
O‘zbekiston uchun hal qiluvchi bahs: G‘alabaga tajriba etaklaydimi?
Xabaringiz bor, bugun 21:00 da milliy terma jamoamiz Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi mustaqillik yillarimizdagi eng muhim bahsda maydonga tushadi.
Ko‘ryapmiz, Amirliklar o‘yinni yutish uchun har narsa qilishmoqda. Aeroportdagi holat, doping tekshiruvi, eng kichik stadion va hokazo. Lekin biz bunga chuqur kirmaymiz. Aksincha, shu vaziyatlardan biroz chalg‘igan holda, bahsning taktik unsurlariga bir qur ko‘z yugurtirgan bo‘lamiz.
Nega aynan bilim va tajriba?
Bilim — Abduqodir Husanov.
Tabiiyki, futbolchi dunyoning eng to‘p klubida, eng to‘p murabbiy qo‘lida faoliyat yuritar ekan, futbol bilimi va saviyasi yuqori darajada va yanada yuqorilab boradi. Balki, terma jamoamizdagi eng futbol ilmi balandi Husanov bo‘lsa ajabmas. Ammo har qancha maqtasak ham u endigina 21 yosh, xolos.
Bizga eng muhim bahsda himoyadagi etakchilik masalasida bilim ko‘proq kerakmi yoki tajribami?
Ko‘pchilik tajriba, deb javob berdi to‘g‘rimi?
Tajriba — Islom To‘xtaxo‘jaev.
35 yoshli himoyachimiz ikki o‘yindan birida maydonga tushirilsa, 5 ta jahon chempionati saralashida qatnashgan ilk futbolchiga aylanadi. Milliy jamoadagi eng "nasihatgo‘y" futbolchi. Formasi ham yomonmas. Mavsumda 2 ta gol 3 ta assisti bor. Kerak vaqtda hujumda ham nafi tegishi mumkin. Agar Temur Kapadze uni 23 talik qaydnomaga kiritmasa, faqat mashg‘ulot va o‘yin oldidan futbolchilarga tajribasini ulashish maqsadida olib ketgan bo‘ladi. Xayrulla Hamidov qaysidir sharhda "yurak sezdi, Davron" deya aytganidek, yurak sezyaptiki, Islom o‘yin protokolidan o‘rin olsa, asosiy tarkibda raqibga murabbiy "syurpriz"i sifatida ko‘rilib maydonga chiqadi. Shaxsan men negadir shunaqa o‘ylayapman.
Tarkib qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
Yuqoridagi prognozlardan Husanovning o‘rniga To‘xtaxo‘jaev boshlang‘ich tarkibda o‘ynaydi, deb o‘ylamang. Murabbiy o‘ziga-o‘zi dushman emaski, eng bilimli hamda saviyali futbolchisini zaxirada olib qolgani. Shunchaki, himoyadagi uchlikda markazda Islom, qanotlardan birida Abduqodir harakat qilsa kerak. Ko‘rdikki, himoyaning eng markazida legionerimizda ba’zi noqulayliklar sezildi. "Siti" futbolchisi terma jamoadagi eng yomon o‘yinlarini aynan shu pozitsiyada o‘tkazgani ham buni isbotlaydi. Abduqodir asosan uchtalik himoyaning qanotlarida harakatlangan va shunga moslashgan. Shu sababli, u erda o‘zini qulay his qiladi. Oxirgi himoyachi eng tajribalisi bo‘lishi kerak, degan yozilmagan qoida ham bor. Yana o‘yin vaziyatlarida ko‘rsak, havodagi birga-bir kurashlarga asosan markazdagi himoyachi chiqariladi va qolgan ikki himoyachi uni "straxovka" qiladi. Husanov o‘zining 32/km soat tezligi bilan kurashda engilgan sherigini yopa oladi. Bizda so‘nggi ikki bahsda shunda muammo kuzatildi. Chunki Abduqodir himoyaning eng markazida harakatlandi va long bollarda hujumchi bilan kurashishga majbur bo‘ldi. Bu "legenda"mizning eng kuchli jihati emas. Masalan, APLda 49% havodagi uzatmalarda g‘alaba qozongan. Qo‘shimchasiga, uni ortidan yordam berishda ham muammolar kuzatildi. Buni Eron bilan o‘yindagi 2-golda ham ko‘rishimiz mumkin. Shu boisdan, bu borada sal bo‘lsa ham tajribaliroq himoyachini sinab ko‘rgan maqsadga muvofiq.
Yuqoridagi tahlildan kelib chiqqan holda bugungi tarkibni taxmin qilib ko‘ramiz.
O‘tkir Yusupov
Aliqulov To‘xtaxo‘jaev Husanov
Alijonov Sayfiev
Hamrobekov Shukurov
Fayzullaev Masharipov Shomurodov
Nima bo‘lgan taqdirda ham, maqsadimizga erishsak bas.
Yahyoxon G‘aniev
Fikrlar