. 

Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov futbolchilarga murojaat qildi:

“Bizni oldinda juda katta va mas’uliyatli o‘yinlar kutib turibdi. O‘zbekiston terma jamoasi hali biror marta Jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlarida qatnashmagan. Har safar bizga nimadir – 1 ochko yoki 1ta gol etmay qoladi. Muxlislar uchun esa bu alamli natija. Ko‘pincha bu narsani omad yuz o‘girishi bilan izohlaymiz. Lekin omadning ortida mehnat va harakat yotadi. Omad mehnat qilgan odam bilan hamisha yonma-yon yuradi. Shunday ekan bo‘lajak musobaqalarga biz har tomonlama tayyor bo‘lishimiz kerak. O‘tmishdagi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak.

Hozirgi paytda biz uchun ahamiyatsiz narsaning o‘zi yo‘q. Ayniqsa, har bir raqibga qarshi hal qiluvchi o‘yinga chiqqandek jiddiy yondoshishimiz kerak. Biz uchun  har bir o‘yin va har bir gol muhim. So‘nggi daqiqalargacha yuz foiz kuch bilan o‘ynashimiz talab etiladi. Bitta gol urib olib, keyin xotirjamlikka berilish eng katta xatolardan biri bo‘lishi mumkin.

Davlatimiz rahbari menga ushbu mas’uliyatli lavozimni topshirayotganda yurtimizdagi millonlab muxlislar, ayniqsa, yoshlarimiz kayfiyatiga futbolning qanchalik ta’sir qilishi, shuning uchun ham futbolda eng avvalo adolat o‘rnatilishi, qolaversa, ijobiy natijalar qayd etilishi muhim ekanini ta’kidlab o‘tgan edilar.

Biz assotsiatsiyadagi faoliyatimizning dastlabki kunlaridan futbolda halol o‘yin printsiplari ustuvorligini ta’minlashga e’tibor qaratdik. Kelishilgan o‘yinlar kabi illatlarga qarshi kurash boshlangan va bundan keyin ham davom etadi. Shunda muxlislar bizga ishonishadi, chempionatimizga, terma jamoamizga bo‘lgan e’tibor tiklanadi.

Hozirgi kundagi eng muhim vazifa – muxlislarimiz ishonchini oqlash. Moddiy masalalar esa ikkinchi darajali. Agar ijobiy natija qayd etilsa, siz tarixda qolasiz, muxlislarimiz orzulari ushaladi. Ana undan keyin moddiy tomoni ham o‘z-o‘zidan yaxshilanadi, sizni dunyo ko‘radi, transfer masalalariga ham bu yaxshi ta’sir qiladi. Qolaversa, hozirdan sizga aytib o‘tishim mumkinki, sizning har bir yutug‘ingiz munosib tarzda mukofotlanadi.

Sizda qanday muammo bo‘lsa, biz hal qilishga tayyormiz. Bemalol ochiq tarzda barcha muammo va kamchiliklar haqida  aytib o‘tishingiz mumkin. Balki hozir gapira olmayotgandirsiz, ammo hamma vaqt sizning yoningizda terma jamoalar bo‘limi rahbari Aziz Haydarov bor. Uzoq yillar terma jamoa a’zosi bo‘lib o‘ynagan, bu sohani ichidan bilgan insonni bejizga bu lavozimga tayinlaganimiz yo‘q. U siz bilan bizning o‘rtamizda ko‘prik vazifasini bajara olishiga ishonamiz.

Futbolchi uchun eng muhim jihat – bu o‘ziga bo‘lgan ishonch. Men sizlardan aynan shuni kutmoqdaman. Siz hech qaysi bir futbol yulduzidan kam joyingiz yo‘q. O‘zingizga ishoning, ortingizda xalq turganini his eting, maqsad sari oxirigacha intiling. O‘z navbatida biz futbolchilar va murabbiylar shtabiga to‘liq ishonch bildiramiz. Hammamiz birgalikda harakat qilib, albatta o‘z maqsadimizga erishamiz”, - Abdusalom Azizov.

O‘z navbatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ustozi Ektor Kuper ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnun ekanini bildirdi. Bosh jamoamiz ustozi ayni paytda terma jamoamiz ixtiyorida bo‘lgan futbolchilarning harakatlari va jismoniy holatidan ko‘ngli to‘layotganini ta’kidlab, barcha bir maqsad yo‘lida birlashib, ahil jamoa bo‘lib bosh maqsad – mundial yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishi yo‘lida birgalikda mehnat qilishini alohida qayd etdi.

Qolaversa, Olimpiya terma jamoa bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich ham olimpiyachilarimiz qit’a chempionatiga jiddiy hozirlik olib borayotgani, barcha yigitlar oldilaridagi mas’uliyatni to‘la his etib, mashg‘ulotlarda qattiq ter to‘kayotganini aytib o‘tdi. 

Futbolchilar nomidan so‘zga chiqqan ikkala jamoa sardori Odil Ahmedov hamda Islom Qobilov terma jamoa a’zolarining barchasi oldinda turgan muhim uchrashuvlarga har jihatdan tayyor ekanini, muxlislar orziqib kutayotgan maqsad yo‘lida tinmay mehnat qilinishini bildirishdi va bu yo‘lda bor kuch-mahorat ishga solinishiga va’da berishdi. 

43ee54498b1006d8a1b3dc085c6c58cafb9e394a

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Surxon turon
02/09/2019 19:50
Босингислар оғааа