O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga rasman chiqqani yo‘q!

  • 23.09.2021 21:05
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Olimpizm

Qit’a chempionatida 11ta jamoa ikki guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishgan bo‘lsa, o‘z guruhida dastlabki ikkita o‘rinni egallagan termalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundialga yo‘llanma olishdi. O‘z navbatida 5-8-o‘rinlar uchun kurashadigan jamoalar ham Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirishmoqda.

Xabar berganimizdek, shu kunlarda Iordaniya qirolligida gandbol bo‘yicha ayollar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari qizg‘in davom etmoqda. Unda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham ishtirok etyapti. Musobaqaga terma jamoamiz bosh murabbiy Zinaida Penkova rahbarligida jo‘nab ketishgan.
 
Guruh bosqichida vakilalarimiz Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Gonkong hamda Quvayt terma jamoalariga qarshi bahs olib borishdi va guruhda 4-o‘rinni egalladi. Shunga qaramay terma jamoamiz a’zolari Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatini saqlab qolishgan edi. Chunki, shu yilning dekabr oyida Ispaniyada o‘tadigan Jahon chempionatiga Osiyo qit’asidan 6ta o‘rin ajratilgandi. Biroq, so‘nggi pallada Qatar terma jamoasi qit’a chempionatida qatnashmasligini ma’lum qildi. Shu bois Xalqaro gandbol federatsiyasi Osiyo jamoalariga ajratiladigan o‘rinlar taqsimotini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

O‘zbekiston terma jamoasi kuchli oltilikka kirish uchun mezbon Iordaniya terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi va mezbonlar ustidan 34:26 hisobida g‘alaba qozongan holda kuchli oltilikdan joy oldi. Endi gandbolchi ayollarimiz 5-o‘rin uchun Gonkong terma jamoasiga qarshi bahs olib borishadi.

Mazkur jamoalar guruh bosqichida ham o‘zaro to‘qnash kelishgan va unda omad Gonkong terma jamoasiga kulib boqqan edi – 27:30.

Manba: minsport.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!